Eron prezidentining o‘limi, Xarkiv frontini barqarorlashtirgan Ukraina va yana bir kemasidan ayrilgan Rossiya - kun dayjesti
O‘tgan kun mobaynida dunyoda sodir bo‘lgan voqealar, hodisalar va yangiliklar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirib o‘tamiz.
Eron prezidentining halokati
Eron prezidenti Ibrohim Raisiy va boshqa rasmiy shaxslar o‘tirgan vertolyot poytaxt Tehronga qaytayotib Sharqiy Ozarboyjon viloyati hududidagi baland tog‘larda halokatga uchragan. Mehr agentligi Eron prezidenti Ibrohim Raisiy, tashqi ishlar vaziri Hussayn Amir Abdullohiyon va boshqa barcha yo‘lovchilar aviahalokat natijasida vafot etganini xabar qildi.
Baxtsiz hodisa 19 may kuni sodir bo‘ldi. Eron prezidenti Ibrohim Raisiy, shuningdek, mamlakat tashqi ishlar vaziri Hussayn Amir Abdullohiyon va Sharqiy Ozarboyjon viloyati gubernatori Maliy Rahmatiy va Tabriz bosh imomi oyatulloh Muhammad Ali Al-Hoshim Ozarboyjon Respublikasi bilan chegaradagi to‘g‘on ochilishidan qaytishayotgan edi.
Ibrohim Raisiy to‘g‘onni Ozarboyjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyev bilan birga rasman ochib bergan.
Ma’lum qilinishicha, Raisiy mingan vertolyot Sharqiy Ozarboyjon viloyatining poytaxt Tehrondan 600 km uzoqlikdagi Uzi qishlog‘i yaqinida qulagan.
Eronda vertolyotlar ko‘p, ammo xalqaro sanksiyalar ularni ta’mirlash va xizmat ko‘rsatishni qiyinlashtirgan. Mamlakat harbiy-havo floti asosan 1979 yilgi Islom inqilobidan oldin tashkil etilgandi. Raisiy Ozarboyjondan AQShda ishlab chiqarilgan eski rusumdagi Bell 212 vertolyotida qaytayotgan bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, vertolyotning halokatga uchraganiga noqulay ob-havo sharoitlari, xususan qalin tuman sabab bo‘lgan.
20 ga yaqin qidiruv ortyadlari tunda baland tog‘lar ichida qulagan vertolyotni axtarishga kirishgan.
Tunda ko‘rish uskunalariga ega Eron vertolyotlari mamlakat markazidagi Isfahon shahridagi to‘rtinchi aviabazada saqlanadi. Shu sababli Eron Turkiyadan tunda ko‘rish uskunalariga ega vertolyot so‘ragan. Chunki voqea yuz bergan joy Turkiyaga yaqin. Turkiyaning AKINCI dronidan halokat yuz bergan joy tasviri uzatilgan.
Qutqaruvchilar uzoq urinishlardan so‘ng vertolyot qulagan joyga yetib borgan va tog‘ yonbag‘riga qulagan vertolyot butunlay yonib ketganiga guvoh bo‘lishgan.
Avvalroq Eron Qizil yarimoy jamiyati rahbari Pirhusayn Kulivand vertolyot yo‘lovchilari tirikligiga «biror ishora» yo‘qligini ma’lum qilgan.
Bungacha Yevropa Ittifoqi, O‘zbekiston, Turkiya va Rossiya doxil ko‘pgina davlatlar vertolyotni axtarish uchun o‘z yordamlarini ko‘rsatishini ma’lum qilishgan. Hattoki AQSh prezidenti Jo Bayden ham voqea sabab mehnat ta’tilini to‘xtatib ishga qaytgan.
Agar Raisiyning halok bo‘lgani rasman tasdiqlansa, uning lavozimini birinchi vitse-prezident Muhammad Mohbar egallaydi. U 50 kun ichida o‘tkaziladigan yangi prezidentlik saylovigacha prezident vazifasini vaqtinchalik bajaradi.
Eron Islom Respublikasining 8-prezidenti bo‘lmish 63 yoshli Ibrohim Raisiy 1979 yilgi Islom inqilobidan buyon hukumat tizimida ishlab keladi. U 2021 yilning 3 avgustida Hasan Ruhoniy o‘rniga lavozimga o‘tirgan.
Eron teokratik davlat hisoblanadi va undagi prezidentlik lavozimi rivojlangan demokratik davlatlarida bo‘lgani singari davlatning yakka rahbari hisoblanmaydi. Eronning siyosiy tizimida oliy rahnamo oyatulloh Ali Xominaiy katta rol o‘ynaydi.
Eronda Imom Rizoning tavallud oqshomi bo‘lganligi bois, ba’zi bir shaharlarda mushakbozlik qilingani kuzatilgan. Mushakbozlikning sababi Ibrohim Raisiyning vertolyoti halokatga uchragani sababli emas. Ba’zi kanallar buni boshqacha talqin qilishgan. Aslida, butun mamlakatda prezident va boshqa rasmiylar eson-omon topilishini so‘rab odamlar duoga qo‘l ochishgan.
Xorijdagi Eron muxolifati ijtimoiy tarmoqlarda Tehronda odamlar prezident vertolyoti qulaganini shodonlik bilan nishonlayotgani haqida soxta tasvir va xabarlar tarqatishgan.
«Eronda prezident Rossiyadagi bosh vazir singari ahamiyatga ega. Raisiy o‘zidan avvalgi prezidentlarga nisbatan kuchsizroq siyosatchi sanalsa-da, Mahmud Ahmadiynajotdan so‘ng juda tajovuzkor sanalgan. Eronda so‘nggi yillardagi trend — siyosiy kurash tobora ochiqlikdan parda ortiga o‘tayotgani edi. Bunga bosh argument ma’muriy resurs va kuchdan foydalanish bo‘layotgan edi. Xuddi Rossiyadagidek», — degan rossiyalik siyosatshunos Abbos Gallyamov.
«Farazlardan biriga ko‘ra, bu halokat ortida Isroil turgan bo‘lishi mumkin. Bu Eronning Yaqin Sharqdagi ekspansiyasiga o‘ziga xos javob, eronliklarga chegarani bosib o‘tmasliklaridan ogohlantirish tarzida aniq bir noma bo‘lishi mumkin», — degan sharqshunos Dmitriy Bridjye. Ekspertning fikricha, rasmiy darajada Isroil va AQShning aloqadorligi haqida gapirilmaydi. Bu mamlakatda xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar tan olinishini anglatadi.
Falastin yangiliklari
BMT Bosh Assambleyasi Falastinning tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi arizasini qo‘llab-quvvatladi.
G‘azoda bo‘layotgan urush fonida Birlashgan Millatlar tashkilotining favqulodda o‘tkazilgan sessiyasida Falastinning tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi arizasi qo‘llab-quvvatlangan.
Bosh Assambleyaning 9 maydagi rezolyutsiyasi Falastinga yangi «huquq va imtiyozlar» taqdim etadi. Bosh Assambleya Xavfsizlik Kengashidan Falastinni BMTning 194-a’zosi sifatida to‘laqonlik a’zolik masalasini «ijobiy hal qilish»ga chaqirgan.
Isroil hujumlari tufayli G‘azodagi vayronalar soni Drezden vayronalaridan ham ko‘proq va ayanchliroq ekani aytilmoqda.
Tahlilchilarga ko‘ra, qayd qilingan ziyonlar sur’ati avval o‘rganilganlariga mutlaqo o‘xshamaydi. G‘azoning Isroil tomonidan 7 oy mobaynida bombardimon qilinishi, Ikkinchi jahon urushi yakunida Germaniyaning eng katta vayronagarchiliklarga duchor qilingan Drezden shahri vayronalaridan ham kattaroq buzilishlarga olib kelgan, deyishmoqda tahlilchilar.
Xususan, Drezdenda binolarning 60 foizi vayron qilingan bo‘lsa, G‘azoda bu ko‘rsatkich 75 foizga teng. Drezdenga qariyb 4 ming tonna portlovchi modda tashlangan bo‘lsa, G‘azoga 75 ming tonna bomba yog‘dirilgan. Nemis shahrida 25 ming kishi o‘ldirilgan, G‘azoda o‘lganlar soni 35 mingdan oshgan.
Ukrainadagi urush
Ukraina qurolli kuchlari Xarkiv ostonasida Rossiya qo‘shinlarini ortga chekinishga majbur qila olgan. Rossiya qo‘shinlarining Xarkiv yo‘nalishidagi asosiy maqsadi Vovchansk aholi punkti hisoblanadi. Biroq, rossiyaliklar hozircha taktik vazifalarni udallay olishmagan. Boz ustiga, Ukraina mudofaa kuchlari ayrim pozitsiyalarni qisman qaytarib olishga muvaffaq bo‘lishgan, degan «Axilles» brigadasi qo‘mondoni Yuriy Fedorenko.
