Jahon | 15:49 / 01.05.2024
8524
11 daqiqa o‘qiladi

Miyamizni o‘g‘irlashlari mumkin – Ilon Mask kompaniyasi inson miyasini o‘qish ustida ishlayaptimi?

Inson miyasiga chip o‘rnatish orqali undagi fikrlarni o‘qish ustida harakatlar boshlab yuborilgan. Agar bular amalda qo‘llana boshlasa, inson miyasi ortiq maxfiy bo‘lmay qoladi. Undan istalgan axborotni olish mumkin bo‘ladi.

Milliarder Ilon Maskka tegishli saltanat haqida bilmaydiganlar topilmasa kerak: Tesla mashinalari, SpaceX raketalari, Twitter ijtimoiy tarmog‘i, Mars sayyorasini koloniyalashtirish harakatlari. Hammasidan ham miya chiplari bilan shug‘ullanuvchi Neuralink kompaniyasi xavfliroq bo‘lishi mumkin.

Neuralink qanday kompaniya?

Bu kompaniya miyasiga chip o‘rnatilib, fikr kuchi bilan kompyuter yordamida muloqot qila boshlagan Nolan Arbo kabi falajlikka chalingan kishilarga yordam beradi. Nolan miyasiga chip qo‘yishga rozilik bildirgan birinchi shaxs bo‘ldi. Falajlikka duchor bo‘lgan shaxslarning miyasiga o‘rnatilgan chiplar orqali ular boshqalar bilan fikr kuchi yordamida muloqot qila olishi mumkin, chiplar bunga yordam beradi.

2016 yilda ishga tushirilgan kompaniya 2019 yilda miyaga implant qo‘yish uchun egiluvchan "iplar" va implant qilish uchun xuddi tikish mashinasiga o‘xshash ko‘rinishdagi robot ixtirosi haqida ma’lum qildi. G‘oyaga ko‘ra, implant "iplar" falaj bo‘lgan kishining miyasiga o‘rnatilib, uning miyasidagi signallarni o‘qiydi va undagi ma’lumotlarni kompyuter yoki iPhone qurilmasiga uzatib turadi. Buning uchun nimanidir bosish, yozish kerak bo‘lmaydi.

2023 yilda esa Neurolink AQSh oziq-ovqat va farmatsevtika nazorati idorasidan (FDA) odamlar ustida tadqiqot o‘tkazishga rozilik olganini ma’lum qilgan. O‘shanda implant – tashqi qurilma miyani boshqarish imkonini berish-bermasligini o‘rganish uchun falaj bo‘lib qolgan ko‘ngillilar izlangandi.

Nihoyat, yanvar oyida ilk insonning miyasiga chip o‘rnatilgani haqida xabar berildi. U fikr kuchi yordamida tvit yozdi, shaxmat o‘ynadi.

Agar texnologiya insonlar hayotini yaxshilash haqida o‘ylasa, bu juda yaxshi. AQShning o‘zida falajlikka duchor bo‘lgan 5,4 mln odam bor.

Biroq faqatgina shol bo‘lib qolganlarga yordam berishning o‘zi Maskning maqsadi bo‘lmasligi, balki bu uzoq muddatli yovvoyi ambitsiyalarga erishish yo‘lidagi shunchaki bir qadam bo‘lishi mumkin.

Maskning maqsadi xavflimi?

Ilon Maskning maqsadi kattaroq. Avvalroq o‘zi ma’lum qilganidek, insoniyatning sun’iy intellekt bilan birlashishiga erishish. Shunda SI taraqqiy etgani sari inson ham "orqada qolib ketmaydi".

Bu texnologik taraqqiyot ma’lum xavflarga ham olib kelishini tushunish lozim. Neuralink kompaniyasining sobiq xodimlari, bu sohadagi ekspertlar kompaniya sun’iy intellekt bilan uyg‘unlik yo‘lida potensial xavfli yondashuvni tanlaganidan xavotir bildiryapti.

Ularga ko‘ra, implantlar miyaga zarar yetkazishi ( aftidan, hayvonlar bilan bo‘lgan tadqiqotlarda bu kuzatilgan) mumkin.

Biroq Neuralink bu izohga javob bermagan.

