Jahon | 19:50 / 24.05.2024
9667
3 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro sud Isroilga Rafahdagi harbiy operatsiyani to‘xtatishni buyurdi

Haagadagi Xalqaro sud Isroil zimmasiga G‘azo sektori janubidagi Rafah shahriga hujumni zudlik bilan to‘xtatish majburiyatini yukladi. Sudyalar hay’atiga ko‘ra, Isroilning bu hujumi Falastin xalqi uchun “juda katta xavf” tug‘diradi.

Xalqaro sud, 2024 yil 24 may / Foto: REUTERS/Johanna Geron

BMT sudining bu qarori, Janubiy Afrika Respublikasining Isroilga qarshi Falastin xalqini genotsid qilish ayblovini ko‘rib chiqish doirasida, yil boshidan beri qabul qilingan uchinchi oraliq sud buyrug‘i bo‘ldi.

15 nafar sudyalar hay’atidan iborat Xalqaro sudning qarorlari BMTga a’zo barcha davlatlar uchun bajarilishi majburiy hisoblanadi, lekin xalqaro huquqda sud qarorlarini ijroga qaratish imkoniyatlari yo‘q.

Xalqaro sudning 24 may kungi qaroriga ko‘ra, Isroil:

  • Rafahdagi harbiy operatsiyani to‘xtatishi;
  • katta miqdorda insonparvarlik yordamlari kirib kelishi uchun Rafahda Misr bilan chegara o‘tkazish punktini ochishi;
  • faktlarni o‘rganish uchun G‘azoga tergovchilar va missiyalarning kirib borishiga imkon berishi;
  • 1 oy muddat ichida bu choralarning amalga oshirilishi borasida sudga hisobot berishi kerak.

Juma kungi qarorni o‘qib eshittirgan sud raisi Navof Salomning so‘zlariga ko‘ra, sudning avvalgi, mart oyidagi qarori Falastinning qamalda qolgan anklavidagi holatga to‘laqonli mos kelmay qolgan va joriy vaziyat yangi shoshilinch chora ko‘rishni taqozo qilgan.

Navof Salom Rafahdagi gumanitar vaziyatni “halokatli” deb atadi.

Isroilning HAMAS hujumiga javoban yarim yildan buyon olib borayotgan G‘azodagi urushi davomida hudud aholisi sektor janubiga, Misr bilan chegarada joylashgan Rafahga ko‘chishga majbur qilingan. Xalqaro sud raisi 800 ming falastinlik o‘z uyini tashlab chiqqanini aytarkan, ularning xavfsizligi va insonparvarlik yordamlari kirib kelishi imkoniyati ta’minlangani haqidagi Isroilning gaplariga ishonmasligini ta’kidladi.

Bu ishda da’vogar taraf – Janubiy Afrika Respublika yuristlari o‘tgan hafta suddan shoshilinch choralar ko‘rishni so‘ragan, falastinliklarning omon qolishi uchun Isroilning Rafahga hujumi to‘xtatilishi shartligini bildirgan edi.

JAR tomoni sudning juma kungi qarori “katta yutuq” bo‘lganini bildirdi. Respublika endilikda bu qaror yuzasidan BMT Xavfsizlik kengashiga murojaat qilmoqchi.

Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich Isroil hukumati bu buyruqni qabul qilmasligini ta’kidladi. Isroil muxolifati yetakchisi Yair Lapid esa BMT sudi urushni to‘xtatish talabi bilan isroillik asirlarni qaytarish talabini adashtirib yuborganini ta’kidladi. Lapid Xalqaro sudning bunday adashishini “axloqiy qulash va axloqiy falokat” deb atadi.

Mavzuga oid