Buxoroda sodir etilgan qotillik jinoyati fosh etildi
Buxoro viloyati Kogon tumanida bedarak yo‘qolgan erkak sinfdoshi tomonidan o‘ldirilgani aniqlandi. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi.
2024 yil 15 yanvar kuni Buxoro viloyati Kogon tumanining Bahovuddin Naqshband mahallasida yashovchi fuqaro tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilib, akasi X.A. 2024 yilning 7 yanvar kuni taxminan soat 19:30 larda yashash uyidan noma’lum tomonga chiqib ketib, qaytib kelmaganligini bildirgan.
Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida tezkor tergov guruhi tuzilib, kechiktirib bo‘lmas tezkor surishtiruv harakatlari olib borildi. O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida huquq-tartibot organlarida bu voqelikda qotillik alomatlari mavjud degan taxmin paydo bo‘ldi. Shu sababli Kogon tumani prokuraturasi tomonidan 2024 yilning 20 yanvar kuni holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari ham boshlab yuborildi.
2024 yilning 7 yanvar kunidan 24 yanvar kuniga qadar bo‘lgan vaqt mobaynida bedarak yo‘qolgan fuqaroni topish maqsadida viloyat hamda tuman prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi va hududiy ichki ishlar organlari, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va boshqa taalluqli idoralarning tajribali xodimlaridan iborat tuzilgan tezkor-tergov guruhlari tomonidan bir qator tezkor surishtiruv, qidiruv hamda tergov harakatlari olib borildi.
Qotillik deya taxmin qilinayotgan holatga aloqador ashyoviy dalillarni topish maqsadida jinoyat sodir qilingan joyga yaqin hududlardan o‘tgan zovur (zaxkash), ariq va kanal suvlari to‘silib, suvi to‘xtatilib tozalandi, qarovsiz bino va inshootlar, qurilishi tugallanmagan obektlar va ularning yon atroflari ko‘zdan kechirildi.
Barcha qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, tanish-bilishlar, muqaddam ushbu turdagi yoki shunga o‘xshash jinoyatlarni sodir qilgan yoki sodir etishga moyil deya ichki ishlar organlari, shuningdek, tibbiyot muassasalarining maxsus hisobida turuvchi shaxslar o‘rtasida tezkor profilaktik, surishtiruv hamda tergov harakatlari olib borildi.
Qidiruv-surishtiruv ishlarining 17-kunida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Tezkor qidiruv xizmati va Kogon tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu holatda haqiqatdan ham qotillik jinoyati sodir etilganligi o‘z tasdig‘ini topdi. Jinoyatni sodir qilgan gumondor shaxs ham aniqlandi.
Ushbu qotillikni sodir qilgan shaxs bir necha marotaba sudlangan, jabrlanuvchining yon qo‘shnisi, bir maktabda o‘qigan sinfdosh do‘sti bo‘lib, spirtli ichimlik ta’sirida o‘zaro kelib chiqqan kelishmovchilik oqibatida o‘z do‘stini urib, do‘pposlashi natijasida umriga zomin bo‘lgan.
Ayblanuvchining aybi uning ko‘rsatmalarini voqea joyida tekshirish tergov harakati hamda guvohlarning ko‘rsatmalariga asosan to‘liq isbotlanib, jinoyat ishi yuzasidan to‘plangan hujjatlar jazoning muqarrarligini ta’minlash uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudiga yuborilgan.
Mavzuga oid
19:02 / 31.10.2024
Navoiydagi cho‘lda 10 nafar yigit pichoqlashdi
11:44 / 30.10.2024
3 yoshli bolaning qotili Jinoyat kodeksining 5 ta moddasi bilan ayblanmoqda
20:16 / 19.10.2024
Tundagi o‘q ovozi – Chortoqdagi qotillik tafsiloti
16:15 / 17.10.2024