Issiqdan o‘layotgan odamlar – Hindistonda nimalar bo‘lyapti?
Hindistonning ko‘plab hududlarida ikki haftadan beri 45-46 daraja issiq kuzitlyapti. Hatto 52 daraja issiq kuzatilgan kunlar ham bo‘ldi.
Hindiston poytaxti Dehlida ikki kun ichida ikki marta jazirama rekordi yangilandi. 28 may kuni Dehlidagi asosiy meteorologik tayanch kuzatuv stansiyasida havo harorati maksimumi +49.9°S darajaga yetib, 2022 yildagi rekordni yangilagandi. O‘shanda havo harorati +49.2°S ga yetgandi. 29 may kuni esa jazirama rekordi yana yangilandi. Harorat +52.3°S ni ko‘rsatdi.
Mamlakatning markaziy va shimoliy hududlarida oxirgi 24 soat ichida harorat oshishi fonida bir qancha odam issiqqa bog‘liq kasalliklar bilan vafot etdi. Rourkela hududidagi shifoxonaning o‘zida 10 ta o‘lim holati qayd etilgan.
O‘limlar, asosan, Bihar, Rajastxan, Jxarxand va poytaxt Dehlida kuzatilgan. Haroratning yuqorilab ketishi va bu sabab o‘limlarning sodir bo‘lishi mamlakatda o‘tkazilgan saylov natijalari chiqishi kerak bo‘lgan 4 iyun arafasida sodir bo‘lyapti.
Bihar shtati Bxojpur tumani sudyasi Mahendra Kumarning Times of India gazetasiga ma’lum qilishicha, payshanba kuni shaharda issiqlik urishi tufayli uch nafar saylovchi va bir politsiyachi halok bo‘lgan.
"Payshanba eng issiq kun edi, barcha markazlarda tibbiy xizmat bo‘lishiga qaramay ular vafot etdi. Bir politsiyachi turgan joyida hushidan ketib qoldi, shifokorlar unga yordam ko‘rsatishlariga qaramay kasalxonada o‘ldi", degan Kumar.
Uning qo‘shimcha qilishicha, payshanbaning o‘zida politsiyachi vafot etgan kasalxonaga 30-40 kishi issiqlik bilan bog‘liq kasalliklar bilan yotqizilgan. Kasalxonalar issiq urgan bemorlarni rekord darajada ko‘p qabul qilmoqda. Dehlida ham issiq urgan ishchi kasalxonada vafot etdi.
Hindiston kasalliklarni nazorat qilish milliy markazi issiq urishini hayotga xavf soluvchi holat deb atagan. Bu sabab o‘lim kuzatilish darajasi 40-64 foizni tashkil qiladi.
Hindistonning shimoliy, markaziy va qisman g‘arbiy hududlarida qaynoq ob-havo kuzatilayotganiga 2 hafta muddat bo‘ldi, bu paytdan beri kunduzlari 45-46 daraja harorat qayd etilyapti, ayrim hududlarda 50 darajagacha issiq ham kuzatilgan. Ehtiyojning ortib ketishi sabab ba’zi joylarda suv va elektr tanqisliklari kuzatilyapti. O‘ta issiq bo‘lishi mamlakatda yong‘inlar ko‘payishiga ham olib kelyapti, mamlakat Jammu va Kashmir hududlarida o‘rmon yong‘inlari kuzatilmasligini dronlar yordamida nazorat qilyapti.
O‘tgan hafta poytaxt Dehlida ham ob-havo 50 darajaga yaqinlashgandi. Poytaxtliklarning suv olish uchun idishlar bilan navbatda turgan videolari tarqaldi. Poytaxtning ham katta qismida elektr uzilishlari kuzatilyapti.
Rasmiylar esa hali ham chorshanba kuni Mungeshpur hududida 52,9 daraja issiq qayd etilishi ob havoni kuzatuvchi sensor ishlamay qolgani sababmi yoki rostan ham bu aniq ma’lumot bo‘lganini tekshirishni tugatgani yo‘q.
Lancet jurnali e’lon qilgan tadqiqotga ko‘ra, Hindistonda 2000-2004 va 2017-2021 yillar oralig‘ida anomal issiq sabab o‘lim ko‘rsatkichi 55 foizga oshgan. 2021 yilda jazirama sabab mamlakat 167,2 mln potensial ish soatini yo‘qotgan. Mamlakatning ko‘plab hududlarida yozda muntazam ravishda jazirama to‘lqinlari kuzatilgan bo‘lsa-da, ekspertlarning ta’kidlashicha, endi saraton uzoqroq, kuchliroq bo‘lyapti va yana tez-tez kuzatilmoqda.
Issiq havo sabab odamlar bozorga xaridga borishdan ham qochib ko‘proq uyda o‘tirgan holda uyurtma berishga harakat qilmoqda. Bu esa, asosan, kunning ikkinchi yarmida yetkazib berish xizmatlarining ko‘proq buyurtma olishlariga olib kelmoqda.
Hindiston issiqlik sabab qiyin vaziyatga tushgan Osiyodagi yagona davlat emas. Pokistonda ham shu hafta 52 daraja issiq qayd etildi.
Olimlar bu kabi anomal issiq inson tasiri sabab kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishlari tufayli kuzatilyapti degan fikrda.
Hindistonning ham bu borada hissasi katta. Mamlakat issiqxona gazlari chiqaruvchi dunyodagi eng yirik uchinchi davlat hisoblanadi. Biroq Hindiston 2070 yilga borib bu ko‘rsatkichni 0 foizga tushirishni maqsad qilgan.
Mavzuga oid
20:33 / 07.11.2024
Hindistonda uch kun ichida 10 ta fil nobud bo‘ldi
01:52 / 07.11.2024
Kashmir Hindistonni maxsus avtonomiya maqomini tiklashga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi
11:56 / 06.11.2024
Inson matonati: 22 yil davomida tog‘ni yo‘nib yo‘l ochgan odam
17:51 / 05.11.2024