Nyu-Yorkda Donald Tramp ustidan jinoiy sud jarayoni boshlandi
Tramp AQSh tarixida jinoiy huquqbuzarlikda ayblangan birinchi sobiq prezident bo‘ldi.
15 aprel kuni Nyu-Yorkda AQSh sobiq prezidentiga nisbatan birinchi jinoiy sud boshlandi.
Bu yil yana Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da’vogarlik qilayotgan Donald Tramp 2016 yilgi saylov kampaniyasi uchun yig‘ilgan mablag‘larni noqonuniy sarflagani va hujjatlarni soxtalashtirgani uchun sudlanmoqda, ish bo‘yicha jami 34 epizod bor, deb xabar berdi CNN.
Gap, xususan, Tramp bilan yaqin munosabatda bo‘lganini da’vo qilgan sobiq porno aktrisa Stormi Deniyelsga saylov fondlaridan 130 ming dollar to‘lanishi haqida ketmoqda. Deniyels saylovoldi kampaniyasi paytida Tramp bilan munosabatini fosh etish bilan tahdid qilgan. Ayblov xulosasiga ko‘ra, 130 ming dollar uning sukut saqlashi uchun to‘langan.
Sudda ayblov guvohi sifatida ko‘rsatma beradigan Trampning sobiq advokati Maykl Koen ko‘rsatmalariga ko‘ra, Deniyelsga to‘langan pul huquqiy xizmat xarajatlari sifatida rasmiylashtirilgan. Tergov Tramp saylov fondi pullarini noqonuniy ishlatgan va uni yashirishga uringan, deb hisoblaydi.
Ayblovlar tasdiqlansa, hukm 20 yilgacha qamoq jazosini o‘z ichiga olishi mumkin, garchi bunday jazo tayinlanishi dargumon. Shartli jazo ham berilishi mumkin. Tramp o‘zining to‘liq aybsizligini ta’kidlab, boshqa narsalar qatori, Koen ilgari yolg‘on guvohlik bergani uchun sudlangani va ishonchsiz guvoh ekanini ta’kidlamoqda.
U, shuningdek, 2016 yilgi prezidentlik saylovi natijalarini bekor qilishga urinishda ishtirok etganlik va maxfiy hujjatlar bilan noqonuniy muomala qilganlik uchun federal jinoiy javobgarlikka tortiladi. Jorjiya prokuraturasi uni shtatdagi saylov natijalarini o‘zgartirishga urinishda ayblamoqda.
Bu sud jarayonlarining barchasi bu yilgi prezidentlik saylovi oldidan boshlanishi kutilgan edi. Biroq ular Oliy sudning mamlakat sobiq prezidentini jinoiy javobgarlikka tortilishdan daxlsizligi bor-yo‘qligi haqidagi qarorigacha qoldirildi. Jorjiyada sud jarayoni qachon boshlanishi ham noma’lum.
Tramp sud jarayonini prezidentlik sayloviga aralashish deb biladi.
Mavzuga oid
21:40 / 04.11.2024
Tramp nimaning evaziga g‘olib bo‘lishi mumkin? Harris-chi? Yilning asosiy saylovi uchun batafsil prevyu
16:14 / 04.11.2024
Kamala Harrisning prezidentligidan nima kutish mumkin? Trampnikidan-chi?
14:35 / 04.11.2024
AQSh O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatladi
11:50 / 04.11.2024