O‘zbekiston | 17:18 / 08.06.2024
6138
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zaro qo‘llov, unutilgan muammolar va G‘azo bo‘yicha birdamlik – Turkiya tashrifi haqida ekspert nima deydi?

Shavkat Mirziyoyevning Turkiya safari, oliy darajadagi muzokaralar ikki davlat mediasida qizg‘in muhokamada. Tashrifning eng esda qolarli voqealaridan biri Turkiya oliy davlat mukofotining O‘zbekiston prezidentiga berilishi hamdir. Shuningdek, rasmiy Anqara va Toshkent o‘zaro siyosiy yaqinligini yanada mustahkamlamoqchi. Ikki davlat pozitsiyalari deyarli bir xil ekani ham urg‘ulangan. Safarning ahamiyati, kutilmalar haqida Kun.uz Anqara Hoji Bayram Valiy universiteti doktoranti, siyosatshunos Fazliddin Madiyev bilan suhbatlashdi.

O‘zbekiston prezidenti 6 iyun kuni rasmiy tashrif bilan Turkiyada bo‘lib qaytdi. Safarning asosiy tadbirlari prezident Rajab Toyyip Erdo‘g‘an qarorgohida o‘tkazildi. Tashrif 1 kunga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, jadvalda tadbirlar anchagina. Prezident Mirziyoyev bu gal Turkiya aeromudofaa sanoati bilan ham yaqindan tanishdi. Ikki prezident tor doiradagi muzokaralardan so‘ng strategik hamkorlik, ikki davlat ishbilarmonlari kengashi yig‘ilishlarida qatnashdi. 

Bugun Anqara Hoji Bayram Valiy universitetining Xalqaro munosabatlar yo‘nalishi doktoranti hisoblangan Fazliddin Madiyev fikricha, ikki davlat eski muammolarni unutdi. Oradagi sovuqchilik olib tashlandi. Bugun Turkiya nafaqat O‘zbekiston, Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqin aloqalarga ega. Shuningdek, safarning eng e’tiborli jihatlaridan yana biri xalqaro mavzular yuzasidan ikki davlat pozitsiyalarining o‘xshash va bir xil ekani. Mirziyoyevning G‘azo yuzasidan munosabati kutilgan edi va quvonarli, deydi siyosatshunos. 

Shuningdek, Kun.uz suhbat davomida so‘nggi oylardagi deportatsiya siyosati va o‘zbeklarga munosabatga ham to‘xtaldi. Chunki shu kunlarda ko‘plab o‘zbeklar ham deportatsiya qilinmoqda. Siyosatshunos fikricha, bu Turkiyada xorijliklarga munosabat o‘zgargani bilan bog‘liq. Ya’ni, nafaqat o‘zbeklar, balki davlatdagi barcha migrant hamda qochoqlarga qarshi kayfiyat kuchaygan. Lekin turkiylarga hurmat o‘z joyida. 

Eslatib o‘tamiz, Turkiya bugun O‘zbekistonning tashqi savdoda 4-muhim sherigi. Shuningdek, prezident Mirziyoyevning Erdo‘g‘an bilan muzokaralari O‘zbekistonning birinchi raqamli hamkorlaridan Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Toshkentga tashrifidan 10 kundan keyin o‘tkazilmoqda.  

Shoxrux Majidov suhbatlashdi.

 

Mavzuga oid