O‘zbekiston | 18:26 / 18.05.2024
4203
2 daqiqa o‘qiladi

Senatda bank kartalaridan mablag‘larni o‘zlashtirish holatlariga barham berilmaganligi tanqid qilindi

Senatorlar Markaziy bankning 2024 yilgi faoliyatida bazaviy inflatsiya darajasini pasaytirish choralarini ko‘rish, narxlar barqarorligini ta’minlash, to‘lov tizimlari barqaror ishlashini ta’minlash va xizmatlar ko‘lamini kengaytirib borish hamda pul mablag‘lari firibgarlik yo‘li bilan yechilishining oldini olishga qaratilgan kiberxavfsizlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha takliflarni berdi.

Foto: Senat.uz

Senatning 52-yalpi majlisida O‘zbekiston Markaziy bankining 2023 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

Hisobotda qayd etilishicha, 2023 yilda tijorat banklaridagi milliy valutadagi depozitlar qoldig‘i 2022 yilga nisbatan 1,3 barobarga oshib, qariyb 170 trln so‘mni tashkil etgan.

Jismoniy shaxslarning depozitlari qoldig‘i 1,4 barobarga o‘sib, 64 trln so‘mga, yuridik shaxslarning depozitlari qoldig‘i 1,2 barobardan ko‘proq oshib, qariyb 106 trln so‘mga yetgan.

2023 yilning I choragidan boshlab inflatsiya darajasining pasayish tendensiyasiga o‘tganligi sababli 2023 yil mart oyidan asosiy stavka 15 foizdan 14 foizga pasaytirilgan.

Pul-kredit sohasidagi ushbu chora-tadbirlar inflatsiya darajasini yuqori sur’atlarda o‘sishini jilovlash imkonini berib, 2023 yil yakunlari bo‘yicha inflatsiya darajasi 8,8 foiz atrofida shakllangan.

Shu bilan birga, senatorlar Markaziy bank tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator vazifalarga e’tibor qaratib, fuqarolarning bank kartalaridan turli firibgarlik yo‘llari bilan mablag‘larni o‘zlashtirish holatlariga barham berilmagani, Humo va Uzcard to‘lov terminallari tizimini integratsiya qilish ishlari yakunlanmagani, muammoli kreditlarning umumiy kredit portfelidagi ulushi deyarli o‘tgan yilgi darajada saqlanib qolayotganini qayd etdilar.

Markaziy bankning 2024 yilgi faoliyatida bazaviy inflatsiya darajasini pasaytirish choralarini ko‘rish, narxlar barqarorligini ta’minlash, to‘lov tizimlari barqaror ishlashini ta’minlash va xizmatlar ko‘lamini kengaytirib borish hamda pul mablag‘lari firibgarlik yo‘li bilan yechilishining oldini olishga qaratilgan kiberxavfsizlik choralarini kuchaytirish borasida ishlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Mavzuga oid