O‘zbekiston | 13:26 / 26.06.2024
6974
5 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik talabalarning rag‘bat pulini soliqqa tortishni so‘rayapti. Bu amaldagi qonunchilikka zid

​​​​​​​Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi talabalarga beriladigan rag‘bat pullaridan daromad solig‘i ushlab qolishni so‘rab, rektorlarga xat jo‘natdi. Lekin bir necha oy oldin Soliq qo‘mitasi bu noto‘g‘ri ekanini bildirgandi.

Foto: Kun.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov imzosi bilan oliy ta’lim muassasalari rektorlariga 2024 yil 19 iyun kuni jo‘natilgan xat tarqaldi.

Unda talabalarga to‘lanadigan mukofot va rag‘bat mablag‘laridan daromad solig‘i olinishi kerakligi ko‘rsatilgan. Vazirlik rektorlardan to‘lanishi kerak bo‘lgan daromad solig‘i mablag‘larini budjetga o‘tkazishni va to‘langani haqidagi ma’lumotni 21 iyun soat 11:00 gacha topshirishni so‘ragan.

Xatga Soliq qo‘mitasining 2024 yil 6 iyundagi xati asos qilib keltirilgan. Qo‘mitaning bu xatida yozilishicha, Hisob palatasi o‘z o‘rganishlarida OTFIV va vazirlik tashkilotlarida soliq qonunchiligi bo‘yicha kamchiliklarni aniqlagan va bu haqda Soliq qo‘mitasiga 21 may kuni xat yo‘llagan.

Qo‘mita shu asosga ko‘ra OTFIV tizimidagi tashkilotlardan aniqlashtirilgan soliq hisoboti yoki aniqlangan tafovutlar bo‘yicha asosnomalar taqdim etishni so‘ragan. Shuningdek, kamchiliklar bartaraf etilmasa, belgilangan tartibda soliq tekshiruvi o‘tkazilishi ta’kidlangan.

Soliq qo‘mitasining xatida talabalarning rag‘bat pullaridan soliq olib qolinishi haqida hech qanday jumla yo‘q. Xo‘sh, qaysi qonunchilikka ko‘ra rag‘bat pullari soliqqa tortilmoqda?

Kun.uz'dagi ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim oliygoh rektorlarini shu paytgacha to‘langan rag‘bat pullaridan daromad solig‘i to‘lashga majburlash boshlangan. Vaholanki, amaldagi soliq qonunchiligida bunday norma yo‘q.

Shu o‘rinda bir qo‘shimcha: 2024 yilning yanvar oyida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabalari olayotgan rag‘batlantirish pullaridan daromad solig‘i olib qolinayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Shundan keyin Soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Shuxrat Ismoilov talabalarga rag‘batlantirish uchun to‘langan pullar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortilmasligini ma’lum qilgandi.

Uning ta’kidlashicha, Soliq kodeksining 369-moddasida jismoniy shaxslarning jami daromadlari tarkibiga kiritilmaydigan daromadlari belgilangan. Unda Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida jismoniy shaxslarga biryo‘la to‘lanadigan pul mukofotlari jismoniy shaxslarning jami daromadlari tarkibiga kiritilmasligi va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etilishi ko‘rsatilgan.

Shundan kelib chiqqan holda, ushbu oliy ta’lim muassasasi talabalarni rag‘batlantirgani uchun to‘langan to‘lovlardan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini soliq agenti sifatida ushlab qolmasligi kerak edi. Bu to‘g‘risida ushbu oliy ta’lim muassasasi bilan bog‘landik hamda bu haqda tegishli tushuntirishlar berildi”, – degan mas’ul.

21 iyun kuni yoshlar va vazir uchrashuvida talabalardan biri xuddi shu muammo bo‘yicha vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipovdan izoh so‘radi. Sharipov vaziyatdan xabardor ekanini aytib, OTMlarga nega bundan xat jo‘natilganini shunday izohladi.

Bu yaqinda tekshirishdan keyin chiqqan. Lekin biz bu bo‘yicha hozir ishlayapmiz. Aslida uni sizlar bilganingizda, buni biz bermasdik. Chunki bizning maqsadimiz sizlarga muammo tug‘dirish emas. Hozir qonunlar o‘zgaryapti. Shuning uchun balki tushunmovchiliklar bo‘layotgandir”, – dedi vazir.

Vazirlikning moliya-iqtisodiyot va infratuzilmani rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Maqsud Hamroyev esa talabalarga berilayotgan moddiy rag‘batlantirishdan daromad solig‘i olish haqidagi xatning stipendiya yoki boshqa to‘lovlarga ta’siri yo‘qligini ma’lum qilib, OTMlar rag‘bat pullarini berishda davom etayotgani va ulardan daromad solig‘i olish masalasi tez orada hal bo‘lishini ta’kidladi.

Hozirgi kunda buning yechimi qilindi. Hech qanaqa talabaning hisobidan ketadigan bo‘lmaydi. U to‘lov tizimini yaratib, yaqin orada yo‘lga qo‘yiladi. Lekin hozirgi kunda ham OTM talabalariga rag‘bat pullari to‘xtatilmagan. Hech qanaqa qarshiliklar yo‘q. Faqat soliq undiruviga qaratilgan masala ko‘rib chiqilyapti. Buni taklif qilmoqchimiz, o‘sha oldingi holatda saqlab qolish masalalari ham ko‘rilyapti”, – dedi mas’ul.

Kun.uz talabalarga to‘lanadigan rag‘bat pullaridan daromad solig‘i ushlab qolish bo‘yicha qonunga o‘zgartirish kiritish kutilayotgani yoki yo‘qligini bilish uchun Soliq qo‘mitasiga so‘rov jo‘natdi.

Mavzuga oid