O‘zbekiston | 21:29 / 11.06.2024
6848
7 daqiqa o‘qiladi

11 iyunning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqea-hodisalar

Qashqadaryoda Hisorak suv omboridan sizib chiqqan suv vahimaga sabab bo‘ldi, Qurbon hayitida dam olish kunlari belgilandi, “Yashil makon” umummilliy loyihasida 1 mln ekilmagan ko‘chat qo‘shib yozilgani ma’lum bo‘ldi.

 

Hisorakdagi hodisa

Qashqadaryo viloyatidagi Hisorak suv omboridagi texnik tadbirlar vaqtida to‘g‘ondan suv otilib chiqqan. FVV hodisada hech kim jarohatlanmagani, suv omboriga shikast yetmagani va vaziyat to‘liq nazorat ostida ekanini bildirdi.

Shunga qaramasdan, aholi o‘rtasida vahima ko‘tarilgan va odamlar turar joylarini tark eta boshlagani to‘g‘risidagi tasvirlar tarqaldi.

Qayd etilishicha, to‘g‘onning chap tarafidan qo‘shimcha tunnel ochish maqsadida olib borilayotgan muhandislik-texnik tadbirlar vaqtida suv otilib chiqishi holati kuzatilgan.

Avariya oqibatini bartaraf etish maqsadida «O‘zbekgidroenergo» AJ boshqaruvi raisi rahbarligida viloyat hokimi, FVB, IIB boshliqlari va boshqa mutasaddi tashkilotlardan iborat tezkor shtab tuzilgan.

Kechaning o‘zida Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanov hamda Qashqadaryo viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i Farhod Mirzayev Hisorak suv ombori oldida turib, holat bo‘yicha aholini tinchlantirib videomurojaat yo‘llagan. Mas’ullar aholidan vahimaga tushmaslikni, hammasi nazorat ostida ekanini, hech qanday jiddiy xavf yo‘qligini, yolg‘on xabarlarga ishonmaslikni ta’kidlagan.

Bugun favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev Hisorak suv omborining quyi qismidan turib, bayonot berdi va bu yerda hech qanday favqulodda vaziyat sodir bo‘lmagani, shu sabab xavotirga o‘rin yo‘qligini aytdi.

“Hisorak suv ombori odatdagidek ishlamoqda, barcha xavfsizlik choralari ko‘rilgan va uning toshib ketish xavfi yo‘q”, dedi vazir.

Vazirga ko‘ra, Hisorak haqida vahimali xabarlar tarqalganidan keyin suv omboriga zudlik bilan Toshkentdan mutaxassislar yetib borgan va holatni o‘rgangan. O‘rganish davomida suv omborida favqulodda vaziyat yuz bermagani, suv ombori shtat rejimida ishlayotgani, omborning birorta ham parametrida o‘zgarish bo‘lmagani aniqlangan.

Qo‘ldoshevga ko‘ra, yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgani tufayli Hisorakka suv yig‘ilishi birmuncha ko‘paygan, shu sababli rejali ravishda suv tashlash ishlari amalga oshirilgan. Bunda suv tashlash paytida suv hajmi sekundiga 40 metr kubni tashkil etgan, bu esa omborning loyihaviy suv tashlash quvvati (sekundiga 250 metr kub)ga nisbatan ancha past.

“Shu sohadagi mutaxassis sifatida, Favqulodda vaziyatlar vazirligining rahbari sifatida aytaman, hurmatli hamyurtlar, hech qanday vahimaga o‘rin yo‘q. Bu yerda olib borilayotgan ishlar hammasi shtat rejimida va oldindan rejalashtirilgan tizimda davom etyapti”, – dedi vazir. 

Qurbon hayiti belgilandi

Qurbon hayitining birinchi kuni 16 iyun yakshanba — dam olish kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kuni 17 iyun – dushanba kuniga ko‘chiriladi, 18 iyun – seshanba kuni barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni bo‘ladi.

Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning “Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan. Qarorga ko‘ra, 2024 yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 16 iyun – yakshanbaga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan yurtimizda 16 iyun Qurbon hayiti bayrami sifatida nishonlanadi. 

Qurbon hayitining birinchi kuni dam olish kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kuni 17 iyun – dushanba kuniga ko‘chiriladi, 18 iyun – seshanba kuni barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni bo‘ladi. 

«Navoiyazot»ning nayrangi

«Navoiyazot» AJ 2021-2023 yillarda mineral o‘g‘it, polivinilxlorid va formalin mahsulotlarini tegishli jadval bo‘yicha birjaga chiqarmagan. Taklifning sun’iy ravishda kamaytirilishi ortidan narxlar 10 foizdan 50 foizgacha qimmatlashgan. Buning oqibatida jami 20,5 mlrd so‘m asossiz daromad olingan.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga ko‘ra, mineral o‘g‘itlar bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan «Navoiyazot» AJ tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolari orqali sotishda narx manipulyatsiyasi aniqlangan.

«Navoiyazot» AJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari buzilishini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi, deyiladi qo‘mita xabarida. 

Ekilmagan 1 mln ko‘chat qo‘shib yozilgan

«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida 541 ta holatda amalda ekilmagan bir milliondan ziyod ko‘chat hisobotlarga qo‘shib yozilgan. Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i O‘ktam O‘tayevga ko‘ra, yana 441 ta holatda 580 ming tup ko‘chat sug‘orish tizimi bo‘lmagan joylarga ekilgan.

Qayd qilinishicha, bahor mavsumida 139 mln tup daraxt ekilgani to‘g‘risida elektron platformaga ma’lumot kiritilgan. Biroq 541 ta holatda amalda ekilmagan bir milliondan ziyod ko‘chat hisobotlarga qo‘shib yozilgan.

35 ta holatda yetkazib berilgan ko‘chatlar o‘z vaqtida ekilmagani sababli 19 mingdan ortiq ko‘chat nobud qilingan.

O‘tayev bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 7232 ta noqonuniy daraxt kesish holati aniqlanib, har bir nobud qilingan daraxt uchun 100 tup ko‘chatni komensatsiya tarzida ekish majburiyati yuklangan.

Noqonuniy daraxt kesish holatlari moratoriy e’lon qilinishi natijasida ikki barobarga kamaygani ta’kidlanmoqda —2020 yildagi 10536 ta holatdan 2023 yilda 5472 tagacha.

Tabiatga yetkazilgan zarar va ziyon uchun kompensatsiya to‘lovlari bo‘yicha 400 mlrd so‘mdan ortiq pul mablag‘lari undirilgan.

Mavzuga oid