Jamiyat | 17:35 / 27.04.2024
28640
4 daqiqa o‘qiladi

«Cobalt’ni turmush o‘rtog‘imga sovg‘a qildim» – kitobxonlik tanlovida yutgan yosh ona hikoyasi

Gulhayo Soliyeva - bu yilgi «Yosh kitobxon» tanlovining g‘olibasi, u kitob o‘qigani uchun onalik ta’tili davrida mashinali bo‘ldi. «Ba’zi oilalarda qiz farzandlarini o‘qitishni xohlashmaydi, lekin bizda unday bo‘lmagan», deydi u. Kun.uz’ning "Mikrofon qizlarda" loyihasi navbatdagi sonida Gulhayo yosh bolali bo‘lishiga qaramay vaqtni qanday tarzda to‘g‘ri taqsimlab o‘qish va o‘rganishga imkon topish mumkinligi haqida gapirib berdi.

«Dadam hamma bolasini o‘qitishni niyat qilgan»

Farzand oilada ko‘rganini qilib katta bo‘ladi. Ota-onam o‘zlari oliy ma’lumotli bo‘lmasa ham, farzandlari o‘qishlari uchun hamma sharoitni qilib berishgan, biz buni ko‘rib katta bo‘lganmiz.

Ba’zi oilalarda qiz farzandlarini o‘qitishni xohlashmaydi, lekin bizda unday bo‘lmagan. Dadam «Hamma qizlarimni o‘qitib, oliy ma’lumotli qilaman», deb niyat qilgan.

Men birinchi yildan o‘qishga kira olmaganman. Bu payti sinfdosh qizlarning deyarli hammasi turmushga chiqib bo‘lgandi. Lekin uydagilar menga oila qurish haqida gap ochmagan. Litseyda o‘qigan paytlarim ham abituriyent bo‘lib onamga yordam bera olmas edim. Ota-onam mehribonliklari sabab bizga hech ish buyurishmas edi. Bir yillik "yiqilish"dan so‘ng ikkinchi yil Xalqaro islom akademiyasiga o‘qishga kirdim. Faqat kontrakt asosida o‘qiganman.

Akam kontraktimga yordam bergan, meni moliyaviy qo‘llab-quvvatlagan.

O‘qishni tugatib, o‘z mahalladoshimga, o‘zim bilan bitta OTMda o‘qigan insonga turmushga chiqdim, bu borada ham ota-onam tanlovimni qo‘llab-quvvatlagan.

«Yosh kitobxon» tanlovi

Kitobxonlik tanlovi haqidagi roliklarni doimiy kuzatib borardim, lekin tanlovga doimiy qatnashib yurmasdim. O‘tgan yili yaqin dugonam «Yosh kitobxon»ga qatnashdi va shundan so‘ng menda ham qiziqish oshib, bu yil tanlovda qatnashdim.

Tanlovga tayyorlanishda yosh farzandim bo‘lgani sabab biroz qiyinchiliklar bo‘ldi. Lekin turmush o‘rtog‘im yordam berib, ishdan kelganidan so‘ng ham kitob o‘qishimga sharoit qilib berardi.

Tanlovda qatnashib, o‘zimda kitobxonlikni odat sifatida shakllantirdim. Avval bo‘sh vaqtimda kitob o‘qigan bo‘lsam, hozir kun davomida kitob o‘qish uchun vaqt ajratishni odat qilganman. Bundan tashqari, kitobxonlik tanlovida qatnashishni maqsad qilgan yoshlarga yordam beruvchi yo‘naltiruvchi Telegram-guruhi ochganman. Ingliz tilim ustida ham ishlayapman, magistraturaga topshirishni reja qilganman.

«Kitob o‘qiganim uchun Cobalt berishdi»

Kitobni o‘zimiz uchun o‘qiymiz, lekin shu o‘qiganimiz uchun Cobalt sovg‘a qilishdi. Mashinani turmush o‘rtog‘imga sovg‘a qildim, sababi biz bir oila bo‘lganimizdan so‘ng yutuq ham ikkimizniki.

Kitobxonlarga tavsiyalar

Jyeyms Klirning «Atom odatlar» kitobini va O‘tkir Hoshimovning barcha asarlarini o‘qishni tavsiya qilaman. «Atom odatlar» kitobini o‘qiganimdan so‘ng ishlarimni reja qilishni boshlagandim.

Inson o‘zi xohlasa, istaganlariga erishsa bo‘lar ekan. Yoshlik davri o‘tkinchi, 15-25 yosh oralig‘ida ilm olib, hunar o‘rganib, kelajak uchun poydevor yaratib olish zarur. Shuning uchun vaqtdan unumli foydalanishni tavsiya qilgan bo‘lardim.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid