O‘zbekiston | 19:48 / 09.07.2024
5485
3 daqiqa o‘qiladi

“Ikki davlat o‘rtasida biror muammo qolmagan” – Qirg‘iziston prezidenti huzuridagi STMI direktori

Qirg‘iz Respublikasi prezidenti kelgusi hafta davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi. 9 iyul kuni Markaziy Osiyo xalqaro institutida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligiga bag‘ishlangan konferensiyada qatnashgan Qirg‘iz Respublikasi prezidenti huzuridagi Strategik tashabbuslar milliy instituti direktori Sanjar Mukanbetov bu xususida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida birorta muammo qolmagan.

Foto: Kun.uz

Konferensiyada ikki davlatning ekspert doiralari vakillari qatnashdi. Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori, O‘zbekistonning AQShdagi sobiq elchisi – Javlon Vahobov o‘z nutqida ikki davlat o‘zaro diplomatik aloqalar o‘rnatgandan beri hamkorlikda eng yaxshi natijaga bugun erishganini ta’kidladi.

Alohida uchastkalarni boshqarish to‘g‘risidagi hamda Andijon-Kampirravot suv omborini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi hujjatlarning qabul qilinishi, parlamentlar ratifikatsiyasi ortidan O‘zbekiston va Qirg‘iziston uzoq yillik chegara muammolariga va nihoyat yakun yasadi. Prezident Mirziyoyevning so‘zi bilan aytsam, bugun o‘rtamizda birorta muammo qolmagan. Ta’kidlash joizki, o‘tgan 30 yildan ortiq vaqt mobaynida ilk bor ikki davlat bunday natijaga erisha oldi. Japarov ham Bishkek O‘zbekistonni ishonchli strategik hamkor davlat sifatida ko‘rishini aytgan”,- deydi Vahobov.

Qirg‘iziston STMI direktori Sanjar Mukanbetovga ko‘ra, endi ikki tomon asosiy e’tiborini muammolarga emas, kompleks rivojlanishga qaratadi.

“O‘zingiz aytganingizdek, yaqin kunlarda yanayam aniqrog‘i kelgusi haftada prezident Sadir Japarov davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi. Ikki tomon ham shu fikrdaki, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida bugunga kelib biror muammo qolgani yo‘q. Endi bor kuchimiz va e’tiborimizni o‘zaro savdo, energetika, suv resurslari energetikasidagi hamkorlikka, uning rivojiga bermoqchimiz”, - Sanjar Mukanbetov

Ko‘p mavzular qatori hukumatlar bugun bosh qotirayotgan, biroq qurilishi to‘xtab qolgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘li masalasi ham alohida muhokama qilindi.

“O‘tgan oy uch davlatning ham transport vazirlari Xitoyda kelishuvga imzo chekdi. Qirg‘iziston parlamenti buni ratifikatsiya ham qilib ulgurdi. Shu yilning avgust oyidan e’tiboran temiryo‘lning Qirg‘iziston hududida faol qurish ishlari boshlanadi. Bu koridor hatto, mintaqalarni bir-biri bilan bog‘lashdagi muhim bo‘g‘in bo‘ladi”, - deydi Mukanbetov.

Mavzuga oid