O‘zbekiston | 08:24 / 15.07.2024
7173
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston litiy qazib olishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda

O‘zbekistonning investitsiyaviy takliflaridan biri - Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi Nurlikon litiy konini o‘zlashtirish.

Foto: mineralresources.com

Qozog‘istonning "Infozakon" elektron nashrida "O‘zbekiston sanoat uchun muhim foydali qazilmalarga ortib borayotgan jahon talabiga qanday javob bermoqda" sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".

"O‘zbekiston–2030" strategiyasida uglevodorod zaxiralarini ko‘paytirish, 60 ming kvadrat metr maydonda sohani modernizatsiya va raqamlashtirish, ularga xorijiy investorlarni jalb etishga qaratilgan geologiya-qidiruv ishlari belgilab berilgan, deb ma’lum qilingan materialda.

"Mamlakatda geologiya sanoatiga har yili trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi, – deb yozgan muallif. – Maqsadli dasturlarning amalga oshirilishi natijasida o‘tgan yili tog‘-kon sanoatida mahsulot ishlab chiqarish hajmi qariyb 11 milliard dollarga yetdi".

Materialda qayd etilishicha, sanoat uchun muhim foydali qazilmalar uchun katta foydalanilmagan salohiyat mavjud. Xususan, mamlakatda ana shunday foydali qazilmalarning 32 turi topilgan.

Nashrda dunyo texnologiyaning jadal rivojlanishini boshdan kechirayotgani, shu sababli elektr avtomobillari, elektrotexnika sanoati va "yashil" energiyada nodir metallarga talab ortib borayotgani ta’kidlangan. Ushbu omillar jahon bozorida molibden, tellur, selen va grafitning narxi sezilarli darajada oshiga olib keldi.

Maqolada, shuningdek, O‘zbekistonda muhim foydali qazilmalar va noyob yer elementlarini o‘rganish, qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha bir qator muhim chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ma’lum qilingan.

Xususan, 2023 yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan "Innoprom. Markaziy Osiyo" xalqaro sanoat ko‘rgazmasi arafasida davlat litiy qazib olishni yo‘lga qo‘yish niyatida ekani xabar qilingan. O‘zbekistonning investitsiyaviy takliflaridan biri Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi Nurlikon litiy konini o‘zlashtirishdir.

"Mazkur jabhada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar O‘zbekistonda "yashil" kelajakka yo‘naltirilgan ilg‘or texnologiya kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirishga qaratilgan", – deb yozilgan maqolada.

Mavzuga oid