Chasiv Yar ham xavf ostida. Bu shaharni yo‘qotmaslik Ukraina uchun nega bunchalik muhim?
Qish oxirida Avdiyivka egallanganidan keyin Kreml, aftidan o‘z uchun Donbassda yangi nishonni belgilab olgan. Bu – bahor davomida asosiy harbiy harakatlar maydoniga aylangan Chasiv Yar shaharchasidir.
2021 yil qish. Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi keng ko‘lamli urushgacha hali bir yil bor. Ammo Chasiv Yar allaqachon harbiylar bilan to‘lgandi.
Bu yerda, sovetlar davrida qurilgan besh qavatli uylar va sanoat korxonalaridan iborat aholi zich yashaydigan hududdan uzoqroqda Birlashgan kuchlar operatsiyasi (avval Aksilterror operatsiyalar - ATO) shtabi joylashgan.
Bu esa Donbassdagi oddiy shaharchani kuchli istehkomga, Ukraina armiyasi «qal’asi»ga aylantiradi.
Endi, 2024 yil bahorida, Rossiya qo‘shinlari Chasiv Yarga juda yaqin kelib, uni aviazarbalar bilan yakson etmoqda.
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiyning ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya rahbariyati ushbu shaharni o‘zi uchun muqaddas sana hisoblangan 9 may — G‘alaba kuniga qadar egallash vazifasini qo‘ygan.
Tepalikdagi shahar
Agar o‘tmishdagi qo‘mondonlardan kimdir Donbass dashtlarida qal’a qurishni istab qolganida buning uchun Chasiv Yardan yaxshiroq joyni topa olmasdi.
Bu atrofdagi yuzlab kilometrlik radiusdagi eng baland nuqtadir. Shahar joylashgan tepaliklar uni janub va sharqdan himoyalab turadigan mudofaa devorlari vazifasini bajaradi.
Bu yerdagi eng baland nuqta - 247 metr. Masalan, qo‘shni Konstantinovka, Drujkovka, Slovyansk va Kramatorsk kabi shaharlarning eng baland joylari 100 metrdan 125 metrgacha boradi.
Rossiya 2014 yilda Donetskni okkupatsiya qilganidan keyin bu shaharlar aglomeratsiyasi amalda Donetsk oblastining Ukraina nazoratida qolgan qismi uchun ma’muriy markazga aylandi. Bu yerda sanoat korxonalari rivojlandi, temiryo‘llarni ham o‘z ichiga oladigan transport tuguni barpo bo‘ldi.
Chasiv Yar Konstantinovka (7 km g‘arbda) va Kramatorskka (25 km shimoli-g‘arbda) yaqinligi tufayli uni ushbu aglomeratsiyaning «darvozasi» deyish mumkin.
Keng ko‘lamli urush boshlangunicha bu yerda 13 ming atrofida aholi yashagan, ammo 2024 yil aprel oyi o‘rtalariga kelib shaharda 700 nafarga yaqin kishi qolgan, deb ma’lum qilgan BBC Ukraina xizmati bilan suhbatda shahar rahbari Sergey Chaus. Shundan 80-85 foizi — keksa yoshli kishilar, ular evakuatsiyadan bosh tortishgan.
«Ular keltiradigan asosiy argument — „bu mening uyim, men shu yerda tug‘ildim va shu yerda o‘laman, o‘ldirsa o‘ldirsin“, — deya izohlaydi shahar harbiy ma’muriyati rahbari.
2023 yil fevralidan buyon Chasiv Yarda gaz, ichimlik suv, elektr ta’minoti yo‘q, mobil aloqa ham yaxshi ishlamaydi. Bu yerda qolgan odamlar generatorlar va quduqlardan olinadigan suv evaziga kun kechirmoqda.
Chasiv Yardagi ko‘p qavatli binolarning barchasi otishmalar oqibatida u yoki bu darajada shikastlangan, shundan 80 foiz qismi — og‘ir ahvolda, degan Chaus.
Tepalikda joylashganidan tashqari Chasiv Yar tabiiy suv to‘sig‘i bilan ham himoyalangan — shaharning sharqiy chekkasidan Shimoliy Don — Donbass kanali oqib o‘tadi.
O‘tgan yili Baxmut uchun janglar vaqtida bu shahar Ukrainaning shu yo‘nalishdagi guruhi uchun front ortidagi asosiy ta’minot markazi vazifasini o‘tagan. Ammo joriy yil boshidan buyon vaziyat o‘zgara boshladi.
Qishdayoq Rossiya ushbu yo‘nalishda asosan havo-desant qo‘shinlaridan iborat yirik guruh to‘pladi va qo‘shni Baxmutdan chiqib Chasiv Yar tomon yura boshladi. Ukraina bosh shtabining bu hududda «bir necha mudofaa chiziqlari tashkil etilgani» haqidagi bayonotlariga qaramay, aprel oyi boshlariga kelib Rossiya armiyasi Bogdanovka va Ivanovske qishloqlari tomondan shaharning sharqiy chekkalariga maksimal darajada yaqinlashib keldi.
Bu ikki qishloq ham to‘liq egallanmagan, ammo rossiyaliklar ularning oralig‘ida bo‘shliq topa oldi va ukrain mudofaa ichkarisiga xanjar suqdi.
Tepaliklar va Chasiv Yardagi binolarning aksar qismi kanalning g‘arbiy sohilida joylashgani muhim ahamiyatga ega. Va faqat «Kanal» deb nomlanadigan yangi mikrorayongina sharqiy sohilda qolgan.
Shahar rasmiylari bu mikrorayon muntazam ravishda o‘qqa tutilishi va u yerda tinch aholi vakillari yo‘qligini bildirgan.
«Oddiy fuqarolar „Kanal“da yashab qolishi imkonsiz. U yer muntazam ravishda o‘qqa tutiladi. U yerda artilleriya tinmaydi, qolaversa aviabombalar va FPV-dronlar uchib keladi», — degan Sergey Chaus.
Rossiyalik harbiylar aprel oyi boshida aynan shu mikrorayonning eng chekkadagi Zelenaya ko‘chasiga kirib kelishga muvaffaq bo‘lgandi. Ukrain qo‘mondonligi esa ular allaqachon chekintirilganini ma’lum qilgan, Rossiyadagi manbalar esa buning aksini aytadi.
Shahar mudofaasidagi ukrainalik harbiy xizmatchilarga ko‘ra, rossiyaliklar ko‘pincha «banzay-hujumlar»dan foydalanmoqda — zirhli texnikalar yoki boshqa transportlarning kichik kolonnalarida tezlik bilan belgilangan marraga yetib kelishga harakat qilmoqda. Ularning katta qismi yo‘q qilinmoqda, ammo omon qolganlar egallangan pozitsiyalarida joylashib olmoqda.
Aprel oyi o‘rtasiga kelib rossiyaliklar Chasiv Yar hududida qolayotganini tasdiqlovchi tasvirlar yo‘q.
Ammo bu ushbu yo‘nalishdagi vaziyat Ukraina qurolli kuchlari uchun yaxshilanib qolganini anglatmaydi.
Nega bunday bo‘ldi?
Rossiya qo‘shini qanday qilib ushbu strategik muhim shaharga bu qadar yaqin kela oldi?
O‘tgan yil oxiridayoq Rossiya okkupatsiya ostidagi Baxmutdan g‘arbga qarab yurishni boshlagan va Chasiv Yarga olib boruvchi yo‘l bo‘yida joylashgan Xromove posyolkasini egallab olgandi. Keyin esa ikki tomon ham Bogdanovka (Chasiv Yardan 2 km shimoli-sharqda) va Ivanovske (3 km janubi-sharqda) qishloqlari uchun qonli janglarga kirishdi.
Rossiya rasmiylari joriy yil mart oyi oxirida sovetcha nomi Krasnoye bo‘lgan Ivanovske qishlog‘i to‘liq nazorat ostiga o‘tganini e’lon qilgandi. Ammo ukrain harbiylari bu ma’lumotni rad etgan.
Shunga qaramay, Rossiya armiyasi maydonlar va o‘rmonzorlar orqali bu ikki qishloq o‘rtasidagi hududdan yorib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.
BBC Ukraina xizmatining harbiylar orasidagi manbasiga ko‘ra, bu yorib o‘tish ko‘p jihatdan Ukraina qurolli kuchlarining ushbu sektorni himoya qilish uchun ajratilgan 67-alohida mexanizatsiyalashgan brigadasining muvaffaqiyatsiz harakatlari tufayli sodir bo‘lgan.
Mazkur harbiy qism 2022 yilda «O‘ng sektor»ning ko‘ngillilar korpusi bazasida tuzilgan. Aynan korpus ko‘ngillilari uning asosini tashkil etgan.
Shu bilan birga, BBC Ukraina xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 67-brigadada «O‘ng sektor» ko‘ngillilari hamda oddiy safarbar etilgan askarlar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan.
Bu shunga olib kelganki, safarbar etilgan askarlar yaxshi tayyorgarlikdan o‘tmasdan frontning murakkab uchastkasini ushlab turish uchun yuborilgan. Rossiya o‘z yurishini kuchaytirganida 67-brigadaning ayrim harbiylari bardosh bera olmagan va o‘z pozitsiyalarini tashlab ketishgan.
Bunday vaziyat Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi tomonidan qoralangan. «Ukraina ko‘ngillilar korpusi» bayonotida aytilishicha, qurolli kuchlar qo‘mondonligi «brigadani qaytadan tuzish»ni boshlagan — xususan, brigadada avvaldan xizmat qilib kelgan barcha komandirlar va korpus jangchilari boshqa harbiy qismlarga o‘tkaziladi.
«Bo‘linmalar komandirlariga nisbatan ichki xizmat tekshiruvlari tayinlandi, jangovar buyruqlarni bajarmaslik bo‘yicha o‘ylab topilgan ayblovlar bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi ham mumkin», — deyilgan brigada bayonotida.
16 aprel kuni Quruqlik qo‘shinlari qo‘mondonligi 67-brigadani qayta tashkil etish, jumladan shturm batalyonlarini alohida bo‘linmaga ajratish bo‘yicha qaror qabul qilinganini tasdiqladi.
«Bo‘linmalarimizdan biri pozitsiyalarini boy berishi hamda boshqa brigadalar va batalyonlarning qanotlarini ochiq qoldirishi insonlar halok bo‘lishi va vaziyat Ukraina qurolli kuchlari zarariga o‘zgarishiga olib keldi», — deyilgan qo‘mondonlik bayonotida.
Ammo Chasiv Yar mudofaasidagi asosiy muammo bunda emas. Rossiya qo‘shini bor kuchlarini ishga solib, shaxsiy tarkib, aviatsiya va o‘q-dorilar miqdori bo‘yicha katta ustunlik o‘z tomonida ekanidan foydalanib qolishga urinmoqda.
Ukraina rasmiylari artilleriya snaryadlari borasidagi ustunlik Rossiya foydasiga 10 ga 1 ko‘rinishida ekanini aytishmoqda. Aviatsiya borasidagi ustunlik esa rossiyaliklarga Chasiv Yarga har kuni 20-30 ta boshqariluvchi aviatsiya bombalari tashlashga imkon bermoqda.
Ular uylarni, sanoat obektlarini, shuningdek Ukraina qurolli kuchlarining shahar ichkarisidagi va atrofidagi istehkomlarini vayron qilmoqda.
Rossiya nimani rejalashtirmoqda?
«Agar xaritaga yuqoridan qarasangiz, Chasiv Yar ortida tekislik boshlanadi, uyog‘i faqat dasht va ochiq maydonlardan iborat», — degan harbiy tahlilchi va tarixchi Mixaylo Jiroxov BBC Ukraina xizmatiga.
Agar Rossiya armiyasi Chasiv Yarni egallay olsa, unga Kramatorsk-Slovyansk aglomeratsiyasi «kaftdek» ko‘rinib turadi. Bu RF artilleriyasi Ukraina armiyasining logistik marshrutlarini zarba nazoratiga olishga imkon beradi.
Birinchi navbatda Konstantinovka va Kramatorskdagi temiryo‘l tugunlari xavf ostida qoladi.
Shu bilan birga, Jiroxovning ma’lumotiga ko‘ra, Chasiv Yardan g‘arbda ukrain harbiylari raqibning ilgarilashini qiyinlashtirish uchun tez sur’atlarda ikkita istehkomlar chizig‘ini barpo etmoqda.
Ammo, tahlilchining fikricha, Rossiya shaharni to‘g‘ridan to‘g‘ri shturm qilmoqchi emas, balki uni janub va shimoldan aylanib o‘tmoqchi. Hozirda RF bo‘linmalari Shimoliy Don-Donbass kanalidan iborat suv to‘sig‘i yoqasiga yaqinlashmoqda.
«Agar oldinga ilgarilash so‘nggi haftalardagi sur’atda davom etsa, bu (kanalni kechib o‘tish) muqarrar bo‘ladi», — deb hisoblaydi Jiroxov.
Agar rossiyaliklar qanotlarda oldinga yurishda davom etsa, Chasiv Yardagi ukrain garnizoni qopqonga tushmaslik uchun shaharni tashlab chiqishiga to‘g‘ri keladi.
«Axboriy qarshilik» guruhi harbiy tahlilchisi Konstantin Mashovetsning hisoblashicha, hozirda Rossiya «shakllantirilgan operatsiyalar»ni amalga oshirmoqda, ya’ni kelgusida Kramatorsk va Slovyanskka katta yurish boshlash uchun bir vaqtning o‘zida janubiy va shimoliy jabhalarni shakllantirmoqda.
Shimoliy jabha Liman va Yampil yo‘nalishlarida, janubiysi — Chasiv Yar va Konstantinovka atrofida yuzaga kelmoqda. Shu bilan birga, u Kramatorsk va Slovyanskni qurshovga olish maqsadidagi yakuniy amaliyotni o‘tkazish uchun Rossiya armiyasiga hozir mazkur hududlarda jamlanganidan ancha ko‘proq kuchlar zarur bo‘lishini ta’kidlagan.
«Ular katta yurish uyushtirish uchun dastlabki shart-sharoitlarni hozirlamoqda, — deb hisoblaydi tahlilchi. — Ammo bu yerda raqibga katta, sezilarli darajada juda katta qo‘shin kerak bo‘ladi».
Bundan tashqari, Mashovetsning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi Chasiv Yar tomon harakatlana turib, atrofdagi ikki qishloq — Kleshchiyevka va Andriyivka (Baxmutdan janubdagi va Chasiv Yardan 10-12 km janubi-sharqdagi bu qishloqlarni ukrain kuchlari o‘tgan yil yozidayoq ozod etgan va hamon o‘z nazoratida ushlab turibdi) masalasini hal qilmagani xavf tug‘dirishi mumkin.
«Hozirda Chasiv Yar tomon yurish qilayotgan va shaharga yorib kirishga urinayotgan [rossiyaliklarning] bu guruhiga chap qanotidan [Ukraina qurolli kuchlarining] qandaydir zarbasini o‘tkazib yuborish xavf soladi», — deb hisoblaydi Mashovets.
Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanovning hisoblashicha, Moskva yozning ilk oyida Donbassda «katta yurish» boshlashni rejalashtirgan. U Chasiv Yardan keyin rossiyaliklar undan 55 km g‘arbda joylashgan Pokrovsk tomon harakatlanishni istashiga amin. Bu shahar Donetsk va Dnipropetrovsk oblastlari chegarasidagi muhim transport tuguni hisoblanadi.
«Ular [rossiyalik harbiylar] Chasiv Yar tomon biroz ilgarilashdi. Ular Pokrovsk tomon, Pokrovsk strategik yo‘nalishida ham harakatlanadi», — degan boshqarma rahbari nemislarning ARD telekanaliga bergan intervyusida.
Kreml 9 mayga qadar birinchi topshiriqni bajarib, Chasiv Yarni egallay oladimi?
Mixaylo Jiroxovning aytishicha, bu masala Rossiya armiyasi Shimoliy Don - Donbass kanalini (uning kengligi 30 metr atrofida) kechib o‘tish va g‘arbiy sohilda platsdarm tashkil etishni qanchalik tez uddalashiga bog‘liq.
«Agar bu ro‘y bersa, [Chasiv Yarni ushlab qolish] uzoq davom etmaydi», degan u.
Ukraina qurolli kuchlari aprel oyi o‘rtalariga kelib bu hududdagi vaziyat og‘irligi, lekin nazorat ostida ekanini ma’lum qilgan.
«Ushbu shaharda yashovchi odam sifatida men biz yuqoridaligimiz va dushmanlarimiz bizga baribir yeta olmasligiga chin qalbdan umid qilaman», — deya javob bergan Chasiv Yar rahbari Sergey Chaus voqealarning keyingi rivoji borasidagi savolga.
Mavzuga oid
21:53 / 25.12.2024
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
21:15 / 25.12.2024
Ukraina bo‘ylab bayram kechasi yopirilma zarbalar yo‘llandi
16:21 / 25.12.2024
Rossiyadagi KXDR harbiylari: ular qanday jang qiladi va dezertirlik qilishi mumkinmi?
11:00 / 25.12.2024