O‘zbekiston | 17:05 / 11.06.2024
19349
2 daqiqa o‘qiladi

“Saidaziz medgorodok” ishida sudlanayotganlardan biri sobiq IIB xodimi - video

Sud kursisida o‘tirgan 29 shaxsdan biri Ulug‘bek Rahimov sobiq IIB xodimi hisoblanadi. U ishda jabrlanuvchi sifatida qatnashayotgan Xurshid Yo‘ldoshev bilan o‘rtalaridagi pul oldi-berdisini hal qilishda Saidaziz Saidaliyevning “xizmati”dan foydalangan.

Foto: Oliy sud

“Saidaziz medgorodok” ishida sudlanayotganlardan biri Ulug‘bek Rahimov IIB tizimida ishlagan. Bu haqda sudlanuvchining o‘zi sud majlisida bayon qildi.

Ulug‘bek Rahimov Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani “pasport stoli” (IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi) boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan. U mazkur tizimda ishlab, pensiyaga chiqqan.

Kun.uz manbasining ta’kidlashicha, Ulug‘bek Rahimov va sudda jabrlanuvchi sifatida ishtirok etayotgan tadbirkor Xurshid Yo‘ldoshev o‘rtasida yer uchastkasini rasmiylashtirishda pul bilan bog‘liq nizo kelib chiqqan. Sobiq IIB xodimi ushbu oldi-berdini hal qilish maqsadida Saidaziz Saidaliyevga murojaat qilib, uning “xizmati”dan foydalangan.

Holat jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi va Saidaziz Saidaliyev hibsga olinishidan ancha avval sodir bo‘lgan. Bu uchlik o‘rtasida masala qanday shartlar asosida hal bo‘lgani manbaga ma’lum emas.

Tadbirkor Xurshid Yo‘ldoshev Toshkent shahar IIBBning Saidaziz Saidaliyevdan jabrlangan fuqarolar murojaat qilishlari mumkinligi haqidagi e’lonidan so‘ng yuqoridagi holat bo‘yicha murojaat qilgan.

Eslatib o‘tamiz, bugun jinoyat olami vakili sifatida «Saidaziz medgorodok» laqabi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyev va yana 28 kishiga nisbatan sud jarayonlari boshlandi. Ularning aksariyati tovlamachilik, firibgarlik, bezorilik, pora berish, o‘g‘rilik, o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish kabi qator jinoyatlarni sodir qilganlikda ayblanmoqda

Mavzuga oid