Jahon | 19:18 / 18.04.2024
6180
2 daqiqa o‘qiladi

Eron AQShni Isroilga hujum haqida oldindan xabardor qilgan - Eron TIV 

Shuningdek, hujumdan so‘ng Eron mintaqadagi keskinlikni kuchaytirishga intilmayotgani haqida AQShni darhol xabardor qilgan. 

Foto: AP

Eron Isroilga hujum paytida mintaqadagi AQSh manfaatlariga putur yetmasligi haqida Qo‘shma Shtatlarni oldindan ogohlantirgan. Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon ma’lum qildi. 

«(Isroilga qarshi) operatsiyadan oldin biz Amerika harbiy bazalariga hujum qilmasligimizni va bu operatsiya boshlanganidan keyin Isroilga harbiy va mudofaa yordami bermasa, mintaqadagi AQSh manfaatlariga ta’sir qilmasligimizni aniq aytdik», dedi Abdullohiyon. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Shveytsariya ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarda vositachi bo‘lgan. 

Vazir, shuningdek, operatsiyadan so‘ng darhol, yakshanba kuni Eron mintaqadagi keskinlikni kuchaytirishga intilmayotgani haqida AQShni xabardor qilganini aytdi. 

1 aprel kuni Isroil davlati Suriya poytaxti Damashqdagi Eron konsulligi binosiga havo hujumi uyushtirdi. Oqibatda Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining yetti nafar a’zosi, jumladan, ikki general halok bo‘ldi. 

Bunga javoban, 13 apreldan 14 aprelga o‘tar kechasi Eron yuzlab kamikadze dronlari, ballistik va qanotli raketalardan foydalangan holda Isroilga yirik hujum uyushtirdi. 

Isroil armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, dron va raketalarning aksariyati muvaffaqiyatli urib tushirildi. 

Shundan so‘ng, Isroil matbuoti Tel-Aviv Eronning havo hujumiga «aniq va samarali» javob qaytarishga qaror qilgani haqida yozdi.

Mavzuga oid