Sport | 18:23 / 01.07.2024
15944
7 daqiqa o‘qiladi

Ilk golini kutayotgan Ronaldu va Mbappening yangi niqobi. Yevroda kun o‘yinlari

Yana bir kuchli jamoa turnirni tark etadi.

1 iyul kuni Yevro-2024 pley-offining nimchorak final bosqichi doirasida yana ikkita uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Muxlislarni Fransiya — Belgiya ishtirokidagi supero‘yin kutmoqda, Portugaliya esa chorakfinalga chiqish uchun Sloveniya to‘sig‘idan o‘tishi talab etiladi.

Fransiya — Belgiya: JCh-2018 yarimfinali remeyki (21:00 / Zo'rTV)

Bu 1/8 finaldagi eng katta qiziqishga sabab bo‘lgan to‘qnashuv. Ammo ikki jamoaga ham o‘yin borasida savollar bor. Fransiya Yevrodagi eng kuchli tarkibga ega. Ammo guruh bosqichida Dide Desham shogirdlari atigi ikki gol urishdi (biri – avtogol, ikkinchisi – penaltidan). Shuningdek, fransuzlar Avstriyani oldinga o‘tkazib yuborib, ikkinchi o‘rinni egalladi. Hozircha jamoa muxlislari ishonchini oqlay olmayapti.

Deshamdan taktika va tarkib borasida boshqacha tanlovlar kutilgandi, ammo fransuzlar bosh murabbiyi maydon markazidagi sinovdan o‘tgan uchlikni parchalab, bu yerga ancha vaqtdan buyon jamoada o‘ynamagan Kanteni qaytardi. N'Gologa hech qanday savol yo‘q — u ikkinchi yoshligini o‘tkazmoqda, ammo bu o‘zgarish tufayli jamoa mexanizmi avvalgidan boshqacharoq ishlamoqda.

Hujum chizig‘iga ham savollar bor. Desham Jiruni zaxiraga o‘tqazdi va Mbappeni chap qanotdan hujum markaziga ko‘chirdi — bu esa hozircha ish berayotgani yo‘q. Belgiya bilan o‘yindan oldin Dide bu masalani qayta ko‘rib chiqishi kerak.

Fransuzlarning himoyadagi o‘yini — hozircha jiddiy savollar tug‘dirmagan yagona chiziq. Atigi bir gol o‘tkazib yuborildi, u ham bo‘lsa penaltidan. Belgiyaliklar «Uchranglilar»ning mustahkam devoriga qarshi nima o‘ylab topadi? Bu Domeniko Tedesko uchun rebus.

Belgiya Yevro-2024 turniriga soyadagi favorit maqomida kelgan. Jamoada hali ham Kevin De Bryuyne va Romelu Lukaku to‘p surmoqda. Ammo endi bu 2018 yil namunasidagi «oltin» jamoa emas. Bosh murabbiy Domeniko Tedesko uchun esa Yevropa chempionati faoliyatidagi ilk yirik turnir. Umuman olganda, Belgiyadan nima kutish mumkinligini hech kim bilmaydi. Jamoa Slovakiya, Ruminiya va Ukraina bilan guruhdan ikkinchi o‘rin bilan chiqdi. Belgiyaliklar birinchi turda slovaklarga yutqazishni uddalagandi (0:1), oxirgi turda ukrainlarga qarshi o‘yinda (0:0) jar yoqasida qoldi. Agar Sergey Rebrov shogirdlari o‘yinning so‘nggi qismidagi hujumlarini golga aylantira olganida, Belgiya o‘z ishtirokini guruh bosqichidayoq yakunlashi mumkin edi.

Murabbiy bu safargi Yevroning eng omadsiz futbolchilaridan biri bo‘layotgan Lukakuga ishonishda davom etmoqda. Romeluning vaziyatlardan foydalanish ko‘rsatkichi — haddan tashqari yomon, pley-offda esa buni kechirishmaydi, ayniqsa fransuzlar.

