Jahon | 23:05 / 27.06.2024
9325
2 daqiqa o‘qiladi

Putin harbiy kemalarni raketa zarbalaridan himoyalashni talab qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiylardan mamlakat harbiy-dengiz floti kemalarini uzoq masofaga uchuvchi raketalar hujumidan himoyalashni talab qildi.

Foto: kremlin.ru

«Flotimizni, olis dengizdagi harbiy-dengiz bazalarimizni ham ehtimoliy hujumlardan himoyalash kerak», degan Putin kemasozlik bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda. Rossiya prezidenti bu uchun sohaga xatarlarni, xususan, dron xavfini masofadan aniqlaydigan tizimni tezroq joriy qilish kerakligini aytdi.

Putin Rossiya Mudofaa vazirligidan harbiy-dengiz flotini uzoq yillik rivojlantirish konsepsiyasi bo‘yicha hisobot taqdim etishni talab qildi. «Aynan mana shu baza asosida yaqin va uzoq muddatli rejalar tuzish, ishlab chiqaruvchilarga talablar qo‘yish, ilm-fan yo‘nalishini aniqlab olish kerak», dedi u.

Ma’lumot uchun, may oyida Ukraina Qurolli kuchlari Sevastopolga uchta AQShda ishlab chiqarilgan ATACMS uzoq masofaga uchuvchi raketasi bilan hujum qilishdi. Bu hujum natijasida Qora dengiz flotiga tegishli «Tsiklon» raketa kemasi yo‘q qilingan. Bu Qrimdagi «Kalibr» raketasini olib yuruvchi oxirgi rus kemasi edi.

Hozirda flotdagi ko‘plab kemalar Ukrainaning ehtimoliy hujumlari sabab uzoqroqqa olib ketilgan. Urush boshidan buyon Ukraina ruslarning 20 tadan ortiq raketa kemalarini yo‘q qilgan. Xususan, ular orasida eng yirigi bo‘lgan «Moskva» kreyserini ham. Ukrainaga bosqinga qadar Qora dengizdagi Rossiya flotida 70 tadan ortiq raketa kemalari bo‘lgan.

Mavzuga oid