Bishimbayev ishi. Saltanatning o‘limi Qozog‘iston jamoatchiligi va qonunchiligini qanday o‘zgartirdi?
Astanada hakamlar hay’ati Qozog‘istonning sobiq iqtisodiyot vaziri Quvandiq Bishimbayevni rafiqasi Saltanat Nukenovani o‘ldirishda aybdor deb topdi. U 24 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Cud sobiq iqtisodiyot vaziri Quvandiq Bishimbayev va uning amakivachchasi, Saltanat Nukenova o‘ldirilgan BAU restorani direktori Baxtjan Bayjanovga qamoq jazosi tayinladi.
Avvalroq maslahatlashuv xonasida hakamlar hay’ati a’zolari maxfiy ovoz berish yo‘li bilan 13 savolga javob qaytargan, shundan keyin hakam Ayjan Kulbayeva sudlanuvchilar uchun qanday jazo tayinlash bo‘yicha bir qarorga kelgan. Sud Bishimbayevni o‘z xotiniga nisbatan o‘ta shafqatsiz va qiynoqlar qo‘llagan holda qotillik qilishda aybdor deb topdi.
Sobiq iqtisodiyot vaziri 24 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Sud shuningdek Bishimbayevga sud xarajatlari uchun davlat xazinasiga ikki mln tenge (4,5 ming dollar) va Jabrlanuvchilarga tovon to‘lash fondi uchun 103 ming tenge (233 dollar) to‘lash majburiyatini yuklagan.
Ishdagi ikkinchi figurant bo‘lgan Bayjanov jinoyatni yashirishda aybdor deb topilib, unga to‘rt yillik qamoq jazosi qo‘llangan.
Sud hukmi e’lon qilinganidan keyin Nukenovaning akasi Aytbek Amangeldi jurnalistlar bilan suhbatda oila Bishimbayev uchun shunga o‘xshash jazo tayinlanishini kutganini bildirib o‘tdi.
«Umuman olganda, biz shu [qamoq] muddati bilan to‘xtaymiz. 24 yildan keyin u 68 yoshda bo‘ladi. Bu deyarli umrbod qamoq», — deya qayd etgan Amangeldi.
Bishimbayev nimalarga iqror bo‘ldi?
8 may kuni Bishimbayev va Bayjanovga sudda so‘nggi so‘z berilgandi. Ikki sudlanuvchi ham oldindan tayyorlab qo‘yilgan matnni o‘qib berishdi.
Birinchi bo‘lib Bishimbayev chiqish qilib, o‘z so‘zini Xudo va inson o‘z hayot yo‘lida uchratadigan sinovlar haqida gapirish bilan boshladi. U Nukenova o‘lgan kundagi voqealarni «Xudoning sinovi» deb atagan.
«Biz xohlaymizmi yoki yo‘q, buni anglaymizmi yoki yo‘q, biz har kuni uning sinovidan o‘tamiz. Eng yuqori axloqiy qadriyatlar uchun sinov. O‘sha kuni, men aytishim kerakki, 8 dan 9 noyabrga o‘tar kechasi (Saltanat Nukenova vafot etgan kun — tahr), men bu sinovdan o‘ta olmadim [...] Mening harakatlarim o‘zim uchun sevimli bo‘lgan inson o‘limiga sabab bo‘ldi», — degan Bishimbayev.
Sudlanuvchi Nukenovaning o‘limini istamagani va o‘sha kungi voqealar «bunday yakunlanishini taxmin qilmagani»ni ta’kidlagan.
«Men aybdorman, ammo qasddan qotillik qilishda emas. Qo‘lga olingan ilk daqiqamdan buyon men o‘sha kungi vaziyat haqida haqiqatni aytib kelaman, men yashirinish va javobgarlikdan qochish imkoniyatiga ega bo‘lsam-da, bunday qilmadim», — degan sobiq vazir.
U hakamlar hay’atidan, o‘zining fikricha, hokimiyat organlari unga qarshi «ayblovchi va noxolis» ishlayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda esa unga qarshi nafrat qo‘zg‘atuvchi kampaniya ketayotgani fonida «xolis va adolatli bo‘lish»ni so‘ragan.
Ikkinchi sudlanuvchi Bayjanov esa o‘zining so‘nggi so‘zida Nukenova jon bergan restorandagi kameralar yozuvlari uning buyrug‘i bilan o‘chirib tashlangani, shuningdek uning topshirig‘i bilan ayollar kiyimi olib kelingani va vafot etgan ayolning telefoni geolokatsiyani yashirish maqsadida boshqa joyga olib ketilganini tan olgan.
