Ukraina agrosiyosat vaziri Solskiy qamoqqa olindi
Nikolay Solskiy 7,35 million dollarlik davlat yerlarini noqonuniy egallab olganlikda va 4,8 million dollarlik yerni olishga urinishda ayblanmoqda. U aybini rad etdi.
Ukraina sudi davlat yerlarini noqonuniy egallab olganlikda ayblanayotgan mamlakat agrar siyosat va oziq-ovqat vaziri Nikolay Solskiyni 24 iyungacha hibsga olishga qaror qildi. Shu bilan birga, sud 75,7 million grivna (1,9 million dollar) miqdorida garov belgiladi. Solskiy 12 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin, deb xabar berdi Reuters 26 aprel, juma kuni. Vazir o‘z aybini tan olmayapti.
Ta’kidlanishicha, gap 2017 yildan 2021 yilgacha, ya’ni Nikolay Solskiy 2022 yil mart oyida agrosiyosat vaziri lavozimiga tayinlanishidan oldin sodir etilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan jinoyat haqida ketmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, Solskiy 291 million grivna (7,35 million dollar) qiymatidagi davlat yerlarini noqonuniy ravishda egallab olgan va qiymati 190 million grivna (4,8 million dollar)ga teng yerni olishga uringan.
Jinoiy sxema doirasida ikki davlat shirkatidan yerlar noqonuniy olib qo‘yilgan va urush faxriylariga ayrim xususiy firmalarga ijaraga berish sharti bilan taqdim etilgan, deb hisoblaydi prokuror. Nikolay Solskiy va uning advokati 25 aprel kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida u bunday sxemadan foyda olmaganini aytdi.
Solskiyning iste’foga chiqish arizasi
Bir kun avval Ukraina Oliy radasi spikeri Ruslan Stefanchuk Facebook’da Solskiy iste’foga chiqqanini ma’lum qilgan edi. Stefanchuk fotonusxasini o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilgan ariza bo‘lajak yalpi majlislardan birida ko‘rib chiqiladi, deyiladi postda.
Iste’fo Ukraina parlamenti tomonidan tasdiqlanmaguncha, Solskiy rasman vazir lavozimida qoladi.
Zelenskiyning kabinetidagi korrupsiya mojarolari
Reuters xabariga ko‘ra, Nikolay Solskiy Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kabinetida korrupsiya ishi bo‘yicha gumonlanuvchiga aylangan birinchi vazir bo‘ldi.
2023 yilning yozida Ukrainaning o‘sha paytdagi mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov atrofida korrupsiya mojarosi avj oldi. Xususan, Ukraina OAV 2022 yil oxirida mamlakat Mudofaa vazirligi turk kompaniyasi bilan harbiy xizmatchilar uchun qishki kiyim-kechak yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgani, biroq Ukrainaga jo‘natish narxi uch baravarga oshgani haqida yozgan. O‘shanda Reznikovning o‘zi bunday ma’lumotlarning tarqalishi «jamiyatni chalg‘itishi» haqida aytdi.
Bundan oldinroq, 2023 yil yanvarida Ukrainadagi bir qator yuqori martabali harbiy amaldorlar harbiy xizmatchilar uchun oziq-ovqat supermarketlardagidan 2-3 baravar qimmatroq narxda xarid qilingani yuzasidan jurnalistik surishtiruvdan so‘ng o‘z lavozimlaridan chetlashtirildi. Reznikov o‘shanda korrupsiyaga qarshi kurash organlari faoliyatidagi «muvaffaqiyatsizlik»ni tan oldi.
Mavzuga oid
10:30
AQSh Ukrainaga 425 mln dollarlik yangi yordam paketini taqdim etmoqda
08:40
Zelenskiy: Ukraina Kursk AESni egallab olishi mumkin edi
19:38 / 01.11.2024
Ukrainani qo‘llash yoki sotqinlik - AQShdagi saylovlardan nima kutish mumkin?
18:09 / 01.11.2024