Jahon | 13:01 / 30.04.2024
3784
4 daqiqa o‘qiladi

Bayden Misr va Qatarni HAMASga bosim o‘tkazishga chaqiryapti

Isroil tomonidan HAMASga taklif qilingan kelishuv jangchilar qo‘lida bo‘lgan barcha garovga olinganlarni ozod qilish evaziga 40 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishni nazarda tutadi.

Foto: Abir Sultan/EPA

AQSh prezidenti Jo Bayden G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar doirasida hamaschilar qo‘lida qolgan garovga olinganlarning ozod etilishiga erishish uchun Misr va Qatarni HAMASga bosim o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqda 29 aprel, dushanba kuni Oq uy matbuot xizmati ma’lum qildi

Qayd etilishicha, Jo Bayden Qatar amiri Tamim bin Hamad Ol Tani, shuningdek, Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan telefon orqali muloqot qilgan. Garovga olinganlarni ozod qilish masalasi «zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va G‘azo sektori tinch aholisining ahvolini yumshatish yo‘lidagi yagona to‘siqdir», dedi Amerika davlati rahbari har bir yetakchi bilan muloqot chog‘ida. 

AQSh, Qatar va Misr Isroil hamda HAMAS tashkiloti o‘rtasidagi mojaroda muhim vositachilar hisoblanadi, deb eslatadi AFP. 

29 aprel kuni Qohirada Misr, Qatar va HAMAS vakillari muzokara o‘tkazdi, biroq haligacha HAMAS ularning natijalariga hech qanday munosabat bildirmadi. AFP agentligining manbalarga tayanib yozishicha, hamaschilar vakillari allaqachon Misr poytaxtini tark etib, HAMASning «siyosiy byurosi» joylashgan Dohaga yo‘l olgan. Tashkilotning javobi «imkon qadar tezroq» bo‘lishi kerak, dedi agentlik suhbatdoshi. 

Blinken Isroil taklifini «juda saxovatli» deb hisoblayapti

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 29 aprel kuni aytganidek, u HAMAS G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilishni nazarda tutuvchi kelishuvga rozi bo‘lishiga «umid bildiryapti». Isroil tomonining taklifi «juda saxovatli», dedi Davlat departamenti rahbari Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda. 

Ayni paytda, Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron Isroil tomonidan taklif qilingan kelishuv 40 kunlik otashkesimni, shuningdek, Isroil qamoqxonalaridagi «minglab falastinlik mahbuslarni» ozod qilish evaziga isroillik garovga olinganlarni qo‘yib yuborishni nazarda tutadi, deb tushuntirdi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 34 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid