Jahon | 09:33 / 11.04.2024
5497
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya kiberjinoyatlar bo‘yicha jahon reytingida yetakchilik qilmoqda

Kiberjinoyatlar reytingida Rossiyadan keyingi o‘rinda Ukraina, Xitoy, AQSh va Nigeriya bormoqda, deya xabar beradi Oksford universiteti so‘nggi uch yil davomida o‘tkazilgan tadqiqotga tayanib.

Foto: Shutterstock

Dunyo bo‘ylab eng katta kiberjinoyat tahdidi kam sonli mamlakatlardan keladi, Rossiya asosiy faol nuqta, undan keyin Ukraina, Xitoy, AQSh va Nigeriya. Bunday xulosalarga Oksford universiteti va Kanberradagi Yangi Janubiy Uels universiteti tadqiqoti mualliflari keldi, uning natijalari 10 aprel, chorshanba kuni chop etildi.

Uch yil davomida o‘tkazilgan tadqiqotda kiberjinoyatlarning eng muhim manbalari baholandi va tarixda birinchi marta Jahon kiberjinoyat indeksi (WCI, World Cybercrime Index) bo‘yicha mamlakatlar reytingi tuzildi. Unda butun dunyo bo‘ylab kiberjinoyatlar bo‘yicha 92 ta yetakchi ekspertlarning baholaridan foydalanilgan. Ulardan kiberjinoyatlarning beshta asosiy turi eng muhim manbalarini aniqlash va kiberhujumlar natijalari hamda hakerlar professionalligi va texnik imkoniyatlariga ko‘ra mamlakatlarni tartiblash so‘ralgan. 

Rossiya - katta farq bilan birinchi o‘rinda 

Natijada birinchi o‘rinni egallagan Rossiya 58,39 ball, Ukraina – 36,44 ball, Xitoy – 27,86 ball, AQSh – 25,01 ball, Nigeriya – 21,28 ballni qo‘lga kiritdi. Global kiberjinoyat o‘choqlari o‘ntaligiga, shuningdek, Ruminiya (14,83 ball), Shimoliy Koreya (10,61 ball), Britaniya (9,01 ball), Braziliya (8,93 ball) va Hindiston (6,13 ball) kirdi. 11-20-o‘rinlarni mos ravishda Eron, Belarus, Gana, JAR, Moldova, Isroil, Polsha, Germaniya, Niderlandiya va Latviya egallagan. Bu barcha mamlakatlarning WCI qiymati 5 ballga yetmaydi. 

Tadqiqot hammuallifi Miranda Bryusning so‘zlariga ko‘ra, olimlar ishi natijalari milliy kiberxavfsizlik agentliklariga o‘z ishlarini hakerlar faoliyati asosiy o‘choqlariga yo‘naltirish imkonini beradi. Bu «kiberjinoyatchilar atrofidagi anonimlik pardasini olib tashlashga turtki yaratadi» va onlayn jinoyatlar xavfi ortib borayotganiga qarshi samaraliroq kurashiladi. «Biz hozirda kiberjinoyat geografiyasini va turli mamlakatlar kiberjinoyatlarning turli turlariga ixtisoslashganini yaxshiroq tushundik», dedi Bryus. 

Tadqiqot natijalarini taqdim etar ekan, olimlar turli milliy xususiyatlarning kiberjinoyatlarga ta’sirini, xususan, ta’lim darajasi, yalpi ichki mahsulot va korrupsiya darajasini o‘rganishga umid qilayotganini ta’kidladi. 

Mavzuga oid