Jahon | 08:55 / 16.04.2024
10139
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Kiyevning dronlarni yo‘q qilishda yordam berish haqidagi iltimosiga javob qaytardi

«Prezident Bayden Ukrainadagi mojaroning boshidanoq Qo‘shma Shtatlar unga kombatant sifatida kirmasligini aytgan edi», deb eslaydi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi.

Foto: Yasuyoshi Chiba/AFP

Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Rossiya tomonidan Ukrainaga hujum qilgan dronlarni yo‘q qilishda bevosita ishtirok etmaydi. Bu haqda 15 aprel, dushanba kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan brifingda AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi bayonot berdi. 

«Agar AQSh va ittifoqchilar Eronning uchuvchisiz uchoqlarini Isroil osmonida urib tushirishda yordam bera olsa, nega Ukraina osmonida ham xuddi shunday qilish mumkin emas?» – deya jurnalistlardan biri Kirbiga savol berdi. Uning javobi quyidagicha bo‘ldi: «Turli mojarolar, turli havo hududi, turli tahdidlar vaziyati. Va prezident (Jo Bayden) Ukrainadagi mojaroning boshidanoq aniqlik kiritdi: Qo‘shma Shtatlar bu to‘qnashuvga kombatant sifatida aralashish niyatida emas».

Avvalroq, 15 aprel kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy xalqaro hamkorlari ko‘magi tufayli Isroil mudofaasi samaradorligini ta’kidlar ekan: «Agar Ukraina xuddi shunday to‘liq himoyaga ega bo‘lganida, Yevropa osmoni ancha oldin ham xuddi shunday himoya darajasini olgan bo‘lardi. Terror ba’zi joylarda ko‘proq, boshqa joylarda kamroq emas, to‘liq va hamma joyda mag‘lub etilishi kerak». 

«Endi biz birdamlik haqiqatan ham yuz foiz ishlay olishini, dronlar va raketalarning deyarli yuz foizini tutib olish mumkinligini ko‘ryapmiz», — dedi Zelenskiy o‘zining X mikroblogida. 

AQSh Kongressidagi Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Mayk Jonsonning 16 aprelga o‘tar kechasi ma’lum qilishicha, shu hafta palata Ukraina va Isroilga alohida qonun loyihasi ko‘rinishida yordam ajratish masalasini ko‘rib chiqadi. 

Eronning Isroilga hujumi

14 aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga havodan katta hujum uyushtirdi. Isroil mudofaa kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, 170 ta dron, 120 dan ortiq ballistik raketalar va 30 dan ortiq qanotli raketalar mamlakatga hujum qilishga uringan, biroq Isroil va uning ittifoqchilari ularning 99 foizini, aksariyatini - mamlakat tashqarisida urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan. Faqat bir nechta raketa Isroil hududiga yetib bordi, janubdagi aviabazaga tushib, «kichik zarar» keltirdi», deyiladi TsAHAL xabarida.

Erondan tashqari, Isroilga hujumlar Yaman husiychilari, shuningdek, Iroq hududidan eronparast guruhlar tomonidan amalga oshirilgan. 

10 aprel kuni Tehron Isroilga Suriya poytaxti Damashqdagi Eron konsulligi binosiga uyushtirilgan hujum uchun javob qaytarish bilan tahdid qilgan edi. Hujum oqibatida Islom inqilobi muhofizlari korpusining yetti nafar a’zosi, jumladan, ikki general halok bo‘ldi. Shundan so‘ng Eronning oliy yetakchisi Oyatulloh Ali Xomanaiy «sionistik rejim jazolanishini» aytdi.

Mavzuga oid