O‘zbekiston | 12:32 / 22.06.2024
4352
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik kimyogarlar ilk bor ilmiy kashfiyoti bilan AQShdagi kongressda ishtirok etdi

16-20 iyun kunlari AQShda TMS Speciality 2024 jahon kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda 4 nafar o‘zbekistonlik olim ilmiy ishlari bilan ishtirok etdi.

AQShning Ogayo shtatida TMS Speciality 2024 jahon kongressi o‘tkazildi. Unda Elyorjon Jumayev, Orifjon Mixliyev, Dilshodbek Usmonov va Sarvar Rozixo‘jayev o‘z ilmiy ishlari bilan qatnashdi. Xalqaro kongressdagi ishtirok haqida kimyogar Elyorjon Jumayev Kun.uz’ga gapirib berdi.

Uning aytishicha, “Yordamchi elementlarni Ni asosli superqotishmalarning mexanik xususiyatlari va mikrostrukturaviy o‘zgarishiga ta’siri” mavzusidagi ilmiy kashfiyot ustida ishlar 2019 yildan boshlangan. Asosiy maqsad hozir keng qo‘llanayotgan yuqori haroratga bardosh beradigan va mustahkam Ni asosli Hastalloy, Inconel va shu turdagi materiallarning o‘rnini bosa oladigan materiallarni kashf qilish bo‘lgan.

Nomlari sanalgan superqotishmalar tannarxi yuqoriligi bilan birga ular kimyoviy tarkibidagi elementlar kamyob. Shu sabab ularni odatiy holda ishlab chiqarish muammoli. Bizning materiallarimiz Ni asosli Hastalloy, Inconel o‘rnini bosa oladi. Yaxshi tomoni ularning tannarxi past va laboratoriya sharoitida sinovdan o‘tkazilgan materialni ishlab chiqarish bilan integratsiya qilingan ”, – deb tushuntirdi olim.

Olimning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi kunda integratsiya jarayoni kimyoviy va fizik xususiyatlari tez o‘zgarishi hisobiga juda qiyin hisoblanadi va shuning hisobiga laboratoriya sinovlaridan o‘tgan materiallar ishlab chiqarishga joriy qilinmasdan qolib ketmoqda.

Biz bu ishda qanday qilib bizning yangi materiallarimiz laboratoriyadan yarim sanoat keyin esa ishlab chiqarishga joriy qilinganini izohlab berdik”, – dedi u.

Jumayevga ko‘ra, xalqaro kongress AQSh Metall, Minerallar va Materiallar Tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan. Unda erokosmik, mashinasozlik va ilg‘or materiallar bo‘yicha dunyoning ko‘zga ko‘ringan tashkilotlari, korxonalar –NASA, Ge Aviation, Massachusets texnologiyalar universiteti, Stanford universiteti va Oak Ridge milliy laboratoriyasi kabi tashkilotlaridan jami 300 dan ortiq olim ishtirok etgan.

Ma’lumot uchun, Elyorjon Jumayev, texnika fanlari doktori bo‘lib, Hyundai Motors, Samsung, NASA va Oak Ridge milliy laboratoriyalari loyihalarida faoliyat yuritgan. U 350 dan ortiq yangi turdagi materiallarni kashf qilgan.

Elyorjon Jumayev bilan Kun.uz o‘tkazgan intervyuni bu yerda o‘qishingiz mumkin.

Mavzuga oid