Jahon | 16:11 / 12.07.2024
6124
2 daqiqa o‘qiladi

Nepalda ko‘chki ikki avtobusni daryoga olib ketdi

Qutqaruvchilar qariyb 70 kishini qidirmoqda.

Foto: AFP

Juma kuniga o‘tar kechasi Nepalda toshqin ichida jami 66 kishi bo‘lgan ikki avtobusni daryoga olib tushib ketgan. Voqea joyida keng ko‘lamli qutqaruv amaliyoti o‘tkazilmoqda.

Avtobuslar kuchli musson yomg‘iri yog‘ayotgan mahalda shosse bo‘ylab Madandan Ashrit shahri tomon harakatlanayotgandi. Tungi soat 3 atrofida poytaxt Katmandudan taxminan 120 km masofadagi Simaltala hududida ular ko‘chki ostida qolgan.

Reys ma’lumotlariga ko‘ra, avtobuslardan birida 24 kishi, boshqasida — 42 kishi bo‘lgan, ammo haydovchilar yo‘lda qo‘shimcha yo‘lovchi olgan bo‘lishi ham mumkin.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lovchilar orasida Hindistonning yetti nafar fuqarosi ham bo‘lgan.

Ayni vaqtgacha uch kishining taqdiri ma’lum: ularni mahalliy aholi vakillari daryodan, halokat joyidan ancha uzoqdan topishgan, ular shifoxonaga yetkazilgan.

Avtobuslar tushib ketgan Trishuli daryosi kuchli yomg‘irlar tufayli qirg‘oqlaridan toshib chiqqan.

Ko‘chki yo‘lning o‘tish qismini to‘sib qo‘ygani va suv toshqinlari qutqaruvchilarning ishini qiyinlashtirmoqda.

«Toshqin va ko‘chkilar oqibatida o‘nlab yo‘lovchilar va ularning mol-mulki yo‘qolganidan chuqur qayg‘udaman. Men barcha xizmatlarga, jumladan mahalliy rasmiylarga yo‘lovchilarni qidirish va samarali qutqarish uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ko‘rishga topshiriq berdim», — degan Nepal bosh vaziri Pushpa Kamal Daxal.

Mamlakat hukumati fuqarolarni zarur ehtiyot choralarini ko‘rishga, xususan, yog‘ingarchilik tugamagunicha uzoq joylarga safar qilmaslikka chaqirgan.

Mavzuga oid