Jahon | 07:38 / 20.04.2024
4157
2 daqiqa o‘qiladi

Odessa yaqinidagi zarba Osiyo va Afrika uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yo‘q qildi

Rossiyaning Odessa yaqinidagi Yujniy portiga raketa hujumi natijasida Osiyo va Afrika mamlakatlariga eksport qilish uchun mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yo‘q qilindi, deb xabar berdi Kiyev. Sumiga ham zarba berildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar yo‘q.

Foto: Picture Alliance

Rossiyaning 19 aprel, juma kuni Odessa yaqinidagi Yujniy portiga raketa hujumi natijasida Osiyo va Afrika mamlakatlariga eksport qilish uchun mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari solingan konteynerlar yo‘q qilindi. Bu haqda Ukraina tiklanish vazirligi shu kuni o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

«Yujniy portidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta yuklashga ixtisoslashgan ikkita terminalga hujum qilindi, terminallardan biri 2004 yildan beri Ukrainada faoliyat yuritib kelayotgan va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha bir nechta zavodlarga ega bo‘lgan dunyoga mashhur Singapur kompaniyasiga tegishli. Bu - 300 million dollardan ortiq investitsiyalar va 1000 ga yaqin ish o‘rinlaridir», - deyiladi departament bayonotida. 

Shuningdek, xabarda qayd etilishicha, bu Odessa viloyatidagi port infratuzilmasi obektlariga Rossiya tomonidan 39-hujum bo‘ldi. Umuman olganda, ushbu hujumlar natijasida 215 ta obekt, 153 ta transport vositasi, 8 ta fuqarolik kemasi zarar ko‘rgan va qisman vayron qilingan, 26 nafar tinch aholi jabrlangan.

Ukrainaning boshqa viloyatlariga ham zarbalar uyushtirildi 

19 aprel oqshomida Rossiya Sumi shahridagi fuqarolik infratuzilmasiga ham raketa hujumi uyushtirdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar yo‘q, deb xabar qildi Sumi viloyati harbiy boshqarmasi. 

Bundan tashqari, juma kuni kechqurun Rossiya Federatsiyasi Dnepropetrovsk viloyatini o‘qqa tutdi. Dnepr va Sinelnikovodagi turar joy binolariga raketalar tushishi natijasida sakkiz kishi halok bo‘ldi, 25 kishi yaralandi, dedi viloyat harbiy boshqarmasi boshlig‘i Sergey Lisak. 20 aprel Dneprda qurbonlar xotirasiga motam kuni deb e’lon qilindi.

Mavzuga oid