Bayden Isroilga bir qator qurollar yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qildi
Bayden, agar Isroil Rafahda harbiy operatsiya boshlasa, unga ayrim turdagi qurollar yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qildi. Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar Isroilning mudofaa qobiliyatini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.
AQSh prezidenti Jo Bayden Isroil G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida harbiy amaliyot boshlasa, unga ayrim turdagi qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qildi. «Men aniq aytdimki, agar isroilliklar Rafahga kirsa - ular hali buni qilmadi - men ularga tarixan bunday operatsiyalar uchun foydalaniladigan qurollarni bermayman», dedi Amerika rahbari chorshanba kuni CNN telekanaliga intervyusida.
Baydenning aytishicha, Rafah operatsiyasi «noto‘g‘ri». «Biz buning uchun qurol va artilleriya o‘q-dorilarini bermoqchi emasmiz», deb ta’kidladi Oq uyning amaldagi rahbari.
Shu bilan birga, u Qo‘shma Shtatlar Isroilga mudofaa qobiliyatini saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan barcha narsalarni, xususan, «Temir gumbaz» havo mudofaa tizimi uchun yetkazib berishda davom etishiga ishontirdi. «Biz Isroil xavfsizligini ta’minlashdan bosh tortmaymiz, ammo biz uning hududlarda (masalan, Rafahda) urush olib borish qobiliyatini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortamiz», dedi Jo Bayden.
AQSh allaqachon ba’zi qurollar yetkazib berishni to‘xtatib qo‘ydi
Avvalroq AQSh Isroilga og‘irligi 907 kg bo‘lgan 1800 ta va 226 kilogrammli 1700 ta bomba yetkazib berishni kechiktirgani ma’lum bo‘lgan edi. Bayden CNN telekanaliga bergan intervyusida G‘azo sektorida bunday bombalardan foydalanish natijasida tinch aholi halok bo‘lganini aytdi. AQSh prezidenti TsAHAL bu bombalardan Rafahga hujum paytida foydalanishi mumkinligidan xavotirda, deb yozadi The New York Times manbalarga tayanib. NYT ma’lumotlariga ko‘ra, Vashington Isroilga bunday bombalar uchun yo‘naltirish tizimlarini yetkazib berishni to‘xtatish masalasini ham ko‘rib chiqmoqda.
CNN qayd etishicha, Bayden Isroilga qurol yetkazib berishni cheklashni va G‘azo sektorida yuzaga kelgan gumanitar inqirozga ishora qilayotgan demokrat partiyadoshlari tomonidan kuchli bosim ostida.
Isroil G‘azo sektoridagi «Rafah» o‘tkazish punktini egallab oldi
7 mayga o‘tar kechasi Isroil harbiylari G‘azo sektorining janubiy qismida Misr bilan chegaradosh «Rafah» nazorat-o‘tkazish punktining Falastin qismi ustidan «tezkor nazorat» o‘rnatilgani haqida e’lon qildi. Isroil ommaviy axborot vositalari nazorat-o‘tkazish punktining Falastin qismi ustida Isroil bayrog‘i hilpirab turgani aks etgan kadrlarni namoyish etdi.
6 may oqshomida Isroil harbiylari Rafahning sharqiy qismiga «maqsadli zarbalar» bergani, natijada HAMAS guruhining 20 nafar jangchisi yo‘q qilingani haqida xabar bergan edi. Askarlar uchta tunnel shaxtasini ham topdi. Isroil armiyasi vakili aytishicha, tinch aholining katta qismi allaqachon Rafahdagi evakuatsiya zonasini tark etgan.
Bir kun oldin Isroil Rafahdan tinch aholini evakuatsiya qila boshladi, u Isroilda HAMASning G‘azo sektoridagi so‘nggi tayanch nuqtasi deb ataladigan bu shaharga hujum qilishga hozirlik ko‘ryapti. Ittifoqchilar ko‘p sonli tinch aholi qurbon bo‘lishidan tashvishlanib, Isroilni harbiy operatsiyadan voz kechishga chaqirdi. Bir milliondan ortiq falastinlik qochqinlar G‘azo sektoridagi janglardan qochib, Rafahga yetib kelgan.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 34,7 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Mavzuga oid
08:56
BMT bosh kotibi Isroilning UNRWA ishini taqiqlash qaroridan chuqur xavotirda
14:01 / 31.10.2024
«Bu Kamala va Bayden sharafiga». Tramp chiqindi tashuvchi mashinaga minib oldi
09:20 / 31.10.2024
Iroq o‘z havo hududi Isroil tomonidan buzilgani yuzasidan BMTga shikoyat qildi
21:25 / 30.10.2024