Jahon | 12:11 / 16.05.2024
21544
11 daqiqa o‘qiladi

Putinning Xitoyga tashrifi. U deyarli barcha yirik amaldorlarini o‘zi bilan olib keldi

Putin navbatdagi muddatga prezidentlikka kirishganidan keyingi ilk xorijiy safarini Xitoyga amalga oshirdi. U Si Jinping bilan hammadan ko‘p – 40 martadan ortiq uchrashgan.

Rossiya rahbari Vladimir Putin «qadrdon do‘sti» Si Jinpingning mehmoni bo‘ldi. U navbatdagi prezidentlikka kirishganidan keyin o‘zgargan hukumatidagi deyarli barcha asosiy amaldorlar bilan birga tashrif buyurgan.

Putin va Si Jinping payshanba tongida muzokaralar o‘tkazdi, bu ikki yarim soat davom etdi. Undan oldinroq Pekindagi Xalq majlislari maydonida muhtasham kutib olish marosimi bo‘lib o‘tgandi. Rahbarlar zambaraklardan baravar o‘t ochib qarshi olingandi.

Rossiya va Xitoy munosabatlari «yirik derjavalar o‘rtasida munosabatlar uchun etalonga aylandi», degan muzokaralarda Si Jinpin, Putin esa Moskva va Pekinning hamkorligi — xalqaro maydondagi asosiy barqarorlashtiruvchi omillardan biri ekanini aytgan. Muzokaralardan keyin ular «Har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risida»gi bayonotni imzolashdi. Bu nimani anglatadi?

Delegatsiya Rossiya iqtisodiyoti va harbiy mashinasi G‘arbning savdo va moliyaviy sanksiyalari tufayli kundan kunga tobora kuchliroq qaram bo‘lib borayotgan Xitoy bilan Kremlning aloqalarini mustahkamlashni ko‘zlagan.

Ikki kunlik tashrif Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin dunyoning rivojlangan mamlakatlarida nazardan qolgan Putin uchun ham tasalli bo‘ladi. Xitoy dunyoda rossiyaliklar yetakchisi uchun Ukrainadagi harbiy jinoyatlarga oid ayblovlar tufayli hibsga olish uchun order emas, iliq qabul kafolatlangan yagona yirik davlatdir.

Si Jinping Putinni «qadrdon do‘st» deb ataydi, qo‘shni mamlakatga bosqin uchun tanqid qilmagan va uning dunyodagi G‘arb gegemonligidan noroziligiga qo‘shiladi. Si Putin bilan allaqachon 40 martadan ortiq uchrashgan — bu dunyodagi boshqa yetakchilardan istalgan biri bilan uchrashuvlar sonidan ikki barobar ko‘p hisoblanadi.

Ukrainaga bosqin arafasida ham Putin navbatdagi marta Pekinda mehmon bo‘lgandi va o‘shanda ular Si bilan «chegarasiz do‘stlik va istisno zonalarsiz hamkorlik» to‘g‘risidagi bayonotni imzolab, bu «uchinchi mamlakatlarga qarshi qaratilmagani»ni aytishgandi.

Ikki yil o‘tdi va AQSh Xitoyga aynan shu borada e’tiroz bildirmoqda — uni Kremlga Ukrainani egallashda va g‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishda yordam berishda ayblamoqda. Endilikda Xitoy banklari ham Amerika sanksiyalari tahdidi ostida qolgan va ular rossiyaliklarning to‘lovlariga ehtiyotkorona yondasha boshlagan.

Natijada so‘nggi ikki oyda Xitoyning Rossiyaga eksporti hajmi qisqardi, holbuki shu vaqtga qadar savdo muntazam ravishda o‘sib, o‘tgan yili rekord darajadagi 240 mlrd dollarga yetgandi.

Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi moliyaviy va savdo oqimlarini amerikaliklardan qanday qilib yaxshiroq yashirish masalasi Rossiya delegatsiyasi bilan muzokaralarda ko‘tarilishi aniq.

Choy, konsert va tet-a-tet

Putin va Si — «qadrdon do‘stlar». Fotoda ular 2018 yilda Vladivostokda qadah ko‘tarishgani aks etgan

Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov Rossiya agentliklariga ma’lumot berishicha, chorshanba kuni kechqurun konsertdan so‘ng Si bilan tor doirada, keng va tet-a-tet formatdagi muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

«Saroy yonidagi xiyobonda sayr qilishadi, choy ichishadi, keyin esa tabiiyki norasmiy muzokaralar o‘tkaziladi, — deya Ushakovdan iqtibos keltirgan „Interfaks“. — Xitoyda choy ichish eng muhimi, ayniqsa yakkama-yakka holatda».

