Jahon | 07:15 / 20.07.2024
15531
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Zelenskiy telefon orqali gaplashdi

Ukraina prezidenti Trampni AQSh prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilgani bilan tabrikladi va unga kuch-quvvat tiladi. Tramp, o‘z navbatida, agar saylansa, urushni tugatishga va’da berdi.

Foto: AP

«Men Donald Tramp bilan suhbatlashdim, uni Respublikachilar partiyasidan (AQSh prezidentligiga) nomzod sifatida tabrikladim va Pensilvaniyadagi dahshatli suiqasdni qoraladim», deb yozdi 20 iyul, shanbaga o‘tar kechasi AQSh sobiq prezidenti bilan telefon orqali suhbatdan so‘ng Ukraina davlati rahbari Volodimir Zelenskiy ijtimoiy tarmoqda.

Zelenskiy, shuningdek, u ikki asosiy Amerika partiyasi va Amerika Kongressi ikki palatasining Ukraina «erkinligi va mustaqilligini himoya qilish» uchun «hayotiy» yordami hamda Rossiyaning Ukraina shaharlari va qishloqlariga davom etayotgan zarbalari haqida gapirganini aytdi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, suhbat chog‘ida tomonlar «shaxsiy uchrashuvda qanday qadamlar tinchlikni adolatli va chinakam mustahkam qilishi mumkinligini muhokama etishga» kelishib olgan. Shu bilan birga, post matnida Zelenskiy Trampni sobiq emas, balki prezident deb atagan. 

Donald Tramp Ukraina rahbari bilan suhbati haqida o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi. U suhbatni «juda yaxshi» deb atadi va u bilan bog‘langani uchun Zelenskiyga minnatdorchilik bildirdi. AQSh sobiq prezidenti saylovlarda g‘alaba qozongach, Ukrainadagi urushga chek qo‘yishi mumkinligini yana bir bor ta’kidladi. «Ikkala tomon ham birlashib, zo‘ravonlikka chek qo‘yadigan va farovonlik yo‘lini yaratuvchi kelishuvni muhokama qilishi mumkin», — deb yozgan Tramp. 

Trampning Ukrainadagi urushni tugatish rejasi 

Iyul boshida The Washington Post gazetasi Trampning Kiyevga Qrim va Rossiyaga qo‘shib olingan Donbassni berishi uchun bosim o‘tkazish niyati haqida yozgan edi. Nashr yozishicha, AQSh sobiq prezidentining maslahatchilari tinchlik muzokaralarini Kiyevga Amerika qurollari yetkazib berish bilan bog‘lashni taklif qilgan. Volodimir Zelenskiy Trampni Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini 24 soat ichida tugatish rejasi bilan bo‘lishishga chaqirdi.

«Agar Tramp bu urushni qanday tugatishni bilsa, bu haqda bizga bugun aytib berishi kerak, - dedi Ukraina prezidenti Bloomberg’ga bergan intervyusida. - Agar Ukraina mustaqilligi uchun xavflar bo‘lsa, davlatchiligimizni yo‘qotsak, biz bunga tayyor bo‘lishni xohlaymiz, biz buni bilishni xohlaymiz». Shu bilan birga, Zelenskiy Tramp va uning jamoasi bilan ularning takliflarini tinglash uchun uchrashishga «potensial tayyor» ekanligini aytdi: «Biz noyabr oyida AQSh tomonidan kuchli yordamga ega bo‘lamizmi yoki butunlay yolg‘iz qolamizmi, tushunmoqchimiz». 

Mavzuga oid