Jahon | 08:20 / 24.05.2024
11800
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Rossiyaga yetkazilgan zararni qoplash uchun AQSh aktivlarini musodara qilishga ruxsat berdi

Vladimir Putin imzolagan farmon Vashington yoki AQSh sudlari tomonidan Rossiyaga yetkazilgan «zararni qoplash» uchun AQSh mulkini musodara qilishga ruxsat beradi.

Foto: AP

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Vashingtonning «do‘stona bo‘lmagan xatti-harakatlari» tufayli Rossiya davlati va Markaziy bankiga yetkazilgan «zararni qoplash» uchun AQSh aktivlarini musodara qilishga ruxsat berdi. Tegishli farmon 23 may, payshanba kuni imzolangan.

AQSh mulki Rossiya mulkdorlariga o‘tkaziladi

Farmonga ko‘ra, davlat va Rossiya banki, agar Amerika hukumati yoki sudlarining qarori bilan o‘z mulkiga bo‘lgan huquqlardan «asossiz» mahrum qilingan bo‘lsa, sudga murojaat qilish huquqiga ega. O‘z navbatida, Rossiya sudi zararni qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Bu AQSh mulki xatlovga olinadi va Rossiya mulkdorlariga o‘tadi, degan ma’noni anglatadi.

Hukumat yoki AQSh fuqarolaridan olib qo‘yilishi mumkin bo‘lgan mulklar ro‘yxatiga qimmatli qog‘ozlar, Rossiya kompaniyalarining ustav kapitalidagi ulushlari, ko‘chmas mulk, shuningdek, mulkiy huquqlar kiradi. 

Putin Rossiya hukumatiga to‘rt oy ichida qonunchilikka zarur o‘zgartirishlar kiritishni topshirdi. 

AQSh Rossiya aktivlarini musodara qilmoqchi

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken may oyida Kiyevga tashrifi chog‘ida hukumat AQSh banklaridagi Rossiya aktivlarini musodara qilish niyatida ekanini aytgan edi. AQSh Senati vakiliga ko‘ra, Amerika banklarida Rossiyaning 5 milliard dollarlik aktivlari muzlatilgan. Dunyo bo‘ylab bu aktivlar taxminan 300 milliard dollarni tashkil qiladi. Ularning aksariyati – taxminan 200 milliard yevro – Yevropa Ittifoqida bloklangan. 

Rossiya Federatsiyasi hukumati Rossiya mablag‘larini, shu jumladan ulardan olingan daromadlarni olib qo‘yishning har qanday variantini ekspropriatsiya deb hisoblaydi, bu esa oqibatlarga olib keladi, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 22 may kuni. 

Mavzuga oid