O‘yindan oldin kim ishtirokini davom ettirishi borasida aniq gap aytib bo‘lmaydi. Katta ehtimol bilan, muxlislarni ko‘plab golli vaziyatlar yaratiladigan klassik futbol kutmoqda. Qog‘ozda Fransiya — favorit, ammo Belgiya JCh-2018 yarimfinalidagi mag‘lubiyat (0:1) uchun qasos olish o‘tida yonmoqda.

«G‘alaba uchun kurashamiz. Biz bu chempionat uchun saralashda eng yaxshilar safiga kirish uchun qaytardik. Endi bizni top raqibga qarshi o‘yin kutmoqda. Biz bu yerga shunday o‘yinlar uchun kelganmiz. Aks holda uyda qolsak ham bo‘lardi. Biz shunday o‘yinlar uchun o‘ynaymiz», — degan Tedesko.

O‘yin arafasidagi yana bir e’tiborli voqea — Kilian Mbappe yangi qiyofada ko‘rinish berishi bo‘ldi. U so‘nggi mashg‘ulotlarda yangi niqob taqqan holda ishtirok etgan. Yozishlaricha, yangi niqob oldingisidan mustahkamroq va yuzning ko‘proq qismini yopgan. Oldingi niqobda Mbappe Polshaga qarshi o‘yindagi ko‘plab vaziyatlardan foydalana olmagandi va faqat penaltidan gol urgandi. Yangisi unga omad keltiradimi?

Portugaliya — Sloveniya: Ronaldu turnirdagi ilk golini uradimi? (00:00 / Zo'rTV)

Portugaliya F guruhidan birinchi o‘rin bilan chiqdi. Ammo so‘nggi turda Gurjistonga yutqazib qo‘ygandi (0:2). Roberto Martines aralash tarkibni tushirgan, ammo jamoaning ikkinchi tarkibi ham bunday raqibni yengishi kerak edi. 1-turda ham Portugaliya Chexiyaga qarshi qiynalgan, g‘alaba goli 90+2-daqiqada urilgandi. Portugallar kutilganidek benuqson o‘yin ko‘rsata olmayapti.

Jamoaga 1/8 finalda raqib bo‘layotgan Sloveniya top-jamoalardan qo‘rqmaydi. Matyaj Kek shogirdlari guruh bosqichida uch o‘yinda ham durang qayd etgandi: Daniya (1:1), Serbiya (1:1) va Angliya bilan (0:0). Bu jamoalarning uchalasi ham tarkib bo‘yicha sloveniyaliklardan ustun. Lekin Sloveniya ularning har biridan ochko ololdi. Endi o‘z tarixida ilk bor yirik turnir pley-off bosqichiga chiqqan jamoa Portugaliyaga kurash taklif qiladi. 

Raqib hujumkorligi bilan ajralib turmaydi, ammo har qanday raqibni qarshi hujumlarda jazolashi mumkin. Bir necha oy muqaddam Sloveniya Portugaliyani 2:0 hisobida mag‘lub etgandi. Bu o‘rtoqlik uchrashuvi edi va Martines muhim futbolchilariga dam bergandi, ammo baribir portugallar bu mag‘lubiyatni unutmagani aniq. Bu o‘yinda Roberto Martines o‘z ixtiyoridagi eng kuchli tarkibni tushirishi kerak. 

Kek — top-raqiblarga qarshi qanday o‘ynashni biladigan, intizom va jamoaviy ishga qattiq turadigan tajribali murabbiy. «Biz kim bilan o‘ynashga to‘g‘ri kelishini yaxshi bilamiz. Portugaliya — turnir g‘olibligi uchun favoritlardan biri. Ammo biz yaxshi natijaga erishishni istaymiz va maydonda qanday ko‘rinishimiz haqida ortiqcha qayg‘urmaymiz. Muayyan pallalarda qattiq ter to‘kishga to‘g‘ri keladi», — degan Kek.

Ronaldu va jamoa ham slovenlar qarshiligini sindirish uchun diqqatni jamlab, bor kuch bilan o‘ynashiga to‘g‘ri keladi. Krishtianu bu turnirda hozircha gollar hisobini ochmadi. Bu balki bugun ro‘y berar?

Mavzuga oid