Putin va Sini umumlashtiradigan jihatlar ko‘p: ikkisi ham hokimiyatning avtoritar vertikalini qurishgan, ikkisi ham hokimiyatdan norozi bo‘lganlarni bostiradi, ikkisi ham davlatni umrbod boshqarishni ko‘zlagan, ikkisi ham o‘z mamlakati hududlarini qaytaruvchi deb biladi.

71 yoshda, Si bir oydan keyin 71 yoshga to‘ladi. Ular 2018 yilda Vladivostokda do‘stona tarzda ikra bilan aroq ichishgan, Putin tashrif arafasida Xitoy nashrlariga bergan intervyusida bir yil oldin Si o‘z inauguratsiyasidan keyin Moskvaga kelgani va ular qariyb besh soat mobaynida yakkama-yakka suhbat qurishganini «iliq xotira sifatida esladi».

Tor doiradagi muzokaralarga Putin yangi mudofaa vaziri Andrey Belousovni, vazirlikning sobiq rahbari, endilikda Xavfsizlik kengashi kotibiga aylangan Sergey Shoyguni hamda TIVning almashmas rahbari Sergey Lavrovni taklif etgan.

Keng doiradagi muzokaralar uchun esa Putin olti nafar vitse-premerni, barcha asosiy vazirlarni, o‘z administratsiyasining bir qismini, yigirma nafar gubernatorlar, davlat banklari va davlat kompaniyalari rahbarlarini olib kelgan.

Ularning to‘liq bo‘lmagan ro‘yxati quyidagicha (qisqalik uchun lavozimlari keltirilmaydi): Denis Manturov, Tatyana Golikova, Aleksandr Novak, Vitaliy Savelev, Yuriy Trutnev, Dmitriy Chernishenko, Maksim Reshetnikov, Anton Siluanov, Aleksandr Kozlov, Maksim Oreshkin, Dmitriy Peskov, Igor Sechin, Gennadiy Timchenko, Yuriy Chixanchin, Aleksey Lixachev, Oleg Belozerov, German Gref, Oleg Deripaska, Kirill Dmitriyev, Andrey Kostin, Leonid Mixelson, Igor Shuvalov, Sergey Kulikov, Alekandr Shoxin, Aleksandr Repik.

G‘arbga qarshi birgalikda do‘stlik

G‘arb avtokonsernlari Rossiyadagi zavodlarni tashlab ketishgan, xitoyliklar esa yangi zavodlar qurishga shoshilmayapti, ammo Xitoyda yig‘ilgan mashinalarni mamnuniyat bilan sotishmoqda. Fotoda Moskvadagi savdo markaziga qo‘yilgan Jetour

Rossiya va Xitoy rahbarlarini birlashtiradigan asosiy jihat — G‘arbni yoqtirmaslikdir. Ammo bunda jiddiy farq bor. Putin uni mutlaqo yovuzlik deb biladi va uning u tomon yo‘li yopilgan. Janob Si esa AQSh va Yevropaga teng huquqli va badavlat hamkorlar sifatida qarab, ularni yo‘qotishni istamaydi va o‘zaro hurmatni saqlaydi.

Biroz oldinroq u Yevroittifoqdagi yagona yadroviy davlatda bo‘lgan, fransuzlar prezidenti Emmanuel Makron uni tog‘dagi restoranda qo‘zichoq go‘shti bilan siylab, stolga qimmatbaho konyak qo‘ygandi.

Makron yana bir marta Sidan Putinga ta’sir ko‘rsatib, uni Ukrainadagi urushni avj oldirishdan qaytarishga ko‘ndirishni so‘ragandi. Putinning Pekinga tashrifi Si Makronni qanchalik eshitgani yoki o‘tgan safargidek uning gaplari bir qulog‘idan kirib, ikkinchisidan chiqib ketganini ko‘rsatib beradi.

Fransiyada Si Makronga Ukrainadagi urushda Xitoyni ayblamaslikni taklif qilib, «bu inqirozni Xitoy boshlamagani va unda ishtirok etmayotgani»ni bildirdi. Va agar G‘arb Xitoyni Rossiyaning ittifoqchisi sifatida Kremlning Ukrainada qilayotgan ishlari uchun jazolasa, «yangi sovuq urush» ro‘y berishidan ogohlantirdi.

