“Biznesni rivojlantirish banki” boshqaruv xodimlari Vengriya tajribasi bilan tanishdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 14 sentabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida kichik biznesni rivojlantirish bo‘yicha xorijiy davlatlarning tajribalarini o‘rganish va ilg‘or amaliyotlarni joriy etish vazifasi belgilangan.
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB ana shu maqsadda faol xalqaro hamkorlikni olib bormoqda. Bankka Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, KPMG xalqaro ekspertlari jalb qilingan. Kichik biznesni moliyalashtirish hamda ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatlarni raqamlashtirish, xodimlar malakasini oshirish bo‘yicha Rossiya Sberbanki va Kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish federal korporatsiyasi va “MSP Bank” bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Kuni kecha “Biznesni rivojlantirish banki”ning bir guruh boshqaruv xodimlari Vengriya Respublikasining kichik biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi tajribasi bilan tanishib qaytdilar.
Xususan, bank vakillari Vengriya moliya bozori yetakchisi OTP bank ofislarida bo‘lib, ularda tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish jarayonlari va taklif qilinayotgan xizmatlar bilan tanishdilar.
Shuningdek, Vengriya Savdo-sanoat palatasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muloqotda Palataning kichik biznes vakillariga ko‘maklashishdagi ishtiroki, tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida tatbiq etilayotgan loyihalar haqida axborot berildi.
Bundan tashqari kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish yo‘nalishida faoliyat yuritadigan "Kavos" kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishildi.
Safar davomida bank tizimini takomillashtirishga ixtisoslashgan kompaniyalar va biznesga xizmat ko‘rsatishni raqamlashtirishga doir IT loyihalar va soft dasturlarning taqdimotlari ham bo‘lib o‘tdi.
Bank vakillari NCR brendi ostida bankomatlar yetkazib beruvchi "Ennoconn Hungary" kompaniyasidagi ishlab chiqarish jarayonlariga ham guvoh bo‘ldilar.
Biznesni rivojlantirish banki" ATB mazkur safar davomidagi muhokamalar va dastlabki kelishuvlar asosida kelgusida Vengriya kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashni rejalashtirmoqda.
Bank axborot xizmati