Jahon | 16:27 / 04.06.2024
11106
11 daqiqa o‘qiladi

Baydenning G‘azo bo‘yicha takliflari: siyosatshunoslar nima deydi?

AQSh prezidenti Jo Bayden G‘azo sektorida otashkesim rejasini e’lon qildi. HAMAS bu taklifni olqishladi, Netanyahu kabinetida esa munozara davom etyapti. “Geosiyosat” G‘azo atrofidagi so‘nggi voqeliklarni siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Bektosh Berdiyev bilan tahlil qildi.

Prezident Bayden G‘azoda urushni to‘xtatish uchun qanday takliflarni aytdi?

Bektosh Berdiyev: — Bayden tomonidan G‘azo uchun, bir vaqtning o‘zida Isroil uchun ham muhim bo‘lgan reja taklif qilindi.

Birinchi bosqichda 6 hafta ichida Isroil qo‘shinlari G‘azodagi aholi punktlaridan olib chiqiladi. Asirlar almashinuvi muhim o‘rin tutadi bunda. Isroillik askarlarning HAMAS tomonidan asir olinishi fonida Isroil shunchaki gumonlanayotgan shaxslarni ham asirga olyapti va ikki tomonning bir-biriga nafratini kuchaytiryapti. Baydenning bu taklifi HAMASga ham ma’qul keldi.

Ikkinchi bosqichda Isroil butunlay G‘azoni tark etishi va asirlar almashinuvi yakunlanishi kerak.

3-5 yil davom etadigan uchinchi bosqichda esa G‘azo qayta tiklanadi. Ijtimoiy, siyosiy infratuzilmani qayta tiklash katta mablag‘ talab qiladi.

Bu rejaning muhimligi shundaki, bu Isroil olib borayotgan harbiy siyosatning muvaffaqiyatsiz bo‘lganini bildiradi. Isroil boshida juda balandparvoz gapirgandi. Tinch aholi o‘lishi Isroilga xalqaro bosimni keltirib chiqarishi bilan birga, AQShga nisbatan butun musulmon dunyosi nafratini qo‘zityapti. Shuning uchun Bayden tomonidan bu reja ilgari surilishi ma’qul ish, saylov oldidan bo‘lgani siyosiy ochko ishlash uchun ham.

Bayden taklifining ikkinchi bosqichida G‘azoda muddatsiz o‘t ochishni to‘xtatish haqida aytgan, bu kelishuv amalga oshsa ham lekin muddatsiz deyish qanchalik reallikka mos?

Kamoliddin Rabbimov: — Yaqin Sharqdagi masalalarning uzil-kesil yechimi emas bu, faqat urushni to‘xtatish haqida gap ketyapti. Netanyahu hukumati bu rejaga ishonchsizlik bildirdi, lekin rasmiy darajada emas. Ya’ni Netanyahuning o‘zi biz o‘z yo‘limizdan qaytmaymiz, demadi, balki unga yaqin shaxslar biz HAMASni yo‘q qilishimiz kerak, dedi. Bayden loyihani e’lon qilayotganda Isroil vaziyatini yumshatish uchun HAMAS 7 oktyabrdagi kabi hujum qilolmaydi, Isroil maqsadiga erishdi, dedi.

Bugun AQShga global bosim katta. Dunyoda kuchlar o‘rtasida kurash ketyapti, har bir davlatning global legitimligi mavjud bo‘ladi yoki bo‘lmaydi, bir davlatni adolatli deb biladimi yoki zulmni qo‘llovchi, deb biladimi, degan masala bo‘ladi. Isroilning harakatlari sabab AQShning global reputatsiyasiga putur yetdi. Aks sadosi Ukrainaga ham yetdi va Zelenskiy Falastin davlati tuzilishi tarafdori ekanini aytdi. Zelenskiy mana shunday muvozanatni tiklamaguncha unga bosimlar bo‘laverdi, AQShga ham shunday bosimlar bo‘lyapti.

Isroil bugun kibrga berilish oqibatida o‘zining uzoq muddatli manfaatlarini saqlay olmayapti.

