Jahon | 10:59 / 24.04.2024
2222
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya prokuraturasi Xitoy foydasiga josuslikda gumonlanganlarni hibsga oldi

Bad-Gomburg va Dyusseldorf shaharlarida qo‘lga olingan uch nafar Germaniya fuqarosi harbiy maqsadlarda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan innovatsion texnologiyalar haqidagi ma’lumotlarni qo‘lga kiritib, Xitoy razvedka xizmatiga topshirganlikda ayblanmoqda. 

Foto: Michael Probst/AP

Germaniyada Xitoy Davlat xavfsizlik vazirligining ehtimoliy agentlari hibsga olindi. Federal sud tergov sudyasi josuslik faoliyatida va tashqi savdo qonunchiligini buzganlikda gumon qilinib, bir kun avval ushlangan uch nafar Germaniya fuqarosini hibsga olishga qaror qildi, deb xabar qildi Karlsruedagi Germaniya Federal prokuraturasi 23 aprel, seshanba kuni. 

Qo‘lga olishlar Germaniya Federal prokuraturasi talabiga binoan Bad-Gomburg va Dyusseldorfda amalga oshirilgan. Ushlanganlarning yashash joyi va ishxonalarida tintuvlar o‘tkazildi. 

Gumonlanuvchilar Xitoyga harbiy kemalar uchun butlovchi qismlar haqida ma’lumot uzatgan 

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Tomas R. Xitoy razvedka xizmati agenti bo‘lib, uning topshirig‘i bilan harbiy maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘lgan innovatsion texnologiyalar haqida ma’lumot olgan. Buning uchun u Dyusseldorfda kompaniyaga ega bo‘lgan er-xotin Xervig va Ina F.ning yordamidan foydalangan. Federal prokuraturaga ko‘ra, bu kompaniya Germaniya ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari bilan aloqa o‘rnatish va hamkorlik qilish uchun vositachilik xizmatlarini ko‘rsatgan. 

Er-xotin F. Germaniya universitetlaridan biri bilan ilmiy ishlanmalarni topshirish to‘g‘risida shartnoma tuzgan. Shu bilan birga, birinchi bosqichda turli mexanizmlar, jumladan, harbiy kemalar dvigatellari uchun komponentlar sohasida tadqiqotlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Xitoy tomonidagi hamkor Xitoy Davlat xavfsizlik vazirligi xodimi bo‘lib, loyiha XXR davlat idoralari tomonidan moliyalashtirilgan, deya xabar beradi Germaniya departamentlari.

Qo‘lga olingan vaqtda gumonlanuvchilar «Xitoyning dengizdagi jangovar salohiyatini kengaytirish uchun foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan» keyingi tadqiqot loyihalari bo‘yicha muzokaralar olib borgan», deyiladi bayonotda. Bundan tashqari, ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, ular XXR nomidan maxsus lazer sotib olib, zarur ruxsatsiz Xitoyga eksport qilgan, garchi bu qurilma ikki maqsadli buyumlar bo‘yicha Yevropa Ittifoqi qoidalariga tegishli bo‘lgan.

Mavzuga oid