YeI Gurjistonga «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun uchun oqibatlar bilan tahdid qildi
Tbilisida parlament tomonidan qabul qilingan «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun Gurjistonning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, deya ogohlantirdi Jozep Borrel.
Yevropa Ittifoqi Gurjiston parlamenti «chet el agentlari to‘g‘risida»gi munozarali qonunni yakuniy tarzda ma’qullaganidan afsusda ekanligini bildirdi va bu qadamning Yevropa integratsiyasi uchun salbiy oqibatlari haqida ogohlantirdi. «Yevropa Ittifoqi Gurjiston parlamenti prezidentning «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonuniga qo‘ygan vetosini bekor qilishga va Venetsiya komissiyasining batafsil huquqiy dalillarini e’tiborsiz qoldirishga qaror qilganidan chuqur afsusda», — dedi 28 may, seshanba kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel.
Yevrokomissiya bilan qo‘shma bayonotida Borrel Gurjiston parlamenti tomonidan qabul qilingan qonun Bryussel bir necha bor ta’kidlaganidek, Yevropa Ittifoqining asosiy tamoyillari va qadriyatlariga zid ekanligini eslatdi. Uning tasdiqlanishi «Gurjistonning YeIga boradigan yo‘liga salbiy ta’sir ko‘rsatadi», deyiladi hujjatda.
«Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlar ushbu voqealarga javob berishning barcha variantlarini ko‘rib chiqmoqdalar, biz gurji xalqini qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz va ularning mamlakat uchun Yevropa kelajagi bo‘yicha tanlovini tan olamiz», dedi Jozep Borrel.
«Chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun
Gurjiston parlamenti 14 may kuni mamlakatda davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlari fonida «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini qabul qildi. Hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi aprel oyida parlamentga kiritganidan buyon ushbu hujjat muxolifat kuchlarining o‘ta salbiy munosabatini uyg‘otdi, ular uni hukumat nazorati ostida bo‘lmagan nohukumat tashkilotlar va mustaqil ommaviy axborot vositalarini «to‘g‘irlash»ga qaratilgan deb hisoblaydilar. Mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili 18 may kuni ushbu qonunga veto qo‘ygan.
10 kundan so‘ng Gurjiston parlamenti ko‘pchilik ovoz bilan prezidentning vetosini yengib o‘tdi va nihoyat qonunni ma’qulladi. 150 deputatdan 84 nafari hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasidan bu qarorni yoqlab ovoz berdi. Faqat to‘rt nafar parlamentariy qarshi chiqdi. Prezident vetosining bekor qilinishi kutilgan voqea edi, chunki «Gurjiston orzusi» va u bilan hamkorlik qiluvchi partiyalar parlamentda ko‘pchilikni tashkil etadi.
Endi Gurjiston konstitutsiyasiga ko‘ra, «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun uch kun ichida Zurabishviliga topshirilishi kerak, u uni besh kun ichida imzolashi mumkin. Agar Zurabishvili buni rad etsa, qonun parlament raisi Shalva Papuashvili tomonidan imzolanadi hamda e’lon qilinadi, so‘ng iyun boshidan kuchga kiradi.
Yevropa Ittifoqi, AQSh va Yevropa kengashi Gurjiston hukumatini ushbu qonunni qaytarib olishga chaqirib, uning qabul qilinishi Gurjistonning YeIga yo‘lini yopib qo‘yishi to‘g‘risida ogohlantirdi. Qo‘shma Shtatlar yangi qonun tarafdorlariga nisbatan viza cheklovlari joriy etilgani va Gurjiston bilan hamkorlikni har tomonlama ko‘rib chiqishini e’lon qildi.
Mavzuga oid
22:49 / 18.11.2024
Gurjiston prezidenti parlament saylovlaridagi qonunbuzarliklar sabab Konstitutsiyaviy sudga da’vo kiritadi
14:00 / 16.11.2024
Gurjistonsiz 30 yil: Abxaziya va Janubiy Osetiya qanday yashamoqda?
11:37 / 15.11.2024
YeI birinchi marta qurolni birgalikda sotib olishni moliyalashtiradi
08:08 / 14.11.2024