O‘zbekiston | 11:42 / 14.04.2024
23619
3 daqiqa o‘qiladi

«Xalqaro maydonda balans buzildi» - Shavkat Mirziyoyev dunyodagi notinchlik haqida gapirdi

Prezident mamlakat tinchligini saqlash, aholini daromad va munosib sharoit bilan ta’minlash uchun barqaror va tez sur’atlarda o‘sadigan iqtisodiyot kerakligini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 aprel kuni Jizzax viloyatida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar xususida gapirgan. Davlat rahbari nutqi shanba kuni «O‘zbekiston 24» telekanalining «Menimcha» ko‘rsatuvida namoyish etildi.

«Jahonda nimalar bo‘layotganini siyosatdan uzoq odam ham ko‘rib, bilyapti. Men siyosatchi emas, degan odam ham shuni ko‘rib, tushunib yetyapti. Juda ko‘p masalalar bor – yechimi yo‘q. Xalqaro maydonda balans buzildi. Qonun-qoidalari mutlaqo o‘zgardi. Hatto do‘stim deb yurgan davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch yo‘q bo‘ldi, desak, bu ham adolatli», – degan prezident.

U ertaga notinchlik ko‘lami qayergacha kengayishini hech kim bilmasligini ta’kidlagan.

«Bu gaplarni sizlarga nima uchun aytyapman? Bu musaffo mustaqillikning qadriga yetyapmizmi, yo‘qmi? Tashqaridan tahlika, nima bo‘lishidan qat’i nazar, agar biz odamlarimizni rozi qilsak, o‘sha tahdidga biz tayyor bo‘la olamiz.

Mamlakatimizda tinchlikni saqlash, odamlarimizni daromadli qilish, ularga munosib sharoit yaratish uchun bizga barqaror va tez sur’atlarda o‘sadigan iqtisodiyot kerak. Yuqori daromadli yangi ish o‘rinlari, eksport kerak. Mana shu aytgan narsalarimning tagida bitta narsa bor – fidoyilik va vatanparvarlik kerak. Eng katta narsa – ong o‘zgarishi kerak. Pirovardida ish o‘rni, odamlarni inontirish, davlat siyosatiga xizmat qilish kerak bo‘ladi. 

Baribir qildiraman. Qildiraman. Xudo menga sog‘lik berib, umr bersa, shunday kunlar keladiki, bizda kambag‘al, ishsizlik bo‘lmaydi. Nimaga, desangiz, bunga men yetti yil umrimni qo‘ydim, bunga tizim yaratdim, qonun yaratdim, dunyoni ochib berdim. Xalqim farovon yashasin, niyatlari amalga oshsin, bolalari farovon bo‘lsin, baxtli bo‘lsin, nevaralari sog‘lom tug‘ilsin, tibbiyoti ishlasin, maktabi ishlasin, yo‘llari ravon bo‘lsin, deb ishga keldim men. O‘zbek xalqini kim o‘ylaydi, biz o‘ylamasak?» – dedi prezident.

Mavzuga oid