BMT bosh kotibi: Yaqin Sharq keng ko‘lamli halokatli mojaroning haqiqiy xavfiga duch keldi
Antoniu Guterrishga ko‘ra, Eronning Isroilga hujumi fonida Yaqin Sharq aholisi keng ko‘lamli halokatli mojaroga duch kelmoqda.
Yaqin Sharq aholisi keng ko‘lamli halokatli mojaroning haqiqiy xavfiga duch kelmoqda. Bu haqda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish 14 aprel, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan jahon tashkiloti Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi chog‘ida ma’lum qildi. Guterrish Eronning Isroilga hujumi fonida mintaqada «maksimal vazminlik»ga chaqirdi.
Xalqaro hamjamiyat vaziyat yanada avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik qilishga mas’uldir, dedi BMT bosh kotibi. U, shuningdek, G‘azo sektorida zudlik bilan gumanitar o‘t ochishni to‘xtatish, HAMAS harakati tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish va gumanitar yordamni to‘siqsiz yetkazib berish zarurligini ta’kidladi.
Isroil va Eron keskinlashuvda bir-birini ayblamoqda
Isroilning BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdan Eron hujumini «ogohlantirishlar e’tiborsiz qoldirilganda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan misli ko‘rilmagan keskinlashuv» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron butun dunyo bo‘ylab ittifoqchilarini qurollantiradi, moliyalashtiradi va o‘qitadi, biroq hozir «inkor niqobini yechdi» va o‘z hududidan zarba bera boshladi. «Bu hujum barcha qizil chiziqlarni kesib o‘tdi va Isroil javob qaytarish huquqini o‘zida saqlab qoladi», dedi u.
O‘z navbatida, Eronning doimiy vakili Amir Said Iravoniy Isroilga qilingan hujum o‘zini himoya etish harakati ekanligini aytdi. U hujum keskinlashuv xavfini minimallashtirish va tinch aholiga zarar yetkazmaslik uchun «aniq harbiy nishonlarga qaratilgan»ligiga ishontirdi.
Isroil tomonining ma’lum qilishicha, mamlakatdagi badaviylar yashaydigan qishloqlardan birida Eron zarbasi natijasida bir bola og‘ir yaralangan.
Eronning Isroilga hujumi
14 aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga havodan katta hujum uyushtirdi. Isroil mudofaa kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, 170 ta dron, 120 dan ortiq ballistik raketalar va 30 dan ortiq qanotli raketalar mamlakatga hujum qilishga uringan, biroq Isroil va uning ittifoqchilari ularning 99 foizini, aksariyatini - mamlakat tashqarisida urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan. Faqat bir nechta raketa Isroil hududiga yetib bordi, janubdagi aviabazaga tushib, «kichik zarar» keltirdi», deyiladi TsAHAL xabarida.
Erondan tashqari, Isroilga hujumlar Yaman husiychilari, shuningdek, Iroq hududidan eronparast guruhlar tomonidan amalga oshirilgan.
10 aprel kuni Tehron Isroilga Suriya poytaxti Damashqdagi Eron konsulligi binosiga uyushtirilgan hujum uchun javob qaytarish bilan tahdid qilgan edi. Hujum oqibatida Islom inqilobi muhofizlari korpusining yetti nafar a’zosi, jumladan, ikki general halok bo‘ldi. Shundan so‘ng Eronning oliy yetakchisi Oyatulloh Ali Xomanaiy «sionistik rejim jazolanishini» aytdi.
Mavzuga oid
13:31 / 03.11.2024
AQShdagi saylovlar: Yaqin Sharqdagi urush fonida isroilparast lobbi pullari qayoqqa ketyapti?
14:50 / 01.11.2024
BMT: 2023 yilda parnik gazlar konsentratsiyasi yangi rekord darajaga yetdi
08:56 / 01.11.2024
BMT bosh kotibi Isroilning UNRWA ishini taqiqlash qaroridan chuqur xavotirda
11:18 / 29.10.2024