Bektosh Berdiyev: — AQSh rejasi Isroil uchun ham muhim, chunki vaziyatdan chiqish kerak edi. Go‘yoki AQSh rejasiga ko‘ngandek bo‘lib, harbiy operatsiyadagi muvaffaqiyatsizligini yopib ketishi mumkin.

AQSh nega bu qarorga keldi? Global maydonda qudratli bo‘lgan Rossiya, Xitoy, Eron kabi davlatlar ma’lum bir axborotlar tarqata boshladi.

Bu rejani Isroil siyosiy elitasi qabul qilar, lekin Netanyahudan ham kuchliroq kuchlar qabul qilarmikan, degan masala bor. Netanyahu hukumatiga muqobil bo‘lgan muxolif kuchlar bular, ular bu bilan Netanyahuni obro‘sizlantirishlari mumkin. Jamiyat munosabati qanday bo‘lishi masalasi ham bor, shuncha askar o‘ldi, shuncha pul sarflandi, Isroil imiji qora bo‘ldi, degan iddaolar qo‘yiladi.

Birinchi bosqichda asirlar ozod qilingach, reja ikkinchi bosqichga o‘tishiga ishonch bormi o‘zi?

Kamoliddin Rabbimov: — Ikki tomon kelishsa, vositachi davlatlar ishtirokida reja tuziladi. Shuning uchun rejaning yarmida o‘yin qilish qiyin bo‘ladi. Agar favqulodda boshqa konfliktlar, beqarorlik paydo bo‘lmasa, rejalar amalga oshishi talab qilinib turadi.

Isroil asirlarini ozod qilishdan manfaatdor, chunki ichki jamiyatdan bosim katta. Qolaversa, asirlar orasida amerikaliklar ham bor, ya’ni ikki fuqarolikka ega shaxslar. Isroillik asirlar yuzta atrofida bo‘lsa, falastinlik asirlar minglab bo‘lishi mumkin, ya’ni nomutanosib.

HAMAS bu rejaga rozi bo‘ldi, lekin Isroilning rozi bo‘lish niyati yo‘q. Ammo AQShning Isroilga bosim qilish imkoniyatlari bor. Bu rejaga rozi bo‘lish Isroilda siyosiy inqirozni kuchaytiradi. Chunki Netanyahu HAMASni to‘liq yo‘q qilib, G‘azoni yakson qilamiz, degandi jamiyatga. Natija bo‘lmagani sabab siyosiy inqiroz kuchayadi.

Global hamjamiyatning achinish hissi va Bayden tinchlik sulhi yangrar ekan, “Hizbulloh” va HAMAS Isroil tomon yana hujumlar uyushtirdi. Konflikt tugashidan manfaatdor bo‘lmaydiganlar ham bormi?

Kamoliddin Rabbimov: — Bu urush psixologiyasi, ya’ni ikkinchi tomon shartlarga ko‘nmayotgan bo‘lsa, mening tahdidim yanada kuchliroq bo‘ladi, degan ma’noda bosim qilish. Ikki tomon ham eskalatsiya bo‘lsa, senga shunday zarar bo‘ladi, deb bosim qiladi, bu — tabiiy narsa.

Bektosh Berdiyev: — Bayden rejasini aytdi hali, urush to‘xtali degani emas. Isroil ham vaqt davomida maksimal foydalanib qolishga harakat qilyapti, HAMAS va Hizbulloh ham xuddi shunday harakat qilyapti.

Isroilning temir gumbaz himoya tizimini HAMAS tomonidan yasalgan qo‘lbola raketalar ham yorib o‘ta olyapti. Temir gumbazni yorib o‘tish taktikasini endi HAMASdan tashqari «Hizbulloh» ham qo‘llayapti. Bundan tashqari, bu mintaqada tinchlik bo‘lishidan manfaatdor bo‘lmagan kuchlar ham bor. Urush yoki tinchlik qanday shaklda bo‘lishiga ko‘p narsa bog‘liq. Masalan, Eron doim Isroil butunlay yo‘q bo‘lishini istaydi, buni ochiq aytgan bir necha bor. Ba’zi boshqa kuchlar ham shuni istaydi, 1947 yilgi chegaralarga qaytishni ham istashadi.

