O‘zbekiston | 22:00 / 18.07.2024
5252
6 daqiqa o‘qiladi

18 iyulning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Qirg‘iziston prezidentining tashrifi, Qatar elchisi bilan kelishuv, jurnalistlar bilan uchrashgan Allamjonov va elektrosamokatlar harakatlanishiga ayrim cheklovlar — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Sadir Japarov O‘zbekistonga keldi

18 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov rafiqasi bilan birga davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.

Toshkent shahri xalqaro aeroportida ularni davlat rahbari va rafiqasi kutib oldi.

So‘ngra Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimizga davlat tashrifi bilan kelgan Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovni tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi.

Qarorgoh oldidagi maydonda davlat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy kutib oldi va shohsupaga taklif etdi. Harbiy orkestr ikki davlat madhiyalarini ijro etdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, oliy darajada muzokaralar o‘tkaziladi, ularda O‘zbekiston-Qirg‘iziston keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Sammit yakunida qator yirik qo‘shma loyihalarni ishga tushirish va salmoqli ikki tomonlama hujjatlarni imzolash rejalashtirilgan.

Qatar elchisi bilan uchrashuv

O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva Qatarning O‘zbekistondagi elchisi Hasan Hamza Hoshim bilan uchrashdi.

O‘zbekiston talabalari uchun Qatar yetakchi universitetlarida tahsil olish bo‘yicha grant o‘rinlarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Muloqot davomida mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, ta’lim va madaniyat sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, afg‘onistonlik qizlarni Termiz shahrida o‘qitish loyihasi, shuningdek, O‘zbekiston talabalari uchun Qatarning yetakchi universitetlarida tahsil olish bo‘yicha grant o‘rinlarini ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Allamjonov ko‘rinish berdi

Prezident Administratsiyasi Axborot siyosati departamenti rahbari Komil Allamjonov 17 iyul kuni davlat, nodavlat tele- va radiokanallar hamda boshqa OAV rahbarlari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda tele- va radiokanallar, umuman OAV va mediatarmoqlar oldidagi dolzarb muammolar, yangi trendlar, matbuotning yaqin kelajakdagi holati, shuningdek, milliy kontent yaratish ishlari muhokama qilindi. Nosog‘lom media muhitini o‘zgartirish, xususan, sohada qonunchilikni takomillashtirish, jurnalist etikasini tartibga solish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

«So‘nggi vaqtlarda OAV va media vakillari o‘z faoliyatlarida sensatsion materiallarga urg‘u berayotganligi, ta’bni xira qiluvchi turli noxush vaziyatlar, shu jumladan, qotillik, o‘lim bilan bog‘liq hodisalarni bo‘rttirib ko‘rsatish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda, matbuotda feyk va dezinformatsiyalarning soni ortib borayotganligiga ham guvoh bo‘lyapmiz.

Shu nuqtai nazardan, bu kabi nosog‘lom media muhitni o‘zgartirish, xususan, sohada qonunchilikni takomillashtirish, jurnalist etikasini tartibga solish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi», degan Komil Allamjonov.

Respublika “GAI” rahbari almashdi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati — xalq tilida Respublika “GAI”si rahbari polkovnik Olim Choriqulovich Saidov Olim Saidov o‘z lavozimini tark etdi.

IIV matbuot xizmati 2019 yilning noyabridan buyon ish lavozimda ishlab kelgan Olim Saidov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i lavozimidan ozod etilganini xabar qilmoqda.

Uning o‘rniga polkovnik Sherzod Shokirovich Ibragimov respublika Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Tayinlovga qadar Sherzod Ibragimov IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Jamoat tartibini saqlash xizmati boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

Sherzod Ibragimov Navoiy viloyati IIB Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi boshlig‘i, Navoiy viloyati IIB boshlig‘ining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan, 2022 yil noyabrida IIV Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – Jamoat tartibini saqlash xizmati boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.

Samokatlar tezligiga cheklov

Elektrosamokatchilarga soatiga 10 kilometrdan yuqori tezlikda harakatlanish taqiqlandi

Individual harakatlanish vositalarini boshqarayotgan shaxslar yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishi, trotuarlardan, piyodalar yo‘lkalaridan, piyoda va velosiped yo‘lkalarida 10 km/h dan oshmaydigan tezlikda, ular bo‘lmaganda esa yo‘l chetida soatiga 20 km/h tezlikdan yuqori bo‘lmagan tezlikda harakatlanishi kerak bo‘ladi.

Bu Vazirlar Mahkamasi qarori bilan hukumatning ayrim qarorlariga yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan ba’zi o‘zgartirish va qo‘shimchalar qatorida sanab o‘tilgan.

Shuningdek, tez tibbiy yordam mashinalari, elektromototsikllar, mopedlar va skuterlar uchun alohida davlat raqamlari joriy etilmoqda.

Individual harakatlanish vositalari — elektrosamokat, elektr skeytbordlar, segveylar, unisikllar, monog‘ildirak va boshqalarni 14 yoshdan kichik shaxslarning boshqarishi, piyodalar o‘tish joyida harakatlanish, odam tashish, telefondan foydalanish va boshqalar kabi bir qator taqiqlovchi choralar joriy etilmoqda.

Skuterlar va mopedlarning harakatlanishini, shuningdek, individual harakatlanish vositalarini boshqarishni taqiqlovchi yangi yo‘l belgilari joriy etilmoqda.

Mavzuga oid