Ammo u og‘ir jinoyat sodir etilib, Nukenova o‘sha kunning o‘zida vafot etganidan xabari bo‘lmaganini aytgan. Ikki sudlanuvchi ham qurbonning yaqinlaridan kechirim so‘ragan.
Bishimbayev va uning himoyachilarining pozitsiyasi qanday o‘zgardi?
So‘nggi so‘z vaqtida Bishimbayev rafiqasining o‘limiga olib kelgan og‘ir tan jarohati yetkazishda aybdor ekaniga iqror bo‘lgan. Sobiq vazir Nukenovani qiynoqqa solib, o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirgani to‘g‘risidagi ayblovga qo‘shilmagan.
Bishimbayev sud jarayonida bir necha marta rafiqasini o‘ldirish bo‘yicha aybini tan olmasligini aytgandi. U va uning himoyachilari Nukenov yiqilib boshi bilan unitazga va restoran poliga urilishi oqibatida olingan jarohatlardan vafot etganini aytgandi.
11 mart kuni bo‘lib o‘tgan dastlabki sud majlisida sobiq vazirning advokatlari hatto unga qo‘yilayotgan moddani yumshoqrog‘iga — ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga sababchi bo‘lish to‘g‘risidagi moddaga o‘zgartirishni so‘rashgandi. O‘ta shafqatsizlik bilan sodir etilgan qotillik uchun Bishimbayevga 20 yilgacha qamoq jazosi yoki umrbod qamoq tahdid solgan bo‘lsa, ehtiyotsizlik bilan o‘limga sababchi bo‘lish haqidagi modda uchun uch yilgacha qamoq jazosi qo‘llangan bo‘lardi.
Bishimbayevning himoyasi dastlabki eshituvda «sudlanuvchi o‘ldirish niyatida bo‘lmagani va Nukenovani oyoqlari bilan tepmagani»ni ta’kidlagandi.
«Chindan ham restoranda mojaro bo‘lgan. Bishimbayevning barcha harakatlari Saltanat Nukenovani tinchlantirishga qaratilgandi», — degan advokat.
Keyinroq kaltaklash videosi namoyish etilgach, sobiq vazir rafiqasining «bel sohasi»ga tepgani va uni hushiga keltirish uchun yuziga urganini tan oladi
Bishimbayev va uning himoyachilari sudda Nukenovani o‘ldirishga motiv isbotlanmaganini da’vo qilishgan.
Sudda ishning qanday detallari ma’lum bo‘ldi?
Sudda Bishimbayev rafiqasiga ishlashni, odamlarga astrologiya bo‘yicha maslahatlar berishni taqiqlagani, uni nazorat qilgani ma’lum bo‘ldi. Davlat ayblovchisining versiyasiga ko‘ra, er-xotin bo‘lib yashashganida sobiq vazir Nukenovaga jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik qilgan, qotillik uchun motiv esa rashk bo‘lgan.
Prokuror Ayjan Aymaganova Nukenovaning o‘z telefonida qoldirgan bitiklarini o‘qib eshittirdi. «Men sening o‘yinchog‘ing emasman, meni doimo qo‘rqitishing va bir gapni qaytarishing uchun sening bolang emasman — sezgan bo‘lsang, men aqli zaif emasman. Men 24/7 davomida nima qilishim kerakligini eshitishni istamayman. Har bir janjaldan keyin o‘zimga kelishim uchun bir kun ketadi, keyin esa o‘z ishlarim bilan shug‘ullanishim, seni tabassum bilan qarshi olishim, charchagan bo‘lmasligim kerak», — deya Nukenovaning so‘zlarini keltirgan prokuror.
Sud jarayoni vaqtida Bishimbayevning telefoni ham ochilgan. Sudya Ayjan Kulbayeva telefonni ko‘zdan kechirgan va sobiq vazir 9 noyabr kuni, rafiqasining o‘limi oldidan restoranda va mashinada olgan videoyozuvlarni qo‘yib bergan. Bu roliklarda Bishimbayev Nukenovani haqoratlaydi va o‘tmishda kim bilan jinsiy munosabatda bo‘lgani bo‘yicha so‘roq qiladi.
Sudmedekspertiza xulosasiga ko‘ra, Nukenova yopiq bosh chanog‘i va miya jarohati natijasida vafot etgan — o‘lim tez yordam yetib kelishidan 6-8 soat oldin sodir bo‘lgan. Uning burni singan, boshida esa ko‘plab momataloqlar va jarohatlar bo‘lgan.
Davlat ayblovi ma’lumotiga ko‘ra, restoranda uch kishi Bishimbayevdan juda ko‘p marta tez yordam chaqirishni so‘rashgan, ammo tibbiyot xodimlari faqat 9 noyabr tongida chaqirilgan.