Isroil tomoni HAMASni batamom yo‘q qilmagunchga urush davom etishini bildirdi. Baydenning chaqirig‘i Isroil tomonidan nega qabul qilinmayapti?

Kamoliddin Rabbimov: — Isroil vaziyat qopqoniga tushib qolgan. Bir tomondan HAMASni yo‘q qilib bo‘lmaydi, buning uchun butun G‘azoni yo‘q qilish kerak bo‘ladi. HAMAS g‘oyaviy tashkilot, bunday g‘oya boshqa arab va musulmon davlatlarida ham bor.

1947 yilga qadar Isroil degan davlat yo‘q edi, undan oldin yahudiy davlatlari bor edi, lekin ularni yo‘q qilgan islom sivilizatsiyasi emas, balki xristian sivilizatsiyasi. Salbchilarning birinchi nishoni musulmonlar bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi nishoni yahudiylar bo‘lgan. Rim imperiyasi, xristian davlatlari yahudiylar bilan kurashib kelgan. Ya’ni qadimiy yahudiylar davlatchiligi yo‘q bo‘lishida musulmon sivilizatsiyasining aybi yo‘q, balki yahudiylar musulmon o‘lkalarda jon saqlagan shunday paytlarda.

Eng katta muammo Netanyahu hukumatidagi ultra o‘nglar, ular kuch ishlatishni qo‘llaydi, urushni davom ettirmoqchi bo‘lishadi. Bu narsa yahudiy davlatchiligining mundamental muammosi, aslida.

Bunday ikki tomonlama bosimlar ostida Netanyahuning siyosiy umri oz qoldi deyish mumkinmi?

Bektosh Berdiyev: — Hukumatning almashinuvi, qayta tuzilishi kabi holatlar ko‘p bo‘ladi Isroilda. Ammo g‘oyaviy masalalar murakkab. Hatto Isroilning o‘zida Falastin davlati bo‘lishi kerak, Isroil degan davlat bo‘lmasin, deganlar bor, ularning siyosiy ta’siri ham ortyapti. Lekin agressiv siyosiy kuchlarning ham o‘rni katta, ular Falastinning butun xalqini qirib tashlash kerak, deyishadi. Isroil uchun bu g‘oyaviy fundamental muammo bo‘lib qolmoqda.

Bayden rejasiga 2 ta narsa ta’sir qiladi. Birinchisi, AQShdagi yahudiy lobbisi, buning ham roli bor. Ikkinchisi esa Trampning hokimiyatga kelishi ehtimoli. Agar u hokimiyatga kelsa, Bayden rejasi yo‘qqa chiqadi.

Baydenning rejasi amalga osha boshlasa, lekin AQShda Tramp hokimiyatga kelib qolsa, rejaning borishini barbod qilishi mumkinmi?

Kamoliddin Rabbimov: — Nazarimda, barbod qilishi mumkin. Hokimiyat o‘zgarishi bilan siyosiy konsensus o‘zgaradi. 7 oktyabrdan oldin ham Netanyahu kabinetiga Isroilga bosim bor edi, chunki Demokratlar Isroil agressiv siyosatiga sovuqqonlik bilan qaragan. Bir vaqtlar demokratlardan bo‘lgan Klinton ikki davlat tuzishga uringandi.

Tramp kelsa, faqat Isroilda emas, arab davlatlarida ham holat o‘zgarib, biz kutish holatida bo‘lamiz, AQSh bilan to‘qnashmaymiz, degan holat bo‘lishi mumkin.

Bektosh Berdiyev: — Trampning kuyovi yahudiy, uning qizi ham yahudiy dinini qabul qilgan. Tramp yahudiylarga xayrixohlik bilan qaraydi. U AQSh elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirgan edi prezidentlik davrida, musulmon dunyosida nafratni kuchaytirgandi. Bundan tashqari, Falastin xalqiga yordam kesib qo‘ygandi, Jo‘lon tepaliklarini Isroilniki deb tan olgandi. Tramp bir paytlar Eron yadro dasturini barbod qilgani kabi bu kelishuvni ham barbod qilishi mumkin. U ochiq islomofob siyosatchi hisoblanadi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid