Jahon | 15:31 / 07.05.2024
14577
4 daqiqa o‘qiladi

Putin beshinchi muddatga Rossiya prezidenti lavozimiga kirishdi

U o‘z nutqida Rossiya fuqarolariga minnatdorchilik bildirdi, mamlakat taraqqiy etishiga va’da berdi hamda G‘arb bilan muloqotga ochiq ekanini aytib o‘tdi.

Katta Kreml saroyida Vladimir Putinning Rossiya prezidenti lavozimiga kirishishi marosimi o‘tkazildi. Bu Putin uchun 2000 yildan buyon beshinchi inauguratsiya marosimidir.

U davlat rahbari sifatida RF Konstitutsiyasiga qo‘l qo‘yib, «fuqarolarning huquq va erkinliklari»ni himoya qilishga va’da bergan holda qasamyod qildi.

Marosimga RF bosh vaziri Mixail Mishustin, mudofaa vaziri Sergey Shoygu, Moskva meri Sergey Sobyanin, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov va boshqa rossiyalik mulozimlar va regionlar rahbarlari tashrif buyurgan.

Shu bilan birga, Rossiyaga «nodo‘st» davlatlar, jumladan Buyuk Britaniya va Yevroittifoq mamlakatlari o‘z diplomatlarini marosimga yubormagan. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ularning qarori Moskva tomonidan qandaydir choralar ko‘rilishiga sabab bo‘lmasligini aytgan.

Quyida uning marosimdagi chiqishining qisqacha mazmuni keltiriladi.

Men Rossiya fuqarolariga minnatdorchilik bildirmoqchiman, qahramonlarimiz — maxsus harbiy amaliyot ishtirokchilariga ta’zim qilishni istayman. Prezident bo‘lish — ulkan sharaf, majburiyat va muqaddas burch. Siz o‘z tanlovingiz bilan mamlakat to‘g‘ri yo‘nalishda ekanini tasdiqladingiz. Bu hozir, biz jiddiy sinovlar bilan to‘qnashgan pallalarda ahamiyatga ega. Ishonchim komilki, biz bu murakkab davrdan munosib o‘tamiz va yanada kuchli bo‘lamiz — va ko‘p asrlik oilaviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlash barchamizni birlashtirishda davom etadi.

Biz barcha davlatlar bilan munosabatlarni mustahkamlashga ochiqmiz. Biz G‘arb bilan muloqot qilishdan bosh tortmaymiz. Tanlov ularda: Rossiyani tiyish va agressiyani davom ettirish — yoki hamkorlik yo‘llarini qidirish. Muloqot — jumladan xavfsizlik masalalaridagi muloqotning imkoni bor. Ammo kuchlar pozitsiyasidan emas, teng asosda, hech qanday kalondimog‘lik va takabburliksiz. Biz ko‘p qutbli dunyo tartibotini shakllantirish bo‘yicha ishlarni davom ettiramiz. Ming yillik tariximiz qarshisida javob beramiz. Bizning taraqqiyotimiz yanada dinamik va yanada kuchli bo‘ladi. Biz — yagona xalqmiz va birgalikda barcha o‘ylangan ishlarni amalga oshiramiz, birgalikda — g‘alaba qozonamiz.

Vladimir Putinning inauguratsiyasidan keyin Rossiya hukumati iste’foga chiqdi. Tegishli buyruq bosh vazir Mixail Mishustin tomonidan imzolangan. Endi Putin Davlat dumasiga yangi bosh vazir nomzodini taqdim etadi. Nomzod tasdiqlanadigan duma yig‘ilishi 10 mayga belgilangan.

Yangi bosh vazir tasdiqlanmaguncha avvalgi hukumatning butun tarkibi o‘z vazifasini bajaruvchi sifatida ishlashda davom etadi. Duma tomonidan tasdiqlanganidan keyin bir hafta ichida yangi bosh vazir prezidentga yangi hukumat tuzilmasi bo‘yicha takliflar kiritishi kerak.

  • Rossiyada prezidentlik saylovlari 15-17 mart kunlari o‘tkazilgandi. MSK ma’lumotiga ko‘ra, Vladimir Putinga saylovda ishtirok etganlarning 87,28 foizi ovoz bergan.
  • Rossiya muxolifati vakillari, jumladan muxolifatchi Aleksey Navalniyning bevasi Yuliya Navalnaya, shuningdek siyosatchi va jurnalist Vladimir Kara-Murza ham 2024 yilgi prezidentlik saylovlari natijalarini tan olmaslikka chaqirgan. Yevroparlament «Rossiyadagi prezidentlik saylovlari legitim emasligi» to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qilgan.
  • Inauguratsiya marosimidan keyin Putin bu lavozimda yana olti yil — 2030 yil mayiga qadar qolish huquqini qo‘lga kiritdi. «Interfaks» nashri qayd etishicha, beshinchi prezidentlik muddati yakunlanganida Putin Ivan Grozniy va Yekaterina II kabi hukmdorlardan keyin Rossiyani eng ko‘p boshqargan davlat rahbariga aylanadi.

Mavzuga oid