Sudmedekspert Taxir Xalimnazarov sudda Nukenovaning burni parchalanib ketgani, bunday jarohat esa silliq yuzaga urilish oqibatida ro‘y bermasligini aytgan — bu orqali u Bishimbayev va advokatlari iddao qilgan polni nazarda tutgan.
«[Burun] sinib ketishi uchun, odamning boshini unitazga urish kerak. [...] Bu inson bu qadar tezlik bilan uriladigan masofa emas. Bunday balandlik odam tanasi shunday kinetik energiyaga ega bo‘lib, shunday jiddiy jarohat olishi uchun yetarli emas», — degan mutaxassis.
Qolaversa, sudda jarohatlar natijasida Nukenovada 230 ml qon miqdoridagi miya gematomasi paydo bo‘lgan — bu halokatli ko‘rsatkich hisoblanadi.
Bundan tashqari, ekspertiza Nukenova o‘lim kuni mast holatda bo‘lmagani haqida xulosa bergan: uning qonidagi alkogol miqdori juda kam bo‘lgan. Bishimbayev esa Nukenova restoranda u bilan birga uch shisha ko‘piklanadigan vino ichgani va ular «munosabatlarga oydinlik kiritmoqchi bo‘lishgani»ni aytgandi.
Bishimbayev ustidan sud Qozog‘istonga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
Astrolog Saltanat Nukenovaning o‘limi va sud jarayoni Qozog‘iston jamoatchiligida katta rezonans uyg‘otdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda o‘ldirilgan ayolni himoya qilib, minglab postlar yozishdi. Shuningdek, qozog‘istonliklar oiladagi zo‘ravonlik to‘g‘risidagi qonuni qabul qilishni tezlashtirishni talab qilishdi. Xususan, 2021 yilda yo‘lga qo‘yilgan onlayn-petitsiya Nukenovaning vafoti va Bishimbayevning qo‘lga olinishidan keyin 120 ming imzo to‘pladi.
Qozog‘iston parlamenti ko‘rib chiqqan tuzatishlar norasmiy ravishda «Saltanat qonuni» nomini oldi. 2023 yildayoq parlamentariylar Qozog‘iston prezidenti topshirig‘i bilan zo‘ravonlikni kriminallashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi tashabbusini bildirgandi. Ammo hujjatni parlamentning quyi palatasi, Majilis faqat 2024 yil yanvariga kelib qabul qildi.
11 aprel kuni esa Senat qonun loyihasini ikki o‘qishda ma’qulladi. To‘rt kun o‘tib esa Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev qonunni imzoladi.
Shu tariqa, hukumat qasddan badanga yengil shikast yetkazish uchun jazoni qat’iylashtirdi va jarima miqdorini sakkiz baravar, qamoq muddatini ikki yarim baravar oshirdi. Endi bunday holatlar uchun jarima miqdori 295 ming tengegacha (650 dollar), qamoq muddati — 25 kungacha bo‘ladi.
Bu voqealar ortidan hukumat amaldorlar tomonidan sodir etilgan oilaviy zo‘ravonlik holatlariga tezkorlik bilan munosabat bildira boshladi. 10 may kuni Astana politsiya departamenti avval Qozog‘istonning Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchisi maslahatchisi bo‘lib ishlagan diplomat Saken Mamashga qarshi jinoiy ish ochdi.
6 may kuni TIV uy zo‘ravonligi bo‘yicha ayblov tufayli Mamashni BAAdan chaqirib oldi. Uning rafiqasi Karina Mamash «NeMolchiKZ» fondi orqali davlatdan yordam so‘ragandi.
Inson huquqlari himoyachisi bo‘lgan tashkilot ijtimoiy tarmoqlarda qozog‘istonlik ayolning videomurojaatini tarqatdi. Videoda ayol 10 yil mobaynida jismoniy, iqtisodiy va hissiy zo‘ravonlikka uchrab kelishini ma’lum qilgan. Mamash turmush o‘rtog‘ini javobgarlikka tortishda davlatdan yordam so‘ragan.
Mavzuga oid
22:27 / 25.12.2024
Mustaqil Qozog‘iston tarixidagi eng yirik aviahalokatlar sanab o‘tildi
21:32 / 25.12.2024
Azerbaijan Airlines samolyotining Qozog‘istondagi halokatida 38 kishi vafot etdi
23:10 / 23.12.2024
Rossiya Qozog‘istonda 7 mln dollarlik firibgarlik ishida ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarosini ekstraditsiya qildi
17:57 / 23.12.2024