Umuman, jamiyat uchun Neuralink kompaniyasidan ham tashqariga chiqadigan axloqiy xavflar ham mavjud. Bir qator kompaniyalar inson miyasiga ulanadigan texnologiyani ishlab chiqmoqda, bu bizning ongimizda nimalar sodir bo‘layotganini dekodlashi mumkin va aqliy maxfiylikni buzishi, avtoritar kuzatuvni kuchaytirishi mumkin. Biz sodir bo‘layotgan voqealarga o‘zimizni tayyorlayverishimiz kerak.

O‘tgan yili mart oyida mingdan ortiq ekspertlar qatori Ilon Mask ham sun’iy intellekt sabab sivilizatsiya ustidan nazoratni yo‘qotish xatari tufayli ochiq xat imzolagan edi. Maktub mualliflarining fikriga ko‘ra, hatto «qudratli raqamli ong»ni yaratuvchilar ham ularni boshqara olmaydi va zamonaviy sun’iy intellekt tizimlari odamlar bilan raqobatlasha boshlaydi. Shuning uchun xavfsizlik protokollari o‘rnatilgunga qadar sun’iy intellektni ishlab chiqarish jarayoni to‘xtatib turilishi kerak degan fikr ilgari surilgandi.

Ilon Maskning o‘sha maktubni imzolagan boshqalardan farqi shundaki, uning fikriga ko‘ra, xavfning oldini olib bo‘lmasa, unda unga qo‘shilish kerak.

Qanday qilib?

Ilon Mask fikriga ko‘ra, soniyasiga trillion bit tezlikda ma’lumot uzatadigan sun’iy intellekt soniyasiga 39 bit sekund tezlikda muloqot qila oladigan odamga juda balanddan qaray boshlaydi, sun’iy intellekt uchun biz, ya’ni odamlar foydasiz bo‘lib tuyula boshlaymiz. Biroq biz ham ularga o‘xshay boshlasak bunday bo‘lmaydi.

Buning uchun esa Ilon Maskning fikriga ko‘ra, odamlar ham SI bilan bir xil tezlikda fikrlay olishi kerak.

Sal oldinroqqa o‘tib fikrlab ko‘rsak, shunda kompyuterlar miyadan ma’lumot olib o‘qish tezligiga o‘tganini ko‘rish mumkin. Bu, aslida, Ilon Maskning miya chiplari bilan shug‘ullanuvchi kompaniyasi Neuralinkʼni harakatga keltirgan g‘oya hisoblanadi.

Neuralink qurilmasi 1024 elektrod bilan jihozlangan miya implantatsiyasi bo‘lib, u ko‘plab neyronlardan signallarni qabul qila oladi. Qanchalik ko‘p elektrod bo‘lsa, shunchalik ko‘p neyronlarni tinglash mumkin va ko‘proq ma’lumot olish imkoni bo‘ladi. Bundan tashqari, qurilma ushbu neyronlarga qanchalik yaqin bo‘lsa, ma’lumotlar sifati shunchalik yuqori bo‘ladi.

Neuralink qurilmasi esa neyronlarga juda yaqin joylashadi. Kompaniyaning uni implantatsiya qilish tartibi bosh suyagida teshik ochish va miyaga kirib borishni talab qiladi.

Ammo buning uchun kamroq ekstremal usullar ham mavjud. Boshqa kompaniyalar buni isbotlamoqda. Neuralink insonning jismoniy imkoniyatini tiklash uchun miya-kompyuter interfeysi ustida ishlayotgan yagona kompaniya emas.

Synchron, Blackrock Neurotech, Paradromics va Precision Neuroscience kabi kompaniyalar ham shu ish ustida ishlamoqda. AQSh armiyasi ham bu bilan shug‘ullanmoqda.

Oxirgi yillarda falaj insonlarning miyasidagi fikrlarni nutqqa aylantirib beradigan implantlarga oid tadqiqotlarning sarlavhalari ko‘plab e’lon qilinyapti. Masalan, Mark Tsukerburgga tegishli Meta kompaniyasi ham inson neyronlaridan fikrlarni o‘qib olib ularni to‘g‘ridan to‘g‘ri fikrga aylantiradigan miya-kompyuter interfeysi ustida ishlayotganini ma’lum qilgan.

Neuralink hozirgi yondashuvini tanlagunga qadar — bosh suyagida teshik ochish orqali implantatsiya qilish varianti — boshqacharoq variantni ilgari surgandi. Unga ko‘ra, bu yondashuv tomir ichidan implantni yuborishdan iborat bo‘lgan. Ya’ni bunda arteriya orqali miyaga qurilma yetkazib berilishi kerak edi.

