4 ta tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i lavozimidan ozod etildi
Qashqadaryo, Andijon, Farg‘ona viloyati soliq boshqarmalari boshliqlari o‘rinbosarlari, Paxtaobod, Izboskan, Sharof Rashidov va Yangi Namangan tumani soliq inspeksiyasi boshliqlari hamda 25 nafar mas’ullar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Ular ogohlantirishlar, profilaktik suhbatlar, ko‘rilgan intizomiy choralardan xulosa chiqarmasdan xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan.
Soliq qo‘mitasi sohada faoliyat yuritayotgan bir guruh mas’ullar va xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qildi. Bu haqda qo‘mitaning Hay’at majlisida aytib o‘tilgan.
Ma’lum qilinishicha, Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev rahbarligida kengaytirilgan Hay’at majlisi o‘tkazilgan. Unda I yarim yillik yakuni va III chorakdagi dolzarb vazifalar muhokama qilingan.
Yig‘ilishda joriy yilning I yarim yilligida budjetga 85,8 trln so‘m miqdorida soliq tushumlari ta’minlanib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,5 foizga, hududlarda 24,4 foizga, tumanlarda 37 foizga o‘sganligi qayd etilgan. Mol-mulk solig‘i tushumlari 37,6 foizga, yer solig‘i 31,2 foizga, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq 21 foizga, AOS 19 foizga va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 18 foizga o‘sgan.
Hududlarda foyda solig‘i tushumi 32,3 foizga va QQS 20,6 foizga o‘sgan, Pensiya jamg‘armasiga 23,1 trln so‘m tushirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,1 trln so‘mga oshgan.
“Shu bilan birga, ayrim hududlar va sohalarda iyun oyi yakunlariga ko‘ra, “DSB ma’murchiligi” dasturi asosida “korxonabay” ishlash tizimi samaradorlik ko‘rsatkichi past bo‘lganligi tanqid ostiga olindi. Masalan, Jizzaxda 54,8 ball, Qashqadaryoda 57,1 ball, Navoiyda 58,2 ball, Andijonda 58,7 ball va Sirdaryoda 59 ballni tashkil etdi”, deyiladi xabarda.
Yig‘ilishda xizmat vazifasini bajarish va soliq ma’murchiligini ta’minlashda jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlar faoliyati jiddiy tanqid qilinib, tashkiliy masalalar ko‘rib chiqilgan.
Jumladan, berilgan ogohlantirishlar, profilaktik suhbatlar, ko‘rilgan intizomiy choralardan xulosa chiqarmasdan xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan hamda belgilangan samaradorlik ko‘rsatkichlari past bo‘lgan Qashqadaryo, Andijon, Farg‘ona viloyati soliq boshqarmalari boshliqlari o‘rinbosarlari, Paxtaobod, Izboskan, Sharof Rashidov va Yangi Namangan tumani soliq inspeksiyasi boshliqlari hamda 25 nafar mas’ullar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Shuningdek, 150 nafarga yaqin xodimga intizomiy choralar belgilanib, 15 nafar xodimning unvoni 1 pog‘onaga pasaytirilgan.
Mavzuga oid
13:18 / 13.08.2024
Soliq qo‘mitasi yirik korxonalarning mahalliy budjetga to‘lovlarini hisobga olish tartibini joriy qiladi
10:24 / 18.05.2024
Soliq kodeksida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalar miqdorlari kamaytiriladi
23:35 / 16.05.2024
Ishlab chiqarish korxonalarining soliq qarzi 1,4 trln so‘mdan oshdi
23:10 / 16.05.2024