AQSh Rossiyani qo‘llab-quvvatlagani uchun Xitoy banklariga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda
Vashington Pekinni Rossiyaga muhim qurol komponentlarini eksport qilishda ayblayapti va bu yetkazib berishni cheklash yo‘lini qidirmoqda.
AQSh Pekinning Rossiya harbiy ishlab chiqarishini qo‘llab-quvvatlashini cheklash maqsadida ba’zi Xitoy banklarini jahon moliya tizimidan uzib qo‘yishi mumkin bo‘lgan sanksiyalarni ishlab chiqmoqda. Bu haqda 22 aprel, dushanba kuni manbalarga tayanib, The Wall Street Journal nashri xabar berdi.
AQSh rasmiylarining aytishicha, agar diplomatik sa’y-harakatlar bilan ham Xitoyni Rossiyaga ikki maqsadli va harbiy mahsulotlar eksportini cheklashga ko‘ndira olinmasa, Xitoy banklariga qarshi sanksiyalar joriy etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Xitoy banklarini dollardan foydalanish huquqidan mahrum qilish oxirgi chora deb atalyapti, chunki bunday sanksiyalar ko‘pincha kredit tashkilotlarining bankrotligiga olib keladi, deb ta’kidlaydi WSJ. Nashrning davom etishicha, bu chora Xitoy uchun iqtisodiy tiklanishning sekinlashishi va qarzning o‘sishi sharoitida alohida xavf tug‘diradi.
Mart oyida Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari va Turkiyadagi bir qator banklar sanksiyalarga rioya qilish talablarini kuchaytirdi, bu Moskvaga pul o‘tkazmalarining kechikishi yoki rad etilishiga olib keldi, deya xabar beradi Reuters. Bu shuni ko‘rsatadiki, AQSh cheklovlari kuchli yon ta’sirga ega bo‘lishi mumkin, deya ta’kidlaydi agentlik.
AQShning Xitoyga qarshi ayblovlari
Avvalroq, shu hafta Xitoyga uch kunlik tashrif bilan keladigan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Pekinni Rossiya mudofaa sanoatini qo‘llab-quvvatlayotganlikda ayblagan edi. Blinkenning fikricha, Xitoy muhim qurol komponentlarini yetkazib berish orqali Kremlni qo‘llab-quvvatlashga katta hissa qo‘shgan.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbinning aytishicha, Xitoy AQShning Rossiya bilan normal savdo munosabatlariga oid «asossiz ayblovlariga qat’iy qarshi». «Biz Amerika tomonining o‘zi olovga moy sepib, lekin Xitoy tomonini ayblaganida ikkiyuzlamachilikka qarshi chiqamiz. Xitoyning boshqa davlatlar, jumladan, Rossiya bilan normal iqtisodiy va savdo almashish huquqi daxlsizdir», dedi diplomat.
Mavzuga oid
18:27
Xitoyda elektromobillar uchun g‘ildirakli poverbanklar ixtiro qilindi
17:45
Prokurorlikdan vitse-prezidentlikka qadar. Kamala Harris kim?
15:30
AQSh 2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroilga 17,9 mlrd dollarlik harbiy yordam berdi
14:09