Biroq 2019 yilda Neuralink bu yondashuvni rad etib, "iplarni" to‘g‘ridan to‘g‘ri miyaga joylashtiradigan murakkab jarrohlik amaliyotini tanladi.

Agar tomir orqali ham implant joylashtirish imkoni bo‘lsa, nega undan murakkabroq miya jarrohligi usuli tanlangani haqida Neuralink izoh bermagan. Lekin miyadagi jarrohlik sabab miyada yallig‘lanish, chandiq to‘qimalari paydo bo‘lishi kabi xavflar ham bor.

2018 yilda Neuralink kompaniyasida tomir orqali implant o‘rnatish loyihasiga rahbarlik qilgan Xirobumi Vatanabega ko‘ra, kompaniyaning nozikroq usulni tanlaganining sababi imkoniyatlarni maksimal kengaytirishdan iborat, ko‘proq elektrokod bilan o‘tkazuvchanlikni oshirishga qaratilgan. 

Jamiyat mezonlari buziladimi?

Neuralink kompaniyasi o‘zi operatsiya o‘tkazadigan odamlarga nisbatan sodir etishi mumkin bo‘lgan jismoniy ta’sirdan tashqari miya-kompyuter interfeys texnologiyalarining xavotirga tushishga sabab bo‘ladigan jamiyat uchun xavflari ham bor.

Agar Mask da’vo qilganidek, bu texnologiyalar miyamizga mislsiz darajada kirib borib, uning ichidagi hamma narsani o‘qish imkoniga ega bo‘lsa, buning oqibatlarini ham hisobga olish zarur. Ba’zi neyroetiklar bu imkoniyatdan noto‘g‘ri maqsadlarda foydalanish xavfi shunchalik kattaki, oldinga siljish uchun nimadir qilishdan oldin inson huquqlarini yangilash kerak deb hisoblaydi.

Sababi unutmaslik kerakki, insonning miyasi — maxfiylikning eng oxirgi chegarasidir. Ular bizning shaxsif identifikatorlarimiz va hali hech kim bilmaydigan fikrlarimiz yashaydigan joydir. Agar bosh suyagimizni ichidagi shu 3 fut shilimshiq jismga ham egalik qilolmasak, bu nima gap axir?

Biroq allaqachon shu maxfiy hududga kirishga harakatlar boshlanib ketgan. Xitoy hukumati ba’zi xodimlarning hissiy holatini bilish maqsadida ularning boshiga qalpoq kiydirib, miya to‘lqinlarini o‘qishni yo‘lga qo‘ygan. AQSh harbiy kuchlari esa askarlarni hushyorlikka undaydigan neyrotexnologiyalardan foydalanadi.

Dunyo bo‘ylab ba’zi politsiya bo‘limlari "miya barmoq izlari" texnologiyasini o‘rganmoqda. Bu texnologiya biz o‘zimizga tanish hissiyot bilan uchrashganimizda miyamizda avtomatik ravishda sodir bo‘ladigan javoblarni tahlil qiladi. G‘oya shundaki, bu politsiyaga gumonlanuvchining miyasini so‘roq qilishga imkon beradi. Ularning miya javoblari o‘zlari tanimaydigan yuzlar yoki iboralarga nisbatan tanigan yuzlar yoki iboralarga qaraganda ko‘proq salbiy bo‘ladi. Miya barmoq izlarini olish texnologiyasi ilmiy jihatdan shubhali bo‘lsa-da, Hindiston politsiyasi uni 2003 yildan beri ishlatib kelmoqda, Singapur politsiyasi esa 2013 yilda sotib oldi, Florida shtat politsiyasi 2014 yilda ishlatish uchun shartnoma imzoladi.

Tushunarliroq bo‘lishi uchun aytish mumkinki, bu kabi texnologiyalar davrida miyangiz ortiq shaxsiy bo‘lmay qoladi. Undagi ma’lumotlarni o‘qish mumkin.

Bundan tashqari, mutaxassislar Neuralink kabi kompaniyalari tomonidan yaratilayotgan qurilmalar hakerlik hujumiga moyil bo‘lishidan ham xavotirda. Masalan, agar siz bunday qurilmani ishlatayotgan bo‘lsangiz va yovuz niyatli shaxs Bluetooth aloqasini ushlab, miyangizga boradigan signalni o‘zgartirib, sizni yanada ko‘proq depressiyaga solsa yoki itoatkor qilish uchun foydalansa nima bo‘ladi?

Mavzuga oid