Toshkentda ikki avtobus haydovchisi o‘rtasida o‘zaro janjal yuz berdi
Haydovchilardan biri belgilangan harakat jadvaliga rioya qilmasdan boshqa haydovchining avtobusidan oldin harakatni boshlab yuborgan. Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasidagi janjal tufayli haydovchi boshqa avtobusning kalitini olib ketib qolgan.
Toshkent shahrida 1-avtobus yo‘nalishining ikki haydovchisi o‘rtasida kelishmovchilik sodir bo‘ldi. «Toshshahartransxizmat» holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
2024 yil 12 aprel kuni soat 20:05 larda «5-avtobus saroyi» filiali tasarrufida bo‘lgan «MAN A22» rusumli 1-yo‘nalish bo‘ylab harakatlanadigan avtobus haydovchisi R.O‘. va 1-yo‘nalishda harakatlanuvchi «MAN A22» rusumli avtobus haydovchisi M.F. o‘rtasida mojaro kelib chiqqan.
Xabarda aytilishicha, M.F. belgilangan harakat jadvaliga rioya qilmasdan R.O‘. boshqaruvidagi avtobusdan oldin «BIY» bekatidan «Yugnakiy mavzesi» bekati tomon harakatni oldin boshlab yuborgani sababli Mirzo Ulug‘bek tumani Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasi «Sayohat» bekati qarshisida o‘zaro janjal yuzaga kelgan va haydovchi R.O‘. haydovchi M.F. boshqaruvida bo‘lgan «MAN A22» rusumli avtobusning kalitini olib ketib qolgan.
Mazkur holatdan xabar topgan «5-avtobus saroyi» mutasaddilari tezkorlik bilan yo‘nalishga chiqib, avtobusning kalitini haydovchiga yetkazgan hamda avtobus o‘z yo‘nalishida harakatlanib yo‘lovchilarni belgilangan manzilga olib borgan.
Shundan so‘ng, ushbu ikki avtobus «5-avtobus saroyi» filiali hududiga olib kelingan va haydovchilar bilan bo‘lgan voqea yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilgan. Shuningdek, yo‘nalish davomida avtobusda yo‘lovchilar bo‘lishiga qaramasdan ushbu avtobusning kalitini olib ketib, yo‘lovchilarning kutib qolishiga sabab bo‘lgani va korxona ichki mehnat tartibini buzgani uchun haydovchi R.O‘.ga nisbatan qat’iy intizomiy chora ko‘rilishi ma’lum qilindi.
Mavzuga oid
21:44 / 01.11.2024
Samarqandda avtobus salonini ayollar va erkaklar uchun ajratgan haydovchiga chora ko‘rildi
11:30 / 01.11.2024
Toshkentda yo‘l talashgan haydovchilar o‘zaro janjallashdi
09:55 / 15.10.2024
Avtobus yo‘laklarida boshqa transportlarning harakatlanishi ustidan nazorat kuchaytirildi
12:14 / 11.10.2024