Toshkentda maktab qo‘riqchisi va oshxona xodimi mushtlashdi
Internetda videosi tarqalgan holat Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 50-maktabda sodir bo‘lgan. Maktabga o‘zboshimchalik bilan avtomobilida kirgani aytilgan oshxona xodimi maktab qo‘riqchisi bilan mushtlashgan va jarohatlangan. Voqeadan keyin qo‘riqchi boshqa joyga ishga o‘tkazildi.
Tarmoqlarda Toshkentdagi maktablardan birida Milliy gvardiya kiyimidagi shaxs fuqaro bilan mushtlashgani aks etgan video tarqaldi.
Unda xizmat kiyimidagi shaxs janjal vaqtida haydovchini maxsus xizmatlar foydalanadigan rezina tayoq (dubinka) bilan urgani ko‘rinadi. Holat bo‘yicha Milliy gvardiya rasmiy munosabat bildirdi.
Unda aytilishicha, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 50-maktabning oshxonasida ishlovchi fuqaro shaxsiy avtotransport vositasi bilan ruxsatsiz, o‘zboshimchalik bilan maktab hududiga kirgan. Bu holatni ko‘rgan maktab qorovuli fuqaroni maktab hududiga avtomashina bilan kirish mumkin emasligi to‘g‘risida ogohlantirib, mashinani olib chiqishini talab qilgan.
“Fuqaro N.A. esa qorovulning qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, uni haqorat qilgan va unga faol qarshilik ko‘rsatgan. Shundan keyin maktab qorovuli fuqaro N.A.ga nisbatan kuch ishlatishga majbur bo‘lgan”, – deyiladi xabarda.
Ammo izohda maktab qorovuli deyilgan shaxs Milliy gvardiya xodimi ekani yoki yo‘q – aniqlashtirilmagan.
Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining versiyasiga ko‘ra, janjal 10 may kuni taxminan soat 07:30larda maktab darvozasining qulf-kaliti sabab yuzaga kelgan.
“Maktab oshxonachisi “Avgayfayz” MChJ xodimi N.A. va tuman qo‘riqlash bo‘linmasi vakili, maktab qo‘riqchisi A.A. o‘rtasida maktab darvozasining qulf-kaliti uchun mojaro kelib chiqqan. Janjal oqibatida oshxonachi A.N. jarohatlangan.
Maktab qo‘riqchisi A.A. tuman qo‘riqlash bo‘linmasi tomonidan boshqa obektga ishga o‘tkazilgan”, – deyiladi munosabatda.
Hozirda huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Reyinroq batafsil ma’lumot berilishi aytildi.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Farg‘onaning Qo‘shtepa tumanidagi maktabida inspektor-psixolog sifatida ishlayotgan Milliy gvardiya xodimi yuqori sinf o‘quvchisiga shapaloq tushirishi ortidan lavozimidan chetlatilgandi.
Mavzuga oid
12:47 / 26.06.2024
Samarqandda O‘zbekiston-Germaniya salomatlik fanlari oliy maktabi ochildi
07:59 / 26.06.2024
Ayrim maktablar xodimlariga har oylik 100 foizgacha ustama to‘lash tartibi joriy etiladi
14:34 / 19.06.2024
O‘zbekistonda ayrim o‘qituvchilarning oylik maoshi oshirilishi mumkin
07:32 / 18.06.2024