Jahon | 08:15 / 02.05.2024
3207
3 daqiqa o‘qiladi

Tbilisidagi namoyishlar: politsiya qalampir gazidan foydalandi

«Chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunga qarshi chiqqan miting ishtirokchilari parlamentning yon eshiklarini chiqindi qutilari bilan to‘sib qo‘ydi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Tbilisi politsiyasi 1 may, chorshanba kuni «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilingan Gurjiston parlamenti hududini tark etishdan bosh tortgan namoyishchilarga qarshi suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatdi.

NEWSGEORGIA Telegram-kanalining xabar berishicha, «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunga qarshi chiqqan miting ishtirokchilari parlamentning yon darvozalarini chiqindi qutilari bilan to‘sgan. Namoyishchilarning ba’zilari panjara ustiga chiqindi tashlagan. Politsiya namoyishchilarga qarshi qalampir gazi va suv purkagichlardan foydalangan. Bundan tashqari, tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari xodimlari namoyishchilarga rezina o‘qlar otgan. Sakkiz nafar namoyishchi kasalxonaga yotqizilgan.

O‘z navbatida, respublika Ichki ishlar vazirligi politsiya namoyishchilarga qarshi rezina o‘q ishlatmaganini ma’lum qildi. Ichki ishlar vazirligining xabar berishicha, namoyishchilar parlament binosi yaqinidagi ko‘cha kameralarini sindirib, to‘siqlarni yoqib yuborgan, yopiq darvozalardan sakrab o‘tmoqchi bo‘lgan, shuningdek, panjara ustidan og‘ir buyumlar va kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ballonlarini uloqtirgan.

1 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 23.00 dan boshlab Gurjiston parlamenti binosida «qizil ogohlantirish darajasi» e’lon qilindi, unga ko‘ra, parlament apparati rahbari belgilagan shaxslardan tashqari barcha uning hududini tark etishi shart. 

Namoyishlarda 60 dan ortiq kishi hibsga olindi

1 mayga o‘tar kechasi politsiya Tbilisidagi ommaviy namoyishlarning 63 ishtirokchisini hibsga oldi, dedi Gurjiston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Daraxvelidze. Daraxvelidze miting ishtirokchilariga nisbatan kuch ishlatishni «namoyish zo‘ravonlik xarakteriga ega bo‘lgani» bilan izohlab, namoyishchilarning «zo‘ravonlik harakatlari» natijasida olti nafar politsiya xodimi yaralanganini qo‘shimcha qildi.

Yevropa Ittifoqi Gurjiston xavfsizlik kuchlarining harakatlarini qoraladi. Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel X ijtimoiy tarmog‘ida Gurjiston hukumatini «chet el agentlari» haqidagi qonunga qarshi namoyishchilarning tinch yig‘ilish huquqini ta’minlashga chaqirdi. «Ularni bostirish uchun kuch ishlatish qabul qilinishi mumkin emas», dedi u. 

Mavzuga oid