Jahon | 10:06 / 07.06.2024
5818
3 daqiqa o‘qiladi

Bayden: Ukraina Moskvaga AQSh qurollari bilan hujum qila olmaydi

AQSh Ukrainaga berilgan qurollardan Rossiya hududiga chegaradan uzoqroqqa zarba yo‘llash uchun foydalanishga ruxsat bermadi, dedi prezident Bayden.

Foto: Reuters

Kiyevga topshirilgan Amerika qurollari Moskva yoki chegaradan sezilarli masofada joylashgan boshqa hududlarga hujum qilish uchun ishlatilmasligi kerak, dedi AQSh prezidenti Jo Bayden. Vashington ushbu qurollarni Rossiya hududida Ukraina bilan chegaraga yaqin joyda qo‘llashga ruxsat berdi, dedi u 6 iyun, payshanba kuni ABC News telekanaliga intervyusida.

«Biz Rossiya hududiga 200 milya ichkariga zarba yo‘llashga ruxsat bermaymiz hamda Moskva va Kremlga qarshi zarbaga ruxsat bermaymiz», deya qo‘shimcha qildi Bayden Fransiyada ittifoqchilarning Normandiyada qo‘nishining 80 yilligini nishonlash marosimida. Biroq u Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga zarba berish uchun Amerika qurollari qo‘llanganmi, degan savolga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob bermadi. 

AQSh Ukrainaga Xarkivni himoya qilishga uchun quroldan foydalanishga ruxsat berdi 

Avvalroq, Rossiyaning Xarkiv viloyatiga hujumlari kuchayishi fonida Vashington Kiyevga Rossiyadagi nishonlarga zarba yo‘llashga norasmiy tarzda ruxsat bergani ma’lum bo‘lgan edi. Biroq, Politico nashri va CNN telekanali ta’kidlaganidek, ruxsat Rossiya Federatsiyasi tomonidan hujumlarga duchor bo‘lgan Xarkivni himoya qilish uchun Xarkiv viloyati bilan chegaradagi hududlarga tegishli. 

Xuddi shunday bayonotlar Fransiya, Litva, Latviya, Kanada, Shvetsiya, Estoniya, Polsha, Germaniya, Finlandiya, Chexiya, Britaniya va Niderlandiya tomonidan ham berilgan. May oyida NATO va Yevropa Ittifoqi Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan G‘arb qurollaridan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishga chaqirgan edi. 

Bunga javoban Rossiya Federatsiyasi Vashingtonga Ukrainaning Rossiya hududiga raketa hujumlari «halokatli oqibatlarga olib kelishi» bilan tahdid qildi. O‘z navbatida, AQSh prezidenti Bayden G‘arb davlatlari Ukrainaga yordam berishni to‘xtatsa, G‘arb va Rossiya o‘rtasidagi urush xavfi ortishiga ishora qildi.

Mavzuga oid