«Yuksalish» Toshkentda yo‘lovchilarning jamoat transporti haqidagi fikrini o‘rgandi
"Yuksalish" harakati poytaxt jamoat transporti yo‘lovchilari o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi. Ular “poyga”lar uyushtirilishi, tig‘iz vaqtlarda yo‘lovchilar oqimi ko‘pligi, YHQ buzilishi, harakat jadvaliga rioya etilmasligi, konditsionerlar to‘liq ishlamasligi, ayrim yo‘nalishlardagi eskirgan avtobuslar kabi muammolarni sanab o‘tdi.
“Yuksalish” harakati poytaxt jamoat transporti holati yuzasidan fuqarolar o‘rtasida onlayn so‘rov o‘tkazdi. So‘rovnoma sohaga mas’ul tuzilmalar tomonidan qo‘shimcha e’tibor talab qilinadigan jihatlarni aniqlashga qaratilgan.
So‘rovda 276 nafar respondent ishtirok etdi. “Hozirda jamoat transportidagi asosiy muammo nima?” degan savolga quyidagicha javob olindi:
- tig‘iz vaqtlarda yo‘lovchilar oqimi ko‘pligi (49,1 foiz);
- avtobuslarda sovituvchi/isituvchi konditsionerlar to‘liq ishlamasligi (15,6 foiz);
- metroda havo ventilyatsiyasi yaxshi ishlamasligi (12,4 foiz);
- transportlarning barchasida ham nogironligi borlar uchun maxsus sharoitlar yaratilmaganligi (8 foiz).
Shuningdek, yo‘lovchilar ba’zi yo‘nalishlarda haligacha eskirgan avtobuslar harakatlanayotganini, ular yo‘llarda tez-tez ishdan chiqayotganini yoki yong‘inlar kelib chiqayotganini muammo sifatida qayd etgan. Ayrim avtobuslarning harakatlanish jadvaliga muvofiq yurmasligi ham shular qatorida.
Yo‘lovchilarning ba’zilari avtobuslarda konduktorlarga ehtiyoj yo‘q degan bo‘lsa, boshqalari ehtiyoj borligini aytgan. Konduktor bo‘lmasa, haydovchi yo‘lovchilarni old eshikdan tushiradi, bu esa yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha noqulayliklar keltirib chiqaradi.
Respondentlarning fikricha, yo‘nalishli taksilar yoki mikroavtobuslarda “qo‘shimcha o‘rindiqlar”dan (taburet yoki yog‘och o‘rindiqlar) foydalanish holati kuzatiladi. Yo‘lovchilar xavfsizligi uchun buni qat’iy nazoratga olish va tartibga solish darkor.
Yo‘lovchilar qanday takliflar berdi?
So‘rov davomida respondentlar quyidagi taklif va tavsiyalarni berdi:
- tig‘iz vaqtlarda avtobus va vagonlar sonini ko‘paytirish, oraliq vaqtlarni qisqartirish (65,2 foiz);
- tirbandlikning oldini olish uchun sig‘imi va hajmi katta avtobuslar sonini ko‘paytirish (50 foiz);
- metroda ventilyatsiya va avtobuslarda sovitish/isitish tizimini yaxshilash (49,1 foiz);
- eski rusumdagi avtobuslarni harakatlanishdan chiqarish va transport tizimini modernizatsiya qilish (41,7 foiz);
- jamoat transporti uchun faqat professional haydovchilarni yollash (34,1 foiz).
So‘rov ishtirokchilari, shuningdek, jamoat transporti haydovchilarining faoliyati bo‘yicha takliflar qoldirgan. Masalan, yo‘lovchilarni tashish vaqtida uyali telefondan foydalangan haydovchilarni jazolash, ularning malakasini muntazam oshirib borish, yo‘lovchilarning fikr-mulohazalari asosida ball tizimini joriy etish, natijasiga qarab mukofotlash yoki jarimaga tortish tizimini yo‘lga qo‘yish, avtobus haydovchilarining “poyga”lar uyushtirishi bilan bog‘liq qoidabuzarliklarni qat’iy nazorat qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va h.k.
So‘rovda qatnashganlar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish – yo‘lovchilarni audio va vizual formatda xabardor qiluvchi axborot tizimlarini joriy etishni ham ta’kidlagan.
Muammolarni doimiy aniqlab borish uchun fuqarolar murojaatlarini qabul qiluvchi platformalarni ishga tushirish, uni faollashtirish tavsiya etilgan. Respondentlar orasida metroda ayollar va bolalar hamda qariyalar uchun alohida vagonlarni joriy etishni so‘raganlar ham bo‘ldi.
Mavzuga oid
22:45 / 10.11.2024
Toshkentda «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
10:47 / 08.11.2024
Toshkentda ayrim ko‘chalar yopilishi haqidagi xabarlar rad etildi
16:17 / 07.11.2024
“Toshkent shahri atrofidagi issiqxonalarning 60 foizi ko‘mir, rezina shinalar yoqyapti” – Ekologik partiya
20:44 / 06.11.2024