Berlin va Parij universitetlarida Falastin tarafdorlarining norozilik aksiyalari boshlandi
Ta’lim muassasalaridagi norozilik namoyishlari butun dunyo bo‘ylab tarqalishda davom etmoqda. Politsiya Humboldt va Sciences Po universitetlarida operatsiya o‘tkazdi.
Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy harakatlariga qarshi universitetlardagi norozilik namoyishlari AQShdan butun dunyo ta’lim muassasalariga tobora ko‘proq tarqalmoqda. 3 may, juma kuni Berlindagi Humboldt universiteti oldidagi Falastin tarafdorlari mitingiga federal politsiya chaqirildi. Qayd etilishicha, 30 ga yaqin ishtirokchi universitetning bosh binosiga kirishni to‘sib qo‘ygan.
Universitet rahbari Juliya fon Blyumental talabalarga norozilikni tinch yo‘l bilan yakunlab, munozara o‘tkazishni taklif etdi, biroq rad javobi oldi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishda ular Isroilga qarshi «Daryodan dengizgacha» shiorini aytishgan - bu Germaniyada taqiqlangan, chunki Isroilni yo‘q qilishga chaqiradi.
Isroilning Germaniyadagi elchisi Ron Prozor Humboldt universitetidagi norozilik namoyishidan g‘azabini bildirib, namoyishchilar «yahudiylarga nisbatan nafrat va zo‘ravonlikni ulug‘laganini» ta’kidladi. «Biz gijgijlash, terror va zo‘ravonlikka toqat qilmasligimiz kerak», deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.
Parijda norozilik biroz vaqtga to‘xtatildi, Sidneyda ikkita miting to‘qnash keldi
3 may kuni Fransiya poytaxti Parijda nufuzli Sciences Po universitetida yuzga yaqin Falastin tarafdori bo‘lgan faollarning o‘tirishiga politsiya aralashib, ularni bino qabulxonasidan chiqarib yubordi. Namoyishlar tufayli universitet onlayn rejimga o‘tdi va aksariyat binolar yopiqligicha qolmoqda.
Xuddi shu kuni Avstraliyada Falastin va Isroil tarafdorlari bo‘lgan yuzlab namoyishchilar Sidney universitetida to‘qnash kelishdi - ammo «keskin fikrlar almashinuviga» qaramay, ikkala miting ham tinch o‘tdi. Bundan tashqari, Meksikada Falastin tarafdori bo‘lgan o‘nlab talabalar mamlakatning eng yirik universiteti bo‘lmish Mexiko shahridagi Milliy avtonom universitet yonida lager tashkil qildi.
Bayden AQSh universitetlari kampusidagi zo‘ravonlikni qoraladi
AQSh prezidenti Jo Bayden yana bir nufuzli universitet hududidagi Falastin tarafdorlari lageri demontaj qilingandan so‘ng, namoyishlar chog‘idagi zo‘ravonliklarni keskin qoraladi. U 2 may kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan brifingda Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotiga qarshi Amerika universitetlarida o‘tkazilayotgan noroziliklarni izohlar ekan: «Fuqarolar norozilik bildirish huquqiga ega, lekin tartibsizlik yaratishga haqli emas», dedi.
Baydenning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar - «norozilik ovozlari» o‘chiriladigan avtoritar mamlakat emas, balki «tartib hukmron bo‘lishi kerak bo‘lgan fuqarolik jamiyati». Talabalar kampuslaridagi namoyishchilar o‘z fikrlarini erkin bildirish huquqiga ega, lekin qonunni buzmasligi yoki zo‘ravonlik qilmasligi kerak, deya qo‘shimcha qildi u.
Jo Baydenning aytishicha, «Amerikada antisemitizm yoki yahudiy talabalarga nisbatan zo‘ravonlik tahdidi, islomofobiya yoki arab va falastinlik amerikaliklarga nisbatan kamsitish uchun joy yo‘q». Shu bilan birga, prezident kampuslardagi norozilik namoyishlari uni Isroil va Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatini qayta ko‘rib chiqishga majburlamaganini ta’kidladi.
Universitetlarda Falastin tarafdorlari noroziligi tizimli tus olmoqda
Aprel oyi o‘rtalaridan beri Amerikaning o‘nlab universitetlari hududlarida Falastin tarafdorlari norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Namoyishlar Los-Anjyelesdagi Kaliforniya universiteti, Texas universiteti, Chapel Xilldagi Shimoliy Karolina universiteti, Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti va boshqalarni qamrab oldi. Talabalar AQShdan Isroil bilan barcha moliyaviy aloqalardan voz kechishni va Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishni talab qilib, kampuslarda chodirlar qurdi. Uch hafta mobaynida AQSh kollejlari va universitetlari kampuslarida 1500 dan ortiq kishi qo‘lga olingan.
29 aprel kuni namoyishchilar Kolumbiya universiteti kampusidagi asosiy binolardan biri bo‘lgan, asosan ma’muriy ofislar joylashgan Hamilton-hollni egallab, to‘sib qo‘ydi. Faollar bosib olingan binoda taxminan 12 soat turishga muvaffaq bo‘ldi, shundan so‘ng politsiya reyd o‘tkazib, uni ozod qildi. 300 ga yaqin kishi ushlangan.
Mavzuga oid
16:40 / 20.12.2024
G‘azoda harbiy bazalar qurilmoqda. Isroil mustahkam o‘rnashib olmoqchi
15:34 / 18.12.2024
Britaniyaning nufuzli universitetlaridan biri O‘zbekistonda filial ochishni rejalashtiryapti
12:22 / 09.12.2024
Toshkentda "O‘zbek-fransuz" universiteti tashkil etiladi
17:39 / 23.11.2024