Si anchadan buyon G‘arbning AQShning ko‘rsatmasi bilan amalga oshirilayotgan barcha harakatlari Xitoyni jilovlashga qaratilganini aytib keladi. Putin ham G‘arb Rossiyani tiz cho‘ktirishga intilayotganini da’vo qiladi. U Ukrainaga bosqinini aynan shu gap bilan asoslagan va Xitoyga tashrifi oldidan Xitoy jamoatchiligiga mojaro AQSh Rossiyani hurmat qilmasligi va boshqalarga ham bunga ruxsat bermagani uchun boshlangani haqida gapirdi.

«AQSh boshchiligidagi g‘arb elitasi tsivilizatsion va madaniy xilma-xillikni hurmat qilishdan bosh tortadi hamda asrlar davomida shakllangan an’anaviy qadriyatlarni rad etadi. Ular o‘z global hukmronligini saqlab qolish uchun boshqa xalqlarga kimlar bilan do‘st bo‘lish va hamkorlik qilish mumkin, kimlar bilan mumkin emasligini belgilab bermoqchi bo‘ladi. Ularni o‘z taraqqiyot modelini tanlash huquqidan mahrum etishadi», — degan Putin.

Va qo‘shimcha qiladi: «Biz xalqaro huquq ustuvorligi tarafdorimiz».

BMT esa boshqacha fikrda.

«Rossiyaning Ukrainaga hujumi — bizning ko‘p tomonlama tizimimizning asosiy tamoyillari va qadriyatlariga qarshi chorlovdir. Bu bizning kollektiv vijdonimizga haqorat. Bu BMT Ustavi va xalqaro huquq buzilishi», — degandi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bosqinning bir yilligida.

Ruslar xitoyliklar bilan asriy birodar

Ru I ismli ulkan panda Moskvadagi hayvonot bog‘ida 2024 yil 12 fevralda xitoyliklarning oy taqvimi bo‘yicha yangi yilini nishonlamoqda

Keng ko‘lamli bosqin boshlangach, Rossiya uchun g‘arbning boy bozorlari, texnologiyalari va kreditlaridan foydalanish imkoniyatlari keskin qisqardi. Putinning 25 yillik boshqaruvining birinchi yarmida Rossiya iqtisodiyoti keskin ko‘tarilishida aynan ular katalizator vazifasini o‘tagandi.

Endi Kreml zudlik bilan Xitoyda muqobil variantlarni qidirmoqda, ammo urush sharoitida iqtisodiyotda keng ko‘lamli burilish qilish qiyin kechmoqda. Xitoy g‘arb texnologiyalari va ilg‘or elektronikasini to‘liq almashtirishga qodir emas, qolaversa, Rossiya tushib qolgan holatdan foydalanib qoladi.

Xitoy Rossiya neftini arzonlashtirilgan narxlarda xarid qilmoqda, o‘z mashinalarini esa o‘z narxida sotishda davom etmoqda. Kremlning Xitoyga «Sila Sibir — 2» gaz quvurini sotishga bo‘lgan urinishlari bir necha yildan buyon oldinga siljimayapti. Gaz quvuri kelgusida Yevropa bozoridagi yo‘qotishlarni qisman qoplashga yordam berishi mumkin edi. Ammo xitoyliklar shoshilmayapti, shu tufayli «Gazprom» rahbari yirik delegatsiyadan joy olmagan, u Pekinga emas, Eronga yo‘l olgan, shartnoma bu safar ham imzolanmaydi.

Ammo Putin yakunda barchasi joyida bo‘lishiga ishonmoqda. Va nafaqat iqtisodiyotda. Uning kuzatuvlariga ko‘ra, Rossiya va Xitoy xalqlari madaniy jihatdan yaqinlashmoqda.

«XXR rassomlari ishtirokidagi ko‘rgazmalar doimo katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazilmoqda… Xitoy madaniyati va san’ati rossiyaliklarda katta qiziqish uyg‘otmoqda», — degan Putin Xitoy nashrlariga intervyusida va G‘arb bilan ajralishdan keyin Sharq bilan madaniy yaqinlashuvga misol keltirgan:

«Masalan, Moskvada birinchi marta Oy taqvimi bo‘yicha Yangi yil keng nishonlandi», — degan Putin.

U o‘zi ham Xitoy madaniyatiga qiziqib borayotganini tan olgan.

«Sizning jang san’atlaringiz to‘g‘risida, jumladan ushu to‘g‘risida yaxshi xabardorman, Xitoy falsafasini hurmat qilaman. Oila a’zolarim ham Xitoyga qiziqishadi, ayrimlari xitoy tilini o‘rganmoqda», — degan Putin an’anaga ko‘ra qarindoshlarini ismini tilga olmasdan.

Mavzuga oid