O‘zbekiston | 20:34 / 10.05.2024
4213
2 daqiqa o‘qiladi

2024 yilda Rossiyaning 5 milliard dollar investitsiyasi o‘zlashtirilishi kutilmoqda 

Prezident Shavkat Mirziyoyevga 10 may kuni xorijiy sheriklar bilan investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi va kelgusi rejalar yuzasidan hisobot berildi. 

Tadbirda Rossiya, Xitoy, Qatar, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan kooperatsiya loyihalari va investitsiya dasturlariga alohida e’tibor qaratildi. 

Qayd qilinishicha, 2023 yil yakunida Rossiya bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb 10 milliard dollarga yetdi. Ushbu ko‘rsatkichni 2030 yilga qadar ikki barobarga ko‘paytirish maqsad qilingan.  

O‘zbekistonda 3 mingdan ortiq qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. 2023 yilda 700 dan ziyod yangi korxona tashkil etildi. O‘tgan yili Rossiyaning 3 milliard dollarga yaqin investitsiyalari o‘zlashtirilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 5 milliard dollar bo‘lishi kutilmoqda. 

2-3 may kuni dunyoning 93 ta mamlakatidan 2,5 ming mehmon ishtirokida Toshkent xalqaro investitsiya forumida xorijiy hamkorlar bilan imzolangan investitsiya va savdo bitimlarini amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi. Unda barcha bosqichlar, muddatlar va mas’ullar aniq belgilandi. Shuningdek, forumda hamda Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi yig‘ilishida xorijiy investorlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslarni joriy qilish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ishlab chiqilgan.

Davlat rahbari hisobotni tinglab, «yo‘l xaritalari»ning barcha bandlari o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish, investorlar bilan doimiy muloqot qilib, ular uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratish, loyihalarni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarni tizimli hal etib borishni topshirdi. 

Mutasaddilarga to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlikni hozirdan boshlash, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida istiqbolli loyihalar to‘plamini shakllantirish vazifasi qo‘yildi. 

Mavzuga oid