O‘zbekiston | 10:13 / 07.06.2024
15325
3 daqiqa o‘qiladi

DXX qator hududlarda soliq xodimlarini qo‘lga oldi

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari hamda Toshkent shahrida soliq xodimlarining noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qarshi tuman soliq inspeksiyasining sayyor soliq tekshiruvlari shu’basi bosh inspektori mahalliy 5 ta MChJ faoliyati yuzasidan joriy yilning sentabr oyiga qadar kameral soliq tekshiruvlari o‘tkazmaslik evaziga 2300 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, u ushbu pul mablag‘ini viloyat soliq boshqarmasining kameral soliq tekshiruvlari shu’basi bosh inspektoriga berishi kerakligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi hamda mazkur mansabdor shaxs ham 2300 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Buxoro viloyati G‘ijduvon tuman soliq inspeksiyasi katta inspektori o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib, tuman markazidagi “Ho‘jai jahon” savdo kompleksi hududida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorni joriy yilning oxiriga qadar aylanma soliq to‘lovchisi toifasidan, har oyda 2 mln 424 ming so‘m to‘laydigan qat’iy turdagi soliq to‘lovchisi toifasiga o‘tkazmaslik, kelgusida soliq idoralari tomonidan bo‘ladigan tekshiruvlardan himoya etish hamda uning faoliyatiga rahnamolik qilish evaziga 8 mln so‘m olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ushlandi.

Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida joylashgan umumiy ovqatlanish maskanida 6 oy mobaynida soliq tekshiruvlari o‘tkazmaslik, aksincha, uning faoliyatiga rahnamolik qilish evaziga 600 AQSh dollari olgan vaqtida mazkur tuman soliq inspeksiyasining bosh inspektori Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu noqonuniy ishga tuman soliq inspeksiyasining shu’ba boshlig‘ining aloqador ekanligi aniqlanib, u ham protsessual tartibda ushlandi. 

Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi MChJ faoliyati bo‘yicha o‘tkazilgan soliq auditi tekshiruvi natijasida aniqlangan 267 mln 300 ming so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘i va 664 mln 700 ming so‘m sof foyda solig‘ini mansabdor tanishlari orqali kamaytirib berish evaziga 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida mazkur tuman soliq inspeksiyasining kameral nazorat shu’basining sobiq boshlig‘i ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid