O‘zbekiston | 07:24 / 12.06.2024
3615
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazir o‘z o‘rinbosarlari va vazirlar bilan birgalikda har yarim yilda parlamentga hisobot taqdim etishi belgilanmoqda

Yangi tahrirdagi konstitutsiyadan kelib chiqib, hukumatning iqtisodiyot, budjet, moliya, soliq, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi vakolatlari qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Qonunchilik palatasining 11 iyundagi majlisida deputatlar “Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqib, qabul qildi.

Qonun loyihasi bilan Vazirlar Mahkamasining maqomi, tarkibi, uni shakllantirish tartibi, vakolatlari hamda faoliyatini tashkil etishga oid bir qator yangiliklar nazarda tutilyapti.

Xususan, bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va vazirlar bilan birgalikda har yarim yilda Qonunchilik palatasiga hisobot taqdim etishi belgilanmoqda. Yangi tahrirdagi konstitutsiyadan kelib chiqib, hukumatning iqtisodiyot, budjet, moliya, soliq, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi vakolatlari qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Qonun loyihasining 4-moddasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining (vazirlik, qo‘mita, agentlik, inspeksiya) xususan, hududiy bo‘linmalar kesimidagi har birining maqomi, ularni tashkil etish va tugatishning aniq, yagona tartibi hamda bir-biridan farqlovchi mezonlari belgilab berilmoqda.

Vazirlarning o‘zi rahbarlik qilayotgan vazirlikda ishni natijador va samarali tashkil etish, biriktirilgan soha va tarmoqlarda yagona davlat siyosatini samarali olib borish, uni rivojlantirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish, yil yakunigacha maqsadli ko‘rsatkichlar (indikatorlar)ga erishish holati yuzasidan hisobot berish va uni ochiq e’lon qilish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha mas’uliyati va shaxsiy javobgarligi kuchaytirilmoqda.

Mavzuga oid