Harbiyning so‘zlariga ko‘ra, ukrainalik himoyachilar dushmanning shturm bo‘linmalarini holdan toydirib, zirhlangan texnikasi va artilleriyasiga ziyon yetkazgan.
«Janglar davom etmoqda. Mudofaa kuchlari vaziyatni o‘nglash va barqarorlashtirish uchun to‘plar, tanklarga qarshi vositalar va albatta zarbdor dronlardan iborat birlashgan o‘t ochish vositalaridan samarali foydalangan holda maksimal harakat qilmoqda», — degan u.
Fedorenkoga ko‘ra, ukrainalik jangchilar ayrim uchastkalarda nafaqat faol mudofaada turishibdi, dushmanni egallagan pozitsiyasidan siqib chiqarish bilan o‘z holatini yaxshilashga ham muvaffaq bo‘lmoqda.
«Bu operatsiyalar natijasida biz qaytarib olingan pozitsiyalarga va asirga olingan dushmanlarga ega bo‘lmoqdamiz, ular istiqbolda hozir Rossiya hududida asirlikda qolayotgan askarlarimizga almashtiriladi», — degan qo‘mondon.
Ukrainaning Rossiyaga zarbalari
Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning Qora dengiz flotiga yana zarba bergan. Ukrainalik harbiylar Rossiyaning mina izlovchi 266-M «Kovrovets» kemasini cho‘ktirib yuborgani ma’lum qilinmoqda.
Voqea 19 mayga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Xabarni Ukraina qurolli kuchlarining harbiy-dengiz kuchlari tarqatgan. Ma’lumotni Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi tasdiqlagan.
«Kovrovets» — 266M loyihasidagi dengiz tralchi kemasi hisoblanadi. Uning bosh vazifasi kemalarni kuzatib borish, razvedka va nazorat trallarini amalga oshirish, minali maydonlarni yorib koridor o‘rnatish, dengizni minalashtirish va hokazo.
Ushbu kema sovet flotiga 1974 yilda qabul qilingan va 1982 yilda «Kursk komsomolchisi» nomi berilgan. 1992 yilda «Navodchik» nomi berilgan va 1999 yilga kelib hozirgi nomini olgan.
«Kovrovets» Atlantika va Fors ko‘rfazidagi operatsiyalarda qatnashgan, Suriya qirg‘oqlarida patrullik qilgan. 2016-2017 yillarda Rossiyaning O‘rta Yer dengizi floti tarkibiga qo‘shilgan edi.
Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi Leningrad oblastidagi Viborg neft bazasiga hujum qilgan. Shuningdek, Krasnodar o‘lkasidagi «Kushchevsk» harbiy aerodromi va neftni qayta ishlash zavodiga ham dronlar vositasida hujum uyushtirilgan.
Aerodromda bu vaqtda frontda Ukraina pozitsiyalarni nishonga olishda foydalanib kelinayotgan Su-34, Su-25, Su-27, MiG-29 kabi o‘ndan ziyod samolyotlar bo‘lgan. Rossiya rasmiylari bu hujumlar haqida hech qanday xabar bermayotgan bo‘lsa-da, rossiyaliklar ijtimoiy tarmoqlarda portlashlar ro‘y berganidan shikoyat qilishgan.
Kubandagi Slavyansk shahridagi neftni qayta ishlash zavodi ham yana dronlar hujumiga duchor bo‘lgan. Uch haftacha avval ham zavodga dronlar hujum qilgan edi. Zavod rahbariyati bir nechta zarbadan so‘ng zavod o‘z ishini to‘xtatgani, yetkazilgan ziyon hisoblab chiqilayotganini ma’lum qilgan.
Mavzuga oid
13:47
G‘azo shimolidagi so‘nggi shifoxona, Yamanga aviahujum va jinoyatini tan olgan Netanyahu - kun dayjesti
14:13 / 09.11.2024
G‘azodagi harbiy jinoyatlar, NATOdan Ukrainaga yangi yordam va G‘arbni ochko‘zlikda ayblagan Putin - kun dayjesti
15:34 / 08.11.2024
G‘azodagi kasalxonalarga hujum, husiychilarning ogohlantirishi va Trampdan umid qilayotgan Gurjiston - kun dayjesti
13:12 / 07.11.2024