Jahon | 11:34 / 27.05.2024
2373
3 daqiqa o‘qiladi

Gurjiston prezidenti yevrointegratsiya yo‘nalishini saqlab qolishga chaqirdi

Mustaqillik bayrami paradida Salome Zurabishvili Gurjistonning Yevropa kelajagiga chaqirdi. Bosh vazir Kobaxidze Zurabishvilining nutqini o‘rinsiz deb atadi.

Foto: ELTA / DAINIUS LABUTIS

Gurjistonda 26 may, yakshanba kuni mamlakat Mustaqillik kuni munosabati bilan Tbilisida o‘tkazilgan harbiy paradda Gurjiston rahbarlari bir-biriga qarama-qarshi bayonotlar berdi. Gurjiston prezidenti va bosh qo‘mondon Salome Zurabishvili o‘z mamlakatining Yevropadagi kelajagini qo‘llab-quvvatladi.

«Yevropa birorta ham urush boshlagani yo‘q, u bizning davlatimizga o‘z mustaqilligini saqlab qolish va taraqqiyotga erishish imkoniyatini beradi», dedi Zurabishvili. 

Uning ta’kidlashicha, kuzda parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi, bu Gurjiston uchun taraqqiyot yo‘lini tanlash bo‘yicha referendumga aylanadi. «Bu saylovlar haqiqatda bizning kelajagimizni belgilab beradi», - dedi Zurabishvili. 

Kobaxidze Zurabishvilining nutqini o‘rinsiz deb atadi 

O‘z navbatida, Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidze paradga yig‘ilganlarga murojaat qilib, mamlakatda, ayniqsa, so‘nggi 4 yil ichida o‘z mustaqilligi va suverenitetiga putur yetkazish bo‘yicha urinishlar bo‘lganini aytdi. «Xalq va ular saylagan hokimiyatning birligi bizga ko‘p tahdid va xiyonatlardan, jumladan, Gurjiston prezidenti xiyonatidan qochish imkonini berdi», dedi u.

Paraddan so‘ng Kobaxidze jurnalistlarga Salome Zurabishvilining paraddagi chiqishi «Gurjiston Mustaqillik kunida noo‘rin bo‘lganini» aytdi. «Prezident Mustaqillik kunidan siyosiy bayonotlar uchun foydalanayotganidan afsuslanish mumkin, bugun bizda milliy bayram va barchamiz tor ma’noda siyosat haqida emas, balki umumiy milliy maqsadlarimiz haqida gapirishimiz kerak», - deya tushuntirdi Kobaxidze. 

«Chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun

14 may kuni Gurjiston parlamenti mamlakatdagi ommaviy norozilik namoyishlari fonida «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini qabul qildi. Hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi aprel oyida parlamentga kiritganidan buyon ushbu hujjat muxolifat kuchlarining o‘ta salbiy munosabatini uyg‘otdi, ular uni hukumat nazorati ostida bo‘lmagan nohukumat tashkilotlar va mustaqil ommaviy axborot vositalarini «to‘g‘irlash»ga qaratilgan deb hisoblaydilar. 

Yevropa Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlar Gurjiston hukumatini ushbu qonunni qaytarib olishga chaqirdi va uning qabul qilinishi Gurjistonning YeIga yo‘lini yopishi haqida ogohlantirdi. Qo‘shma Shtatlar yangi qonun tarafdorlariga qarshi viza sanksiyalari joriy etilishini va Gurjiston bilan hamkorlikni har tomonlama ko‘rib chiqilishini e’lon qildi. Prezident Zurabishvili bu qonunga 18 may kuni veto qo‘ygan. Parlamentda vetoni bartaraf etish tartibi 28 mayga belgilangan. 